Dunyoning iqtisodiy qiyofasi o'zgargani sari yosh avlodning moddiyat, yashash tarzi, turmush farovonligi borasidagi tushunchalari ham shunga mos ravishda shakllanib boradi. Masalan, bir necha o'n yillar oldin ota-onalarimizning orzu-havaslari, hayotiy ehtiyojlari bugungi avlodnikidan sezilarli farq qilgan. Aslida, taraqqiyotning rivojlanib borishi bilan birga, inson ehtiyojlarining ortib, moddiy manfaatdorligi o'sishi tabiiy hol. Bunga mos ravishda mamlakat iqtisodiyotining rivoji ham zaruriy talabga aylanmoqda.

Shu bois, dunyo davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining bugungi bosqichida integratsiyalashuv va globallashuv tobora kuchayib boryapti. Bunda har bir mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi, eng avvalo, hududda istiqomat qiladigan aholining iqtisodiy jihatdan ijtimoiylashgani, iqtisodiy tarbiyalangani hamda iqtisodiy yo'nalganligi darajasi bilan aniqlanadi. Davlatning iqtisodiy ta'lim borasidagi olib borayotgan siyosati, amalga oshirayotgan islohotlari, barcha ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishlarining yakuniy ko'rsatkichi, qisqacha aytganda, iqtisodiy bilimdonligi raqobatbardoshlikning ta'minlanishi bilan xarakterlanadi.

Gap, bugungi davr insonlarining iqtisodiy bilim va tushunchalarga ega bo'lishi, bu borada erkin qarorlar qabul qila olishi, jarayonga to'g'ri yondashuvi hamda buning uchun sharoitlar yaratish haqida bormoqda. Buni O'zbekistonning oxirgi yillardagi islohotlari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini erkinlashtirish borasidagi faol harakatlari misolida yaqqol ko'rish mumkin. Davlatimiz rahbarining har bir nutqi va asarlarida mulkdorlar sinfi, tadbirkorlar, kichik biznes, dehqon va fermer xo'jaliklari muammolariga alohida o'rin berilishi Yangi O'zbekiston fuqarolari shaxsida sotsial-iqtisodiy tarbiyani mustahkamlash, iqtisodiy tafakkurni shakllantirish, shaxs tuzilmasida iqtisodiy ong komponentlarining o'rni qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini isbotlaydi. Zero, bozor munosabatlariga o'tishda sodir bo'lishi mumkin bo'lgan sotsial-iqtisodiy tanazzulning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan iqtisodiy qoloqlikning o'rnini sog'lom g'oyalar, ilmiy asoslangan bilimlar, tushunchalar va dunyoqarash bilan to'ldirish ishbilarmon inson shaxsini shakllantirishdagi muhim vazifadir.

         Qadriyatlar yangicha iqtisodiy tafakkur bilan uyg'unlashmog'i lozim

Har bir oila — alohida davlat. Uning o'z iqtisodiy masalalari va turli yo'nalishdagi yechimlari bo'ladi. Iqtisodiy bilimga ega bo'lgan oila a'zolari turmush farovonligini oshirib, yuqori daromadni ta'minlay oladi. Bu borada savodxonligi yetarli bo'lmagan kishilar bor daromadni ham yo'qqa chiqarishi, moddiy resurslarni to'g'ri taqsimlay olmasligi, natijada kambag'allikka uchrashi mumkin.

Vaholanki, yurtimizda har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar, har sohada bo'sh ish o'rinlari yaratish, odamlarning ilm egallashi, kasb-hunar, tadbirkorlikka o'qitishga ko'maklashish orqali doimiy daromad manbaiga ega bo'lishlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylangan. Birgina o'tgan yilning o'zida kambag'allikni qisqartirish maqsadida 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etilib, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirilgani buning kichik bir misoli.

Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog'lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Ilg'or tajribalar asosida soliq va bojxona ma'murchiligi yengillashtirilyapti. Joriy yilda ham qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Buning hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida kamida 14 trillion so'm mablag' qolishi hisob-kitob qilingan. Tabiiyki, bu mablag' biznesni rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratish va ishchi-xodimlarning, demakki, aholining turmush farovonligi uchun yo'naltiriladi. YA'ni, fuqarolarning ta'lim olishi, munosib sharoitlarda mehnat qilib, daromad topishi uchun sharoit, imkoniyatlar yaratilyapti. Endi hamma gap, shu imkoniyatlardan to'g'ri va unumli foydalanishda. Buning uchun esa iqtisodiy bilim va ko'nikma zarur.

