O'zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasi raisi Bahrom Sharipov va Moskva shahar Dumasi Parlamentlararo byurosining madaniy hamda tashqi iqtisodiy hamkorlik bo'yicha rahbari Marina Shmatova o'rtasida ipakchilik sohasidagi o'zaro hamkorlik aloqalari masalalari bo'yicha uchrashuv bo'lib o'tdi.
“O'zbekipaksanoat” uyushmasi axborot xizmatining ma'lumotiga ko'ra, mehmonga mamlakatimizda pillachilik sohasida olib borilayotgan islohotlar ko'lami hamda yurtimiz bo'ylab davom ettirilayotgan uchinchi va to'rtinchi pilla etishtirish jarayonlari tanishtirildi. Marina Shmatova kelgusida pillachilik sohasiga investitsiya kiritish yuzasidan o'z qiziqishini bildirib o'tdi.
Muloqotdan so'ng, O'zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga xom ipak, ipak momig'i va ipak mahsulotlarini buyurtma qilish maqsadida tashrif buyurgan rossiyalik vakil Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Surxon ipagi” MCHJ va “Inter silk pro” qo'shma korxonasi hamda Angor tumanidagi “Huashen Silkworm Pro” pilla qurti urug'ini yetishtirish korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bugungi kunda pillachilik sohasida 0 dan 100gacha zanjirsimon tizim yo'lga qo'yilganligiga guvoh bo'lganini alohida e'tirof etdi. Bu tizim orqali eng birinchi navbatda doimiy ravishda aholi bandligi ta'minlanayotgani, xususan, doimiy ishchilari 50 dan oshiqni tashkil qilsa, shartnoma asosida olti yuzdan ortiq uyda o'tirgan qishloq ayollari ipak qurti boqish bilan shug'ullanib keladi.
Shuningdek, Marina Shmatova Qumqo'rg'on tumanidagi “Silk town" MCHJ pillani qayta ishlash korxonasida, Denov tumanida tashkil etilgan “Sino silk” hamda Jarqo'rg'on tumanidagi “Silk village” pillani qayta ishlash korxonalar va qurilayotgan yangi invest loyihalar bilan ham qiziqdi.
Ma'lumki, O'zbekiston turizm sohasi salohiyatining ortishida ham yirik ipakchilik korxonalarining ulushi yuqori. Xususan, “Surxon ipagi” MCHJ tomonidan tashkil etilgan “Termiz Palace” mehmonxonasi hududdagi yuqori darajadagi xizmat ko'rsatish maskanlaridan sanaladi. Marina Shmatova Surxon diyorining turistik imkoniyatlari bilan tanishib, “O'zbekipaksanoat” uyushmasi bilan aynan bu borada ham hamkorlikni rivojlantirish ayni muddao bo'lishini ta'kidladi.
Ipak sanoati sohasiga tegishli turizm yo'nalishiga ham investorlarni jalb qilishga kelishib olindi.