Soʻnggi toʻqqiz yilda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan islohotlar aynan joriy yilda bir nuqtada tutashib, iqtisodiy oʻsishning yangi manbalari, yangicha mazmuni va falsafasini shakllantirdi.

Bu yil iqtisodiy jarayonlarni faqat yalpi raqamlar orqali baholash yetarli emas. Asosiy savol shunda: bu oʻsish qayer­dan kelyapti, qanday manbalar hisobidan taʼminlanmoqda va u qanchalik barqaror? Ana shu savollarga javob berish 2025-yil iqtisodiyotini anglash kalitidir.

Joriy yilning toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 7,6 foiz oʻsdi. 2025-yilning yanvar-noyabr oyla­rida tashqi savdo aylanmasi 72,8 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan qariyb 22 foiz oshdi. Jumladan, eksport hajmi 30,9 milliard dollarga yetib, 26,2 foiz oʻsishni qayd etdi. Import esa 41,8 milliard dollarga yetib, 18,7 foiz koʻpaydi. Mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoy hissasiga toʻgʻri keldi (20,1 foiz). Undan keyingi oʻrin­larni Rossiya (16,2 foiz), Qozogʻiston (6 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya Respublikasi (2,2 foiz) egalladi.

Bu koʻrsatkichlar oʻtgan yilning shu dav­ridagi oʻsishdan sezilarli darajada yuqo­ri. Bir qarashda bu navbatdagi ijobiy statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo iqtisodchi nuqtayi nazari bilan qaralganda, ushbu oʻsishning sifat tarkibi ancha muhim.

Avvalgi yillarda iqtisodiy oʻsish koʻp jihatdan ichki isteʼmolni ragʻbatlantirish, byudjet xarajatlarini kengaytirish, ayrim tarmoqlarda bir martalik faollik hisobi­ga taʼminlangan edi. 2025-yilda esa manzara oʻzgardi. Oʻsish investitsiya, ishlab chiqarish va xizmatlar sektoridagi barqaror faollik orqali shakllanmoqda. Bu esa iqtisodiy oʻsishni qisqa muddatli emas, balki oʻrta va uzoq muddatli trayektoriyaga chiqarayotgan asosiy omildir. 2025-yil iqtisodiy siyosa­tining eng muhim yutuqlaridan biri — makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori oʻsish oʻrtasida nozik muvozanatga erishilgani.

Joriy yil 1-noyabr holatiga koʻra, yil­lik inflyatsiya darajasi 7,8 foizga tushdi. Bu oʻtgan yildagi 10,2 foiz bilan solishtir­ganda jiddiy pasayishdir. Muhimi, in­flyatsiya pasayishi iqtisodiy faollikning susayishi hisobiga emas, balki pul-kredit siyosati va taklifni kengaytirish choralari­ning uygʻunligi orqali taʼminlandi.

Markaziy bank yuritayotgan qatʼiy, bi­roq muvozanatli pul-kredit siyosati in­flyatsiya kutilmalarini barqarorlashtirdi, milliy valyutaning ichki barqarorligini mustahkamladi, biznes uchun prognoz qili­nadigan muhit yaratdi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotda likvid­lik yetarli darajada saqlanib, investitsiya va kredit faolligi cheklanmadi. Bu holat koʻp mamlakatlar uchun mushkul vazifa hisoblangan “oʻsish va barqarorlik dilemmasi” yurtimizda amaliy yechim topayotganini koʻr­satadi.

2025-yildagi iqtisodiyotning yana bir muhim xususiyati oʻsish manbalari diversifi­katsiya qilinayotganidir. Joriy yilda iqtiso­diy oʻsish deyarli barcha asosiy tarmoqlar hi­sobiga taʼminlandi. Sanoat hajmi 6,8 foiz oshib, YAIM oʻsishiga 1,7 foiz punkt hissa qoʻsh­di. Ayniqsa, qayta ishlash sanoatining ulushi 85 foizdan oshgani qoʻshilgan qiymat yaratish siyosati samara berayotganini koʻrsatadi.

Qishloq xoʻjaligi 4,1 foiz oʻsdi. Bu natija faqat ob-havo bilan emas, balki agrotexnolo­giyalar, klaster tizimi va mehnat unumdorli­gining oshishi bilan bogʻliq.

Qurilish sohasi 14,2 foiz oʻsishni qayd etdi. Infratuzilma va uy-joy qurilishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun kuchli multiplikativ taʼsir koʻrsatmoqda. Xizmat­lar sektori 14 foiz oʻsish bilan iqtisodiyot­ning asosiy lokomotiviga aylandi va YAIM oʻsishiga 4 foiz punkt hissa qoʻshdi.

Raqamlar iqtisodiy oʻsish bir yoki ikki tar­moqqa bogʻlanib qolmayotgani, balki iqtisodi­yotning ichki tuzilmasi mustahkamlanayotgani­ni koʻrsatadi.

Bu modelning asosiy belgilarini xomashyodan qoʻshilgan qiymatga oʻtish, davlat ishti­rokidan xususiy sektor faolligiga tayanish, ijtimoiy siyosatni iqtisodiy siyosat bilan integratsiya qilish, innovatsiya va raqamlashti­rishni oʻsish drayveriga aylantirish koʻrini­shida ifodalash mumkin. Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston uchun faqat iqtisodiy koʻr­satkichlar yaxshilangan yil emas, balki iqti­sodiy fikrlash oʻzgargan yil sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Iqtisodiyotda bunday qoida bor: tez oʻsish koʻpincha inflyatsiyani, qatʼiy barqarorlik esa sustlikni olib keladi. Koʻp mamlakatlar aynan shu ikki tanlov oʻrtasida qolib ketadi. 2025-yil yurtimiz uchun esa ushbu anʼanaviy zid­diyatni yengish yoʻlidagi amaliy tajriba yili boʻldi. Joriy yil iqtisodiy siyosatining eng muhim natijasi shundaki, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsish bir-birini inkor etuvchi emas, balki oʻzaro toʻldiruvchi ja­rayonlar sifatida namoyon boʻldi.