Ushbu bilimlarni berishda, avvalo, oila muhitiga tayanilishi rost. Ammo iqtisodiy ilm, savodxonlikni oshirishda, albatta, ta'lim tizimi katta o'ringa ega ekani ko'rinadi. Ayniqsa, Yangi O'zbekiston — intellektual millat shakllangan ma'rifiy mamlakat sifatida qaralayotgan bugungi davrda ushbu talab yanada dolzarbdir. Zero, mamlakatimizda ma'rifatparvar jadid bobolarimizning “Najot — ta'limda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan qanotli so'zlaridan kelib chiqib,  ta'lim sifatini yaxshilashga juda katta investitsiya kiritilyapti.

Bu haqda gap ketganda, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan sifatli qamrab olish darajasi 80 foizga etkazilib, 600 ming yangi bog'cha o'rni yaratilgani, Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma'qullangan “A-level” ta'lim dasturi yo'lga qo'yilgani, 198 ta oliygohdan 41 ta institutga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani, talabalar uchun imtiyozli ta'lim kreditlariga resurslar ikki baravar ko'paytirilgani, olimlarning ish haqi 4,5 baravar oshirilganini alohida ta'kidlash joiz.

Ushbu sa'y-harakatlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Chunki ta'lim sifatini oshirish — Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to'g'ri yo'li sifatida tanlab olingan. Shu tariqa Uchinchi Renessans bunyod etishga qodir intellektual millatni tarbiyalash va shakllantirish yo'lida mustahkam poydevor qo'yilyapti.

Bu jarayonda yosh avlodda iqtisodiy bilimlarni shakllantirish ham ta'lim zaruratlaridan biriga aylanmoqda. Shu kabi ilmlarni berishni bolalardan boshlash to'g'ri bo'ladi. Ya'ni, o'quvchilarning kichik yoshidanoq  iqtisodiy tafakkurni, sotsial-iqtisodiy hayotga faol munosabatni shakllantirish, ishbilarmon, ruhan tetik fuqarolarni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bugungi kun talabidir. Gap shundaki, bolalar har qanday yangi sharoitga tez va oson moslashuvchan bo'lishadi. Lekin muttasil o'zgarishlarga asoslanadigan bozor iqtisodiyoti, ya'ni mulkiy munosabatlar sharoitiga-chi?

Bu borada olib borilayotgan eng so'nggi tadqiqotlar iqtisodiy psixologiya predmetini aniqlashga daxldor ayrim yangilanishlarni taqozo etmoqda. Bilamizki, iqtisodiyot — murakkab, ko'pyoqlamali tizim hisoblanib, odatda uning tub mohiyati yosh bola uchun qorong'u sanaladi. Sababi bolalar turli xil iqtisodiyot modellariga xos jarayonlarni o'z dunyoqarashi va qobiliyatidan kelib chiqqan holda idrok qilishadi. Ular bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o'tish davrida yuzaga keladigan sotsial-iqtisodiy shart-sharoitlar jarayonida o'zlari uchun mutloqo yangi bo'lgan iqtisodiy voqelik va muammolar bilan to'qnash kelib, yangicha hayotiy faoliyat sharoitlariga ko'nikma hosil qilish zaruratini anglab borishadi. Ushbu jarayon mohiyatini yoritishda muammoning yechimi “iqtisodiy ijtimoiylashuv” tushunchasining mazmuniga borib taqaladi.

Iqtisodiy ijtimoiylashuv jarayonida yigitlar faoliyatda o'zini rivojlantirish istagi va muvaffaqiyatga erishish motivatsiyasining yuqori darajasini kuzatsak, jamiyatimizda olib borilayotgan gender siyosat va xotin-qizlarga bo'lgan yuksak e'tibor qizlarimiz xatti-harakatlarida “etakchilik, peshqadamlilik”ga xos xususiyatlar rivojlanib borayotganligini ko'rsatadi.

Yetuk yoshdagi avlod vakillari maqcadidagi kacbiy jihatdan o'zini namoyon qilish va ish faoliyatiga yo'nalganlikning uctuvorligi, o'zini o'zi va imkoniyatlarini to'g'ri baholash hicobiga farzandlarida “ijtimoiy uctanovkalar — hayotiy qoidalar — pulga bo'lgan munocabat” tizimini shakllanishiga zamin yaratishgan. Bu ko'nikmalar yoshlarda ham o'xshash bo'lib, natijada yigit-qizlarning iqticodiy jihatdan ijtimoiylashgani hamda iqticodiy cavodxonlik darajaci ortib borayotganini ko'rishimiz mumkin.

Iqtisodiy tarbiya orqali dunyoni anglash

Tadqiqotlarimizda o'smir o'quvchilarga “Pulning bizni hayotimizdagi o'rni” mavzuida insho yozish vazifasini berdik. Qizig'i, insholar tahlili jarayonida ba'zi o'quvchilarning fikrlari bizni hayron qoldirdi. Masalan, a'lochi o'quvchilardan biri “...har bir insonda yuqori yoki past darajadagi pulga bo'lgan intilish va unga hukumronlik qilish hissi yashirin tarzda mavjud bo'ladi”, deb mulohaza yuritgan bo'lsa, boshqa bir o'quvchi “...inson hamisha boyishga intilib keladi va u qanchalik boyisa, shunchalik yanada ko'proq boyishni istaydi. Bugungi hayotimiz pul va yolg'ondan iboratdir”, degan fikrni bildirgan.

Ana shu ikki insho natijasiga asoslanadigan bo'lsak, bir qancha savollar tug'ilishi tabiiy: bolalar iqtisodiy tasavvurlar haqida nimalar bilishadi? Ular qaysi yoshda va qanday holatda bu bilimlarni o'zlashtirishadi? Bu jarayonning shakllanishiga sotsial-iqtisodiy muhit qanday ta'sir qiladi?

Mazkur savollarga javob topish dunyo hamjamiyati boshidan kechirayotgan globallashuv sharoitida muhim ahamiyatga ega dolzarb muammolardan biridir. Sababi, iqtisodiy ijtimoiylashuv muammosiga bugun har qadamda nafaqat bolalar, balki kattalarning o'zlari ham duch kelishmoqda. Bolalarning ushbu muammo doirasidagi xatti-harakatlariga biz kattalarning aralashuvimiz ba'zan ijobiy natijalarga olib borayotgan bo'lsa, gohida salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo'lmoqda.

Savol tug'iladi, xo'sh ota-onaning bola tarbiyasiga shu tarzda yondashuvi uning iqtisodiy ijtimoiylashuviga qanday ta'sir qiladi, ijobiymi yoki salbiy? Yana o'smirlarning inshodagi fikr-mulohazalariga diqqat-e'tiborni qaratamiz. Insholarda qayd etilgan ayrim gaplar nafaqat o'quvchi, balki mutaxassisni ham fikrlashga majbur etadi. Masalan, “Onamning aytishicha, faqat kambag'allargina jannatga tushishar ekan”, “Dadam aytdilar: faqatgina nopok yo'l bilan boyib ketish mumkin”, “Pulimiz ko'pligini hech kimga aytma, deb ota-onam qattiq tayinlaganlar, bo'lmasa boshimiz tashvishdan chiqmas ekan”, “Ota-onamning aytishlaricha, biz boy bo'lganligimiz uchun o'rtoqlarim men bilan do'stlashadi, agar biz kambag'al bo'lsak, men bilan hech kim do'stlashmaydi”, “Ota-onamning aytishlaricha, pul ishlab topishning sir-asrorlari bor, lekin bizning oilamizda buni hech kim bilmas ekan. Shuning uchun boshqalar pul topishga usta, bizda esa bunday imkoniyat yo'q” va hokazo.

Ko'ryapsizmi, jamiyatimizga xos bunday fikrlar ongimizga qadriyat darajasida singib ketgan va undan xalos bo'lish qo'rqinchlidek tuyuladi. Vaholanki, inson moddiy farovonlikka bo'lgan qarashlarini o'zgartirmas ekan, haqiqiy iqtisodiy erkinlikni his eta olmaydi. Pulga bo'lgan munosabat to'g'ri shakllangandagina, uni sarflash va samarali taqsimlash ko'nikmasi oshib boradi.

Yangi O'zbekistonda yangicha iqtisodiy tafakkur 

Shaxs voyaga yetayotgan konkret muhitning moddiy mustaqilligi ko'p jihatdan o'smir va ilk o'spirin yoshidagi fuqarolarning iqtisodiy munosabatlarga yo'nalganligi bilan o'lchanadi. Buni beshta mezon — iqtisodiy ta'lim, iqtisodiy savodxonlik, iqtisodiy tayyorgarlik, iqtisodiy tafakkur va iqtisodiy tarbiyalanganlik darajalari yordamida aniqlash mumkin.

Taqqoslash uchun, 2012-yildagi tadqiqotlarimiz natijalarini yodga olaylik. O'shanda maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalar “banknotning rangi”, “banknotdagi rasmning mazmuni”, “banknotda ifodalangan shaxsning yuz qiyofasi” va “banknot qiymatining aniq va ravshanligi” kabi to'rtta asosiy xususiyatga ko'ra pulni idrok etishib, iqtisodiy ijtimoiylashganlik darajasini namoyon qilishgan. Shahar va qishloq joylarda yashaydigan respondentlar o'rtasida o'tkazilgan mazkur tadqiqot pulning yuqoridagi to'rtta xususiyatiga ko'ra bolalarning iqtisodiy ijtimoiylashuvda ayrim tafovutlar keltirib chiqarishini tasdiqlaydi hamda bunga mezoomillarning o'ziga xos ta'siri borligini ko'rsatadi. Masalan, “banknotning rangi”, “banknotdagi rasmning mazmuni”, “banknotda ifodalangan shaxsning yuz qiyofasi” kabi uchta xususiyatini qishloqda istiqomat qiladigan bolalar shaharda yashaydigan tengqurlariga nisbatan ko'proq e'tirof etishdi. Faqat bitta “banknot qiymatining aniq va ravshanligi” xususiyatini idrok etishda shaharliklar qishloqdagi tengurqurlarini ortda qoldirishdi. Aniqlanilishicha, har ikkala toifa maktabgacha yoshdagi bolalar pulni idrok etishayotganda asosiy e'tiborlarini uning rangiga qaratishar ekan.

Xuddi shunday tadqiqotni o'tgan yili ham o'tkazdik. Umumiy sinovlarimizda maktabgacha va kichik maktab yoshidagi shaharlik va qishloqlik bolalar ishtirok etishdi. Respondentlar yuqoridagi kabi to'rtta asosiy xususiyatga ko'ra pulni idrok etib, iqtisodiy ijtimoiylashganlik darajasini namoyon qildi. Ularda katta avlod vakillaridan farqli tarzda, “banknotda ifodalangan shaxsning yuz qiyofasi”ni idrok etish o'rniga “banknotning jozibadorligi”ni his etish mezoni yuqoriroq ekan. Ammo har ikkala avlod vakillari tomonidan 1000 so'mlik banknot eng jozibasiz “oq pul” tarzida idrok etilib, bolalar tomonidan uni jamg'arish vositasi sifatida qaralmasligi oydinlashdi. Hozirgi avlod bolalariga eng maqbuli “100 ming so'mlik banknot” ekan. Gap shundaki, ular pullarning rasmlari, rangiga ko'proq e'tibor qaratib, shu asosida o'zlariga yoqqanini tanlaydilar.

Umuman, bunday tadqiqotlar yosh avlodning moddiyat, iqtisodiy farovonlikka munosabatini aniqlab, bu boradagi muammolarga echim izlashga xizmat qiladi. Boisi, shaxs nafaqat oilada, balki pedagogik ta'lim klasterlarida beriladigan iqtisodiy tarbiyani o'zlashtirish orqali iqtisodiy ijtimoiylashuv jarayonining sub'ektiga aylanadi. Bu jarayonning ta'sirida birinchidan, u iqtisodiy munosabatlarga, jumladan, oila iqtisodi va byudjetini tuzishga tayyorlanadi, iqtisodiy ongi shakllanib boradi, ikkinchidan, bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiy tafakkuri teranlashib, jamiyat uchun foydali sanaladigan maqsadga muvofiq xulq sohibiga aylanadi.

 

Navbahor UMAROVA,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
kafedra mudiri, psixologiya fanlari doktori

(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 24.05.23-y, 100-sonida e'lon qilindi)