Iqtisodiy muammolar hal etilishi – Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatish uchun muhim asos

    Prezidentimiz Afgʻonistondagi murakkab vaziyatning saqlanib qolayotganiga urgʻu berib, afgʻon xalqiga tegishli yordam koʻrsatish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkmanistonning Ashxobod shahrida tashkil etilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) navbatdagi 15-sammitida ishtirok etib, tashkilot doirasida koʻptomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surish bilan bir qatorda, bugungi kunda nafaqat mintaqa, balki xalqaro xavfsizlikni taʼminlashda oʻta dolzarb boʻlgan Afgʻonistondagi vaziyatga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    Prezidentimizning IHT davlat aʼzolari eʼtiborini Afgʻonistondagi vaziyatga qaratgani, bu – eng avvalo, Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan doʻstona, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga sodiq ekanining yana bir amaldagi misoli.

    Ikkinchidan, bugun IHTga aʼzo 10 davlatdan, agar Afgʻonistonni oʻzini hisobga olmay aytsak, demak 9 ta aʼzodan 5 tasi bevosita Afgʻoniston bilan chegaradosh davlatlar hisoblanadi. Qolganlari esa Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish ishlarida faol ishtirok etadigan davlatlardir. Yaʼni bu Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti afgʻon inqirozini bartaraf etishda muhim muloqot maydoni ekanini koʻrsatadi.

    Afgʻonistonda hokimiyat tepasiga Tolibon harakati vakillari kelishi tashqi aloqalarning uzilishi, Afgʻoniston byudjetining 70 foizini shakllantiradigan tashqi moliyaviy yordamning toʻxtashiga olib keldi.

    Bundan tashqari, Afgʻonistonning xorijiy banklaridagi umumiy miqdori 9 mlrd. dollar boʻlgan davlat aktivlari ham muzlatib qoʻyilgan.

    Mamlakatda soʻnggi 4 yil ichida kuzatilayotgan ikkinchi qurgʻoqchilik iqtisodiy vaziyatning yanada ogʻirlashishiga sabab boʻldi. Bu qurgʻoqchilik Afgʻonistonning 34 viloyatidan 22 tasini qamrab oldi. Natijada qishloq xoʻjaligi hosilining 40 foizi nobud boʻldi. Agar afgʻon xalqining 74 foizi qishloqlarda yashashini inobatga olsak, bu qanday katta talofat ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

    BMT maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat yaxshilanmasa Afgʻoniston aholisining 95 foizi, yaʼni 38 million kishi qashshoqlik holatiga tushib qolishi mumkin. 23 million kishi hozirgi kunda toʻyib ovqatlanmaslik muammosiga duch kelgan. Achinarlisi bularning 3,2 milliontasi 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni tashkil qiladi, ularning 1 millioni ocharchilikdan vafot etish xavfi ostida turibdi.

    BMT maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda Afgʻoniston aholisini qisman oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun bir oylik xarajat 220 million dollar mablagʻni talab etadi. Tabiiyki bunday mushkul vazifani Afgʻoniston mustaqil ravishda oʻzi hal eta olmaydi.

    Shu munosbat bilan BMT Oziq–ovqat dasturi boshligʻi Devid Bizli Afgʻonistondagi bunday ayanchli holatga baho berar ekan, u Afgʻonistonda dunyodagi eng talofatli gumanitar inqiroz boʻlishi mumkin, deydi.

    Bu masalaning bir tomoni. Iqtisodiy-ijtimoiy holatning yomonlashishi bevosita xavfsizlik bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, ish oʻrinlari boʻlmagani sabab afgʻon aholisi kun oʻtkazish maqsadida turli terroristik guruhlarga qoʻshilib ketishi mumkin.

    Bugun Afgʻonistonda BMT xavfsizlik kengashi roʻyxatiga kiritilgan 28 terroristik tashkilotlardan 22 tasi faoliyat olib boradi.

    Ikkinchidan, ishsiz, oziq-ovqatsiz qolgan aholi noqonuniy qurol-yarogʻ va giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan band boʻlishi mumkin. Xalqaro ittifoqchi davlatlar harbiy kuchlarining chiqib ketganidan soʻng Afgʻonistonda umumiy qiymati 83 milliard dollar boʻlgan qurol-yarogʻ qolib ketdi.

    Uchinchidan, gumanitar inqiroz qochoqlar oqimining oshishiga olib keladi. Bugungi kunda Eron va Pokistonda 3 millionga yaqin qochoqlar mavjud. Agar Afgʻonistonning Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari kesishmasida joylashganini inobatga olsak, Afgʻonistonda boʻlishi kutilayotgan gumanitar inqiroz yuqoridagi mintaqalarda xavfsizlik, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkin.

    Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqadigan boʻlsak, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi nafaqat Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti aʼzolarining, balki Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish tarafdori boʻlgan boshqa yetakchi davlatlarning ham manfaatlariga javob beradi.

    Prezidentimiz afgʻon xalqiga iqtisodiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi tashabbusining amalda tatbiq etilishi Afgʻonistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik oʻrnatish uchun muhim asos yaratadi. Iqtisodiy va ijtimoiy holat yaxshilanmas ekan, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish uzoq istiqboldagi masala boʻlib qolaveradi.

    Baxtiyor Mustafoyev,

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori oʻrinbosari