Yuqorida qayd etganimizdek, 2025-yil 1-noyabr holatiga koʻra, yillik inflyatsiya dara­jasi 7,8 foizni tashkil etdi. Bu raqam quruq statistika emas. Uning ortida aholi uchun xa­rid qobiliyati, tadbirkor uchun prognoz, investor uchun ishonch turibdi.

Oʻtgan yil inflyatsiya 10 foizdan yuqori boʻl­gan sharoitda narxlar tez oʻzgardi, biznesni rejalashtirish qiyinlashdi, aholi real da­romadlariga bosim kuchaydi. 2025-yilda esa vaziyat oʻzgardi. Inflyatsiya pasayishi orqali iqtisodiyotda ishonch muhiti shakllana boshla­di. Bu esa iqtisodiy oʻsishning eng muhim, ammo koʻpincha koʻzga koʻrinmaydigan shartidir. Muhimi, inflyatsiyani pasaytirish “iqtisodiy tormoz” hisobiga emas, aksincha, toʻgʻri tanlan­gan siyosat orqali amalga oshirildi.

Markaziy bank 2025-yilda pul-kredit siyo­satini “qattiqlashtirish yoki yumshatish” kabi sodda tanlov doirasida emas, balki balans sanʼati sifatida yuritdi. Bir jihatdan or­tiqcha pul massasi cheklandi, inflyatsiya kutil­malari nazoratga olindi, foiz stavkalari bo­zor uchun tushunarli koridorda ushlab turildi.

Ikkinchi tomondan esa iqtisodiyotda lik­vidlik tanqisligiga yoʻl qoʻyilmadi, kredit­lash keskin qisqarmadi, investitsiya faolligi saqlab qolindi. Bu yondashuv iqtisodiy siyosat­da muhim tamoyilni namoyon qildi. Maqsad inflyatsiyani har qanday narx evaziga tushirish emas, uni iqtisodiy oʻsishga zarar yetkazmagan holda nazorat qilishdir.

Inflyatsiya pasayishi milliy valyutaning ichki barqarorligiga ham ijobiy taʼsir koʻr­satdi. Valyuta kursining keskin tebranishi kamaydi. Bu esa tashqi savdo, investitsiya va biznes qarorlariga ijobiy signal boʻldi. Ayniqsa, xususiy sektor uchun valyuta barqa­rorligi import uskunalarini rejalashtirish, eksport shartnomalarini uzoq muddatli tuzish, tashqi qarzlarni boshqarish imkoniyatlarini kengaytirdi. Bu jihatdan 2025-yil iqtisodi­yotda uzoq muddatli fikrlash uchun asos yaratgan yil boʻldi.

Davlat byudjeti ham anʼanaviy “xara­jatlar smetasi”dan iqtisodiy rivojlanish instrumentiga aylana boshladi. Davlat xa­rajatlarida ustuvor yoʻnalishlar aniq bel­gilab olindi. Byudjet mablagʻlari isteʼ­molni sunʼiy ragʻbatlantirishga emas, balki taklifni kengaytirishga yoʻnaltirildi. Bu esa inflyatsiyani pasaytirishga ham, iqtiso­diy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga ham xizmat qildi.

Erishilgan makroiqtisodiy muvozanat kel­gusi yillar uchun mustahkam poydevor vazifa­sini bajarmoqda. Inflyatsiyani 2026-yilda 7 foiz, 2027-yilda esa 5 foiz atrofida ushlab turish rejalari shunchaki deklaratsiya emas. Bu rejalar taklifni oshirish, raqobatni kuchay­tirish, xususiy sektor faolligini kengayti­rish orqali roʻyobga chiqarilishi koʻzda tutil­gan. Shu maʼnoda, 2025-yil makroiqtisodiy siyosatni strategik boshqarishga oʻtish yili boʻldi.

Eng muhim jihat raqamlarda emas. Eng muhim oʻzgarish iqtisodiy siyosat falsafasi­da. Agar avval “oʻsish uchun barqarorlikdan voz kechish” yoki “barqarorlik uchun oʻsishni qurbon qilish” degan qarashlar mavjud boʻlgan boʻlsa, 2025-yil bu stereotipni buzdi. Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, toʻgʻri yoʻnalishdagi institut­lar, hisob-kitobli siyosat hamda bozor mexa­nizmlari orqali oʻsish va barqarorlikni bir vaqtda taʼminlash mumkin.

Agar 2025-yil iqtisodiyotini bitta ibora bilan ifodalash kerak boʻlsa, uni “investi­siya fikrlashi oʻzgargan yil” deb atash mum­kin. Chunki joriy yilda investitsiya siyosati miqdor ortidan quvishdan voz kechib, sifat, samaradorlik va iqtisodiyotga real taʼsir mezonlariga oʻtdi. Endi savol “Qancha mablagʻ kirdi?” emas, balki “Qaysi sohalarga, qanday shartlarda va qanday natija bilan kirdi?” de­gan mazmunda qoʻyilmoqda. Bu esa investitsiya siyosatining mutlaqo yangi bosqichga chiqqanini koʻrsatadi.

Yanvar-sentyabr oylarida markazlashma­gan manbalar hisobidan asosiy kapitalga 400 trillion soʻmdan ortiq investitsiya oʻzlashti­rildi. Bu koʻrsatkich soʻnggi toʻrt yilda deyarli uch barobar oʻsgan. Bir qarashda mazkur rekord raqamlar navbatdagisidek tuyulishi mumkin. Ammo iqtisodchi nuqtayi nazaridan qaraganda eng muhim jihat koʻrinadi: bu investitsiya manbalarining tarkibi oʻzgarganidir.

