Bu haqida Sirdaryo viloyati IIB xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 2 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hamda jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan holat — Sirdaryo viloyati IIB rahbar xodimi va uning yaqin qarindoshi ishtirokidagi huquqbuzarlik keskin muhokama qilindi. Ushbu holat xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va mansab mavqeyidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish ehtimolini ko‘rsatuvchi salbiy holat sifatida huquqiy baholandi.

Vazir o‘rinbosari Diyorbek Sattarov tomonidan huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan podpolkovnik Sherzod Pardaevning vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etilgani misolida, xizmat intizomini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik muqarrarligi prinsipi amalda ta’minlanishi shartligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mansab va lavozimdan qat’i nazar, xizmat intizomini buzgan har qanday xodimga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi davom ettirilishi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi ustidan ta’sirchan va tizimli nazorat o‘rnatish zarurligi yuzasidan rahbar xodimlarga aniq ko‘rsatmalar berildi.