Avval davlat byudjeti, davlat kafolatida­gi loyihalar, yirik infratuzilma dasturlari asosiy oʻrin egallagan boʻlsa, 2025-yilga ke­lib vaziyat oʻzgardi. Investitsiya jarayonining markazida xususiy sektor, tijorat banklari, xorijiy investorlar turibdi. Bu esa iqti­sodiyotda davlatning maqomi toʻgʻridan toʻgʻri ishtirokchidan sharoit yaratuvchi va qoidalar belgilab beruvchiga aylanayotganini anglatadi.

Tijorat banklari tomonidan iqtisodiyot­ga ajratilgan kreditlar hajmi 450 trillion soʻmga yaqinlashdi. Bu raqam faqat moliyaviy koʻrsatkich emas, balki iqtisodiy faollik­ning qay darajada ekanini koʻrsatuvchi indi­katordir. Muhimi, ushbu kreditlarning katta qismi mikro, kichik, oʻrta biznes subyektlari­ga yoʻnaltirildi. Yaʼni investitsiya faolligi faqat yirik korxonalar bilan cheklanib qol­madi, iqtisodiyotning “qon tomirlari” boʻlgan minglab tadbirkorlar orqali tarqaldi. Bu jarayon iqtisodiy oʻsishning inklyuziv xarak­ter kasb etishiga xizmat qildi. Investitsiya iqtisodiyotning tor segmentlarida emas, balki keng qatlamlarida ish boshladi. Xususiy sek­tor investitsiya jarayonida faqat mablagʻ kiri­tuvchi emas, iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon boʻldi.

Natijada xususiy biznes ishlab chiqarish­ni modernizatsiya qilmoqda, raqamli texno­logiyalarni joriy etmoqda, eksportga yoʻnal­gan mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻtmoqda. Eʼtiborlisi, xususiy investitsiyalar nafaqat yangi korxonalar ochishga, balki mavjud ishlab chiqarishlarni sifat jihatdan yangilashga qaratilmoqda. Bu esa iqtisodiyotda “qurish” bilan birga “takomillashtirish” jarayoni ketayotganini anglatadi.

Joriy yil oxiriga kelib, chet el investi­siyasi ishtirokidagi korxonalar soni 17 ming 900 tadan oshdi. Mazkur koʻrsatkich soʻnggi besh yilda qariyb ikki barobar oʻsgan. Bu yerda gap faqat sarmoya qiymatida emas. Xorijiy investitsiya bu texnologiya, boshqaruv madaniyati, eksport bozorlariga chiqish imkoniyati degani. Shu maʼnoda, har bir xorijiy investor iqti­sodiyot uchun qoʻshimcha bilim va tajriba man­baidir.

Eʼtiborli jihati shundaki, xorij sarmoyasi asosan sanoat, qurilish, axborot-kommuni­katsiya, xizmatlar sohalariga kirib kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotning kelajakdagi oʻsish nuqtalari aynan shu sohalarda koʻrilayotga­nini anglatadi. Investitsiya siyosatidagi yana bir muhim oʻzgarish muhitga eʼtibor kuchay­ganidadir. Investor uchun faqat imtiyozlar emas, balki qonun ustuvorligi, prognoz qi­linadigan siyosat, barqaror makroiqtisodiy muhit hal qiluvchi omilga aylandi. Bu borada valyuta liberallashuvi, kapital harakatining erkinlashishi, bank tizimidagi islohotlar va raqamlashtirish investitsiya muhitini sifat jihatdan yaxshiladi.

Shu maʼnoda, 2025-yilni Oʻzbekiston uchun investitsiya iqtisodiyoti poydevori qoʻyilgan yil deb atash mumkin. Bu yil investitsiyalar iqtisodiy oʻsishni tezlashtirdi, tarmoqlarni modernizatsiya qildi, xususiy sektorni faol­lashtirdi, kelgusi 5-10 yillik rivoji uchun zamin hozirladi. Eng muhimi, investitsiya siyosati iqtisodiy islohotlarning asosiy ha­rakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti haqida gap ketganda, uzoq yillar davomida bitta savol takrorlanib kelgan: biz xomashyo sotuvchisimi yoki tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi davlat? 2025-yil ana shu savolga amalda javob berila boshlangan yil boʻldi. Bu yil sanoat tarmogʻi uchun oʻsish va sifat jihatdan yangilanish davri boshlandi. Ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, qoʻshilgan qiymat yaratish asosiy maqsad­ga aylandi.

Yakunlanayotgan yilning toʻqqiz oyida sa­noat ishlab chiqarishi 6,8 foiz oʻsdi. Ayrim­lar bu raqamni avvalgi yillardagi koʻrsatkich bilan solishtirib, “surʼat sekinlashdimi?” degan savolni qoʻyadi. Ammo iqtisodiy tahlil bu yerda masala surʼatda emas, tarkibda ekani­ni koʻrsatdi. Eʼtiborlisi, sanoat oʻsishining 85 foizdan ortigʻi qayta ishlash sanoati his­sasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz xomashyoga bogʻliq oʻsishdan chiqib, tayyor mahsu­lotga asoslangan sanoat modelini shakllanti­ra boshladi degan muhim xulosani chiqarishga asos boʻladi. Toʻgʻri, bu jarayon bir yilda amal­ga oshmaydi. Ammo 2025-yilda aynan shu yoʻlga qatʼiy qadam qoʻyildi.

Metallurgiya ham sanoatning tayanch ustun­laridan biri boʻlib qoldi. Yanvar-oktyabr oylarida metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 184 trillion soʻmdan oshdi. Navoiy va Toshkent viloyati ushbu sohada yetak­chi hududlar sifatida shakllanib, mamlakat sa­noat salohiyatining muhim qismini taʼminla­di. Biroq bu yerda asosiy oʻzgarish raqamlarda emas. Asosiy burilish metallurgiyaning funk­siyasi oʻzgarganida. Agar avval metallurgiya xom metall ishlab chiqarish, eksport uchun yarim tayyor mahsulot tayyorlash bilan cheklangan boʻl­sa, joriy yilga kelib, metall konstruksiyalar, mashinasozlik uchun butlovchi qismlar, qurilish va sanoat uskunalari ishlab chiqarish kengaymoqda. Yaʼni metallurgiya sanoat zanji­rining boshlangʻich nuqtasidan uning markaziy boʻgʻiniga aylanmoqda.

Soʻnggi yillarda mashinasozlik sohasi iqtisodiyotimizda strategik yoʻnalish sifati­da qayta shakllanmoqda. 2025-yilda bu sohada ikki muhim tendensiya yaqqol koʻzga tashlandi. Birinchidan, import oʻrnini bosish siyosati chuqurlashdi. Ilgari toʻliq import qilinadi­gan koʻplab butlovchi qismlar endi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarila boshla­di. Bu nafaqat valyutani tejash, shu bilan bir­ga, mahalliy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, ayrim segmentlarda eksport­ga yoʻnaltirilgan mahsulotlar paydo boʻldi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika va qishloq xoʻjaligi texnikasida mahalliy ishlab chiqa­ruvchilar qoʻshni bozorlarga chiqa boshladi. Bu mashinasozlikni ichki bozorga xizmat qiluvchi tarmoqdan mintaqaviy raqobatchiga aylanti­rish sari tashlangan qadamdir.

Qurilish sohasidagi jadal oʻsish qurilish materiallari sanoati uchun kuchli ichki talab yaratdi. Sement, shisha, metall konstruksiyalar, polimer mahsulotlarga ehtiyoj keskin oshdi. Mazkur holat qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun ikki imkoniyatni ochdi, yaʼni ichki bozorni toʻyintirish, qoʻshni davlat­larga eksportni kengaytirish.

Sohada xususiy korxonalar ulushi tez oʻsmoqda. Yangi zavodlar, modernizatsiya qilin­gan ishlab chiqarish quvvatlari raqobat muhi­tini kuchaytirib, mahsulot sifati va narx barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Sanoat rivojida hududiy ixtisoslashuv tendensiyalari yanada aniqlashdi. Bugun mamla­kat xaritasida sanoat faqat poytaxt atrofida jamlanib qolmayapti. Navoiy viloyati metal­lurgiya va kimyo, Fargʻona vodiysi yengil sanoat va mashinasozlik, Toshkent shahri va viloyati yuqori texnologik ishlab chiqarish va elektrotexnika markazlariga aylanib bormoqda. Bu jarayon hududlar oʻrtasida sogʻlom raqobat­ni shakllantirib, logistika xarajatlarini qisqartirish va ishlab chiqarish samarador­ligini oshirishga xizmat qilyapti. Shu bilan birga, ayrim hududlarda sanoat infratuzil­masini yanada kuchaytirish zarurati saqlanib qolmoqda.

Sanoatdagi eng muhim, ammo kam koʻrina­digan oʻzgarish raqamlashtirish boshlangani­dir. Koʻplab korxonalarda energiya samarador texnologiyalar, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, raqamli hisob va nazorat mexa­nizmlari joriy etildi. Ayrim yirik kor­xonalarda sunʼiy intellekt elementlaridan foydalanish tajribasi boshlandi. Bu hali keng ommaviy bosqichga chiqmagan boʻlsa-da, uning strategik ahamiyati juda katta. Yaʼni bu jarayonda sanoat xarajatlarini kamaytirish, mahsulot sifati va xavfsizligini oshirish imkoniyati paydo boʻlmoqda. Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston sanoati uchun burilish nuqta­si boʻldi. Bu yil qayta ishlash ulushi oshdi, mahalliylashtirish koʻlami kengaydi, xusu­siy sektor faollashdi, texnologik yangilanish boshlandi.

Eng muhimi, sanoat rivoji endi faqat dav­lat dasturlari hisobiga emas, balki bozor me­xanizmlari, xususiy tashabbus va investitsiya­lar orqali taʼminlanmoqda. Bu esa 2026-2030-yillarda mamlakatimizning jahon bozorida raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlat sifatida namoyon boʻlishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Iqtisodiyotda ayrim tarmoqlar borki, ular faqat oʻzi oʻsib qolmay, boshqa sohalarni ham ortidan yetaklaydi. Qurilish ana shunday tar­moqlardan. 2025-yilda qurilish sohasi aynan shu vazifani bajardi. Yaʼni iqtisodiy oʻsish­ni hududlarga tarqatuvchi asosiy mexanizmga aylandi.

Qurilish ishlari hajmi 14,2 foiz oʻsdi. Ammo uning ahamiyati faqat qurilgan binolar soni bilan emas, balki qaysi yoʻnalishlarga, qanday maqsadda va qanday iqtisodiy taʼsir tufayli qurilayotgani bilan oʻlchanadi. Jo­riy yilda qurilish faolligining katta qismi uy-joy qurilishi, yoʻl va transport infratu­zilmasi, energetika obyektlari, ijtimoiy infratuzilma hisobiga toʻgʻri keldi. Bu esa qurilish ijtimoiy-iqtisodiy vazifani ham bajarayotganini koʻrsatadi.

Uy-joy qurilishi keng koʻlamda davom etdi. Yangi massivlar, koʻp qavatli uylar, muhan­dislik kommunikatsiyalari nafaqat aholining turar joyga ehtiyojini qondirish, balki ichki bozorda talabni qoʻllab-quvvatlash vazifasini ham bajardi. Uy-joy qurilishi qurilish mate­riallari sanoati, mebel va maishiy texnika, xizmatlar sohasi uchun barqaror talab yaratdi. Shu maʼnoda, har bir qurilgan uy iqtisodiyot uchun multiplikativ samara bermoqda.

Yoʻllar, koʻpriklar, elektr tarmoqlari, gaz va suv taʼminoti kabi infratuzilma obyektla­riga katta eʼtibor qaratildi. Bu sarmoya bir qarashda darhol daromad keltirmasligi mum­kin. Ammo iqtisodiy nuqtayi nazardan qarasak, aynan infratuzilma uzoq muddatli oʻsishning eng ishonchli garovi ekanini koʻramiz.

Yaxshi yoʻl arzon logistika boʻlsa, barqaror energiya uzluksiz ishlab chiqarish demakdir. Sifatli kommunikatsiya investitsiya joziba­dorligini oshiruvchi muhim omil. Amalga oshirilgan infratuzilma loyihalari iqtiso­diyot uchun aynan shu sharoitlarni yaratib ber­di. Eʼtiborli jihati, 2025-yilda qurilish ishlarining yarmidan ortigʻini kichik va oʻrta korxonalar bajardi. Bu holat qurilish soha­sida raqobat muhiti shakllangani, monopoliya xavfi kamaygani, xizmatlar sifati oshganini koʻrsatadi. Muhimi, qurilishda kichik biznes faolligi minglab ish oʻrinlari ochib, aholi­ning daromad manbalarini kengaytirdi.

Shu maʼnoda, qurilish sohasi iqtisodiy oʻsishning inklyuziv xarakter kasb etishiga ham xizmat qildi. Qurilish faolligi faqat poytaxt yoki yirik shaharlar bilan cheklanib qolmadi. Qoraqalpogʻistondan tortib, Fargʻona vodiysigacha, togʻli hududlardan choʻl mintaqa­larigacha infratuzilma loyihalari amalga oshirildi.

Bu jarayon ikki muhim natija berdi. Bi­rinchidan, hududlarda iqtisodiy faollik oshdi, ikkinchidan, ishlab chiqarish va xizmat­lar uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Shu orqali iqtisodiy oʻsish markazlashib qolmasdan, mam­lakat boʻylab tarqala boshladi.

Qurilish sohasidagi jadal oʻsish qurilish materiallari ishlab chiqarishni ham faol­lashtirdi va yangi quvvatlar ishga tushirildi. Asosiysi, bu mahsulotlar ichki bozorni toʻyintirmoqda, import oʻrnini bosmoqda, ayrim yoʻnalishlarda eksportga chiqmoqda. Bu esa qu­rilish sohasining sanoat bilan chuqur bogʻla­nib, iqtisodiyotda yopiq aylana emas, balki qoʻshilgan qiymat zanjirini shakllantirayot­ganini koʻrsatadi.

Loʻnda qilib aytganda, qurilish va infra­tuzilma sohasi iqtisodiyotda oʻsish arxitekto­ri vazifasini bajardi. Qurilish iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatladi, hududlarni rivojlantirdi, ijtimoiy ehtiyojlarni qondirdi, sanoat va xizmatlar uchun sharoit yaratdi. Eng muhimi, qurilish siyosati qisqa muddatli effekt emas, balki uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni koʻzlab yuritilmoqda.

Iqtisodiyot taraqqiyotida shunday palla ke­ladi: zavod quvvatlari va qurilish maydonlari

bilan birga inson ehtiyoji, xizmat sifati va texnologiya hal qiluvchi ahamiyat kasb eta boshlaydi. 2025-yil yurtimiz uchun aynan shunday bosqichga oʻtish yili boʻldi. Chunki joriy yil­da xizmatlar sohasi iqtisodiyotning yordamchi segmentidan chiqib, asosiy oʻsish lokomoti­viga aylandi. Bu oʻzgarish tasodifiy emas. U uzoq yillar davomida shakllangan ichki talab, raqamlashtirish siyosati va aholi daromadla­rining oʻsishi natijasidir.

Nihoyasiga yetayotgan yilda xizmatlar soha­si 14 foiz oʻsib, yalpi ichki mahsulot oʻsishiga 4 foiz punkt hissa qoʻshdi. Bu raqam iqtiso­diy statistikada muhim, ammo uning ahamiyati bundan ham chuqur. Chunki xizmatlar sohasida­gi oʻsish tez ish oʻrinlari ochadi, kam sarmoya bilan yuqori samara beradi, aholi daromad­lariga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir qiladi. Savdo, transport, aloqa, moliyaviy xizmatlar va ax­borot texnologiyalari segmentlaridagi jadal rivojlanish iqtisodiyotda yangi talab madani­yati shakllanayotganini koʻrsatadi.

Chakana savdo aylanmasining 11 foiz oʻsi­shi aholining xarid qobiliyati barqaror oʻsib borayotganini anglatadi. Bu yerda muhim jihat shundaki, isteʼmol oʻsishi real daromadlar, barqaror inflyatsiya, ish bilan bandlik orqali taʼminlanmoqda. Raqamli savdo platformala­ri, onlayn toʻlovlar va logistika xizmatlari­ning rivojlanishi isteʼmolni yangi bosqichga olib chiqdi. Xarid qilish endi faqat bozor yoki doʻkon bilan cheklanib qolmayapti. Iqtisodiyot raqamli makonga koʻchmoqda.

Transport xizmatlari hajmi 150 tril­lion soʻmdan oshdi. Bu sohadagi oʻsish faqat ichki harakat bilan emas, balki tashqi sav­do va tranzit salohiyati bilan ham bogʻliq. Geografik joylashuvimiz tabiiy ustun­ligimizdir. Joriy yilda logistika mar­kazlari, transport koridorlari va raqam­li boshqaruv tizimlariga yoʻnaltirilgan sarmoyalar aynan shu ustunlikni iqtisodiy foydaga aylantirishga qaratildi. Nati­jada transport xizmatlari iqtisodiyotda bogʻlovchi halqa, tezlashtiruvchi mexanizm, xarajatlarni qisqartiruvchi omil sifati­da namoyon boʻlmoqda.

Bu yil turizm sohasi uchun ham alohida ahamiyatga ega boʻldi. Xorijlik turistlar so­nining 10 milliondan oshishi va turizm xiz­matlari eksportidan tushgan daromadning 4 milliard dollardan ortishi bu sohani iqti­sodiyotning toʻlaqonli eksport tarmogʻiga ay­lantirdi. Muhimi, turizm endi faqat tarixiy obidalar bilan cheklanib qolmayapti. Ekolo­gik, gastronomik, tibbiy va qishki turizm yoʻnalishlari kengayib, xizmatlar diversifi­katsiya qilinmoqda. Bu esa turizmni mavsumiy emas, yil davomida ishlaydigan iqtisodiy segmentga aylantirmoqda.

Xizmatlar sohasidagi eng katta burilish raqamli iqtisodiyotning keng yoyilishi boʻl­di. Elektron tijorat, fintex, onlayn bank xizmatlari va davlat xizmatlarining raqam­lashtirilishi aholi va biznes uchun vaqt hamda xarajatni tejash imkonini berdi.

Axborot texnologiyalari xizmatlari eks­portining keskin oʻsishi Oʻzbekistonning raqamli mahsulot yarata oladigan davlat si­fatida maydonga chiqishidan dalolat beradi. Bu yerda gap faqat texnologiyada emas. Raqamli iqtisodiyot bu ochiqlik, shaffoflik, samara­dorlik demakdir.

Ana shu si­fatlar xizmatlar sohasida iqtiso­diy faollikni yanada ragʻbatlan­tirmoqda. Xizmat­lar sohasi bandlik masalasida ham muhim oʻrin tutdi. Bu sohadagi ish oʻrinlari yoshlar, ayollar, kasbiy qayta tayyorlashdan oʻtgan fuqa­rolar uchun keng imkoniyat ochdi. Shu maʼnoda, xizmatlar iqtisodiyoti nafaqat oʻsish, balki ijtimoiy barqarorlik manbai sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Umuman, 2025-yil iqtisodiyotda xizmatlar sohasi yangi lokomotiv sifatida ishga tush­di. Bu sohadagi oʻsish iqtisodiy faollikni oshirdi, aholi daromadlarini koʻpaytirdi, raqamlashtirishni jadallashtirdi, eksport imkoniyatlarini kengaytirdi. Eng muhimi, xizmatlar iqtisodiyoti inson ehtiyojlariga yaqin, tezkor va samarali boʻlgani uchun iqti­sodiy islohotlarning jamiyatga taʼsirini kuchaytirdi.

Iqtisodiyotni “qon aylanish tizimi”siz tasavvur qilib boʻlmaganidek, moliya tizimi­siz ham barqaror rivojlanish haqida gapirish mumkin emas. 2025-yil moliya tizimi uchun aynan shunday “qon aylanishini tozalash” va tizimni mustahkamlash yili boʻldi.

Agar avvalgi yillarda asosiy maqsad iqti­sodiyotga koʻproq pul kiritish boʻlgan boʻlsa, joriy yilda eʼtibor pulning sifati, harakat yoʻnalishi va qay darajada samara berayotgani­ga qaratildi. Bu esa moliya tizimida falsafiy oʻzgarish boshlanganidan dalolat.

Joriy yilga kelib, bank tizimi aktivlari hajmi 877 trillion soʻmdan oshdi. Bu soʻnggi yillardagi izchil islohotlar natijasi. Ammo joriy yilda asosiy savol bunday qoʻyildi: banklar qancha emas, qanday kredit beryapti?

Banklar faoliyatida risklarni baholash kuchaytirildi, korporativ boshqaruvga eʼti­bor oshdi, kredit portfelining sifati ustu­vor masalaga aylandi. Bu jarayon oson kechmadi. Chunki tez oʻsishga oʻrganib qolgan tizim uchun sifat mezonlariga oʻtish har doim ham qulay boʻlavermaydi. Ammo 2025-yil shu jihatdan masʼuliyatli tanlov yili boʻldi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon ban­kining moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirokimiz muhim voqea boʻldi. Bu jarayon moliya tizimini tashqi koʻz bilan koʻrib chiqish, zaif joylarni aniqlash va islohotlarni chuqurlashtirish imkonini berdi. Xalqaro baholash bank nazorati, kapital yetarliligi, toʻlov ti­z i m l a r i , inqirozlarni boshqarish mexa­nizmlari kabi yoʻna­lishlarda milliy ti­zimni jahon standartlariga yaqinlashtirishga xizmat qildi. Bu esa investorlar va moliya bozori ishtirokchilari uchun muhim signaldir.

2025-yilda banklararo pul bozori faolli­gi sezilarli darajada oshdi. REPO operatsiyalarining kengayishi, qisqa muddatli moliya­lashtirish instrumentlarining ishga tushishi banklar oʻrtasida ishonch ortganini koʻrsatadi. Foiz stavkalari asosiy stavka koridorida shakllanib, bozor uchun tushunarli va prognoz qilinadigan muhit yaratdi. Bu esa moliya ti­zimida intuitsiya emas, qoida asosida ishlash tamoyili mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Kapital bozori masalasi kun tartibining oldingi safiga chiqdi. Hozir qimmatli qogʻoz­lar bozorining yalpi ichki mahsulotga nisba­tan ulushi 20 foiz atrofida. Bu koʻrsatkich rivojlangan bozorlar bilan solishtirganda hali past. Biroq iqtisodiy nuqtayi nazardan qarasak, bu kamchilik emas, balki ulkan imkoniyatdir. Shu bois, joriy yilda kapital bozorini jonlantirishga qaratilgan qator muhim qadamlar tashlandi. Xususan, “dual li­sting” amaliyotiga ruxsat berildi, valyutada chiqariladigan obligatsiyalar joriy etildi, xorijiy investorlar uchun bozor ochiqligi taʼminlandi. Ushbu islohotlar iqtisodiyot­ni faqat bank kreditiga bogʻlab qoʻymay, uzoq muddatli sarmoya manbalarini diversifika­siyalashga xizmat qiladi.

Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmining keskin oshishi, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes uchun yangi imkoniyatlar­ni ochdi. “Mahallabay” ishlash tizimi orqa­li kredit resurslari bevosita joylardagi tadbirkorlik tashabbuslariga yetib bordi. Bu jarayonning ahamiyati shundaki, moliyaviy re­surslar faqat yirik loyihalarda emas, balki minglab kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsa­tish nuqtalari orqali iqtisodiyotga tarqaldi. Shu orqali moliya tizimi iqtisodiy oʻsishning real ishtirokchisiga aylandi.

Inflyatsiyani pasaytirishda taklifni oshi­rish siyosati hal qiluvchi oʻrin tutadi. Oziq- ovqat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohalari­dagi investitsiyalar ichki bozorni mahsulot va xizmatlar bilan toʻyintirdi. Bu yondashuv iqti­sodiy siyosatda muhim xulosani namoyon qildi: uzoq muddatda inflyatsiyaga qarshi eng samarali kurash ishlab chiqarishni kengaytirishdir.

Umumlashtirib aytsak, 2025-yil moliya tizimi uchun ishonch yili boʻldi: bank tizimi sifatga oʻta boshladi, kapital bozori ochildi, moliyaviy qoidalar oydinlashdi, iqtisodiyot uchun uzoq muddatli sarmoya poydevori yara­tildi. Eng muhimi, moliya tizimi iqtisodiy oʻsishga xizmat qiluvchi, ammo uni xavf ostiga qoʻymaydigan mexanizm sifatida qayta shakl­lanmoqda.

Iqtisodiy islohotlar haqida gap ketganda koʻpincha raqamlar, foizlar va diagrammalar tilga olinadi. Ammo islohotlarning eng aniq oʻlchovi inson hayotidagi oʻzgarishdir. 2025-yil­da iqtisodiy siyosatda aynan shu qarash ustu­vorlik kasb eta boshladi: iqtisodiyot raqamlar uchun emas, inson uchun xizmat qilishi kerak.

Ijtimoiy siyosat falsafasi ham tubdan oʻz­gardi. Ilgari asosan nafaqa va moddiy yordamga tayangan tizim endi insonni iqtisodiy faol­likka olib chiqishga qaratilmoqda. Bu oʻzgarish kambagʻallikka qarshi passiv qoʻllab-quvvatlov bilan emas, balki daromad yaratish orqali ku­rashilayotganidan dalolat beradi. Iqtisodchi sifatida aytish mumkinki, bu eng toʻgʻri yoʻl­dir. Chunki barqaror farovonlik faqat mehnat va tashabbus orqali taʼminlanadi.

Ijtimoiy himoya tizimidagi eng muhim yan­gilik Ijtimoiy reestrning joriy etilishi boʻldi. Mazkur tizim orqali aholining ijti­moiy-iqtisodiy holati kompleks baholanib, davlat yordami haqiqatan muhtoj qatlamlarga manzilli yetkazila boshladi. Ijtimoiy re­yestr davlat mablagʻlarining samaradorligini oshirdi, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqar­tirdi, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamladi.

Kambagʻallikka qarshi kurashish siyosati yangi bosqichga chiqdi. Ilgari asosiy eʼtibor nafaqa va ijtimoiy toʻlovlarga qaratilgan boʻlsa, endi kasbga yoʻnaltirish, qayta tay­yorlash, tadbirkorlikka jalb etish ustuvor yoʻnalishga aylandi. “Mahallabay” yondashuv bu borada institutsional yechim sifatida ishla­yapti. Har bir mahallada aholining salohiyati, mehnat qobiliyati va biznes gʻoyalari oʻrgani­lib, aniq loyihalarga aylantirilmoqda. Bu iqtisodiy islohotlarning joylarda sezili­shini taʼminlamoqda.

Mehnat bozori siyosati ham sifat jihat­dan oʻzgardi. Asosiy eʼtibor ish oʻrinlari soniga emas, balki ularning barqarorligi va daromadliligiga qaratildi. Yangi ish oʻrinla­ri qurilish va xizmatlar sohasida, sanoat va logistika tarmoqlarida, raqamli iqtisodiyot yoʻnalishlarida ochildi. Bu mehnat bozorini diversifikatsiya qilishga undadi, aholini faqat bir sohada ishlashga majbur boʻlib qo­lishdan xalos etdi. Yoshlar va ayollar bandligi­ga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kasb-hunar taʼlimi, qayta tayyorlash dasturlari va xusu­siy sektor bilan hamkorlikdagi loyihalar in­son kapitali sifatini oshirishga xizmat qil­di. Bu jarayon iqtisodiy nuqtayi nazardan ham juda muhim. Chunki iqtisodiy oʻsish qanchalik keng qatlamni qamrasa, shunchalik barqaror boʻladi. Shu maʼnoda, inklyuziv oʻsish ijtimoiy shior emas, balki iqtisodiy zaruratdir.

Ijtimoiy xizmatlar tizimi kengaytiril­di. Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali nogironligi boʻlgan shaxslar, qariyalar va ogʻir hayotiy vaziyatdagi fuqarolarga kompleks xizmat koʻrsatila boshladi. Bu xiz­matlar nafaqat moddiy yordam, balki reabili­tatsiya, taʼlim, psixologik qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarini ham qamrab oldi. Mazkur holat ijtimoiy siyosatda inson qadrini mar­kazga qoʻyish tamoyili mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

Joriy yil tajribasi ijtimoiy va iqti­sodiy siyosatni alohida yuritish samara ber­masligini koʻrsatdi. Ular bir-birini toʻldir­gandagina barqaror natija beradi. Ijtimoiy himoya aholini iqtisodiy faollikka tayyorla­sa, iqtisodiy oʻsish ijtimoiy imkoniyatlarni kengaytiradi. Ana shu uygʻunlik islohotlar­ning eng muhim yutuqlaridan biri boʻldi.

2025-yil iqtisodiy siyosatni inson qiyo­fasi bilan boyitgan yil boʻldi. Bu yil iqti­sodiy oʻsish raqamlarda, zavodlarda, hisobot­larda emas, avvalo, odamlar hayotida sezila boshladi. Shu maʼnoda, ijtimoiy islohotlar iqtisodiy taraqqiyotning asosiy mohiyatiga aylandi.

Tarixga nazar tashlasak, har bir iqtisodiy sakrash muayyan texnologiya bilan bogʻliq boʻl­ganini koʻramiz. Bugʻ mashinasi sanoat inqilo­bini, elektr energiyasi ommaviy ishlab chiqa­rishni, internet globallashuvni tezlashtirdi. 2025-yilda mamlakatimiz uchun ana shunday yangi texnologiyaviy burilish nuqtasi sunʼiy intellekt bilan bogʻliq boʻlmoqda.

Joriy yil raqamli iqtisodiyot haqida shunchaki gapirilgan davrdan chiqib, uni real iqtisodiy resurs sifatida qoʻllash boshlangan yil sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda sunʼiy intellektga alohida ax­borot texnologiyalari yoʻnalishi emas, balki iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi fundamental omil sifatida qarala boshladi. Bu oʻzgarish davlat siyosatining oʻzida aks etdi. 2030-yil­ga qadar sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilinishi uzoq muddatli maqsadlarni belgilab berdi, davlat va xususiy sektor uchun aniq “yoʻl xaritasi”ni yaratdi, in­novatsiyalarni tizimli jarayonga aylantirdi. Muhimi, ushbu strategiya sunʼiy intellektni “kelajakda kerak boʻladigan texnologiya” emas, balki hozir ishlashi kerak boʻlgan iqtisodiy vosita sifatida koʻradi.

Sunʼiy intellekt texnologiyalari ilk bor keng koʻlamda real sektorga joriy etila boshladi. Bu jarayon, ayniqsa, sogʻliqni saqlashda tashxis qoʻyish tizimlari, tibbiy maʼlumot­larni tahlil qilish orqali xizmat sifatini oshirish, transportda harakat xavfsizligi­ni nazorat qilish, logistika jarayonlarini optimallashtirish, qishloq xoʻjaligida yer holatini monitoring qilish, hosil progno­zini aniqlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu misollardan koʻrinib tu­ribdiki, sunʼiy intellekt iqtisodiyotga ikki yoʻnalishda taʼsir qilmoqda. Birinchidan, xarajatlarni kamaytiryapti, ikkinchidan, qoʻ­shimcha qiymat yaratyapti.

Innovatsion muhit ham sifat jihatdan oʻzgardi. Startaplar soni ortib, venchur mo­liyalashtirish elementlari paydo boʻldi. Tex­nologik parklar, akseleratsiya dasturlari va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik yangi gʻoyalarni bozorga olib chiqish imkonini ber­moqda. Innovatsiya endi alohida entuziastlar ishi emas, balki iqtisodiy tizimning bir qismiga aylanmoqda.

Axborot texnologiyalari xizmatlari eks­porti bir necha barobar oʻsdi. Bu raqamlar orti­da juda muhim tendensiya yotibdi: Oʻzbekiston jahon bozoriga nafaqat xomashyo yoki anʼanaviy mahsulotlar, balki intellektual mahsulot ham taklif qila boshladi. AT xizmatlari eksporti valyuta tushumini diversifikatsiya qilmoqda, yoshlar uchun yuqori daromadli ish oʻrinlari ochmoqda, mamlakatning texnologik imijini shakllantirmoqda. Bu kelajak iqtisodiyoti­ning belgisidir.

Sunʼiy intellekt va innovatsiyalar sohasi­dagi eng muhim masala kadrlardir. Taʼlim ti­zimida sunʼiy intellekt, dasturlash va raqam­li koʻnikmalarni oʻqitishga alohida eʼtibor qaratildi. Maktabdan tortib, oliy taʼlimga­cha boʻlgan tizimda texnologiyaga mos kadrlar tayyorlana boshladi. Ushbu yondashuv iqtisodiy siyosatdagi muhim xulosani aks ettiradi: ke­lajak iqtisodiyoti zavodlarda emas, bilimli insonlarda quriladi.

Innovatsiyalar raqobatbardoshlikning aso­siy omiliga aylanayapti. Arzon ishchi kuchi yoki tabiiy resurslar endi yetarli emas. Bozorda gʻalaba qozonish uchun texnologiya, samarador­lik, tezkor qaror qabul qilish talab etiladi. Sunʼiy intellekt va raqamli yechimlar aynan shu ustunliklarni taʼminlamoqda.

2025-yil Oʻzbekiston uchun sunʼiy intel­lekt va innovatsiyalar sohasiga kirish yili boʻldi: texnologiya iqtisodiy siyosat markaziga chiqdi, innovatsiyalar tizimli jarayonga aylan­di, kelajak iqtisodiyoti uchun poydevor qoʻyil­di. Albatta, bu yoʻlning boshi. Oldinda murak­kab vazifalar, raqobat va yangi chaqiriqlar bor. Ammo eng muhimi, yoʻnalish toʻgʻri tanlangan.

Iqtisodiy tarixda shunday yillar boʻladi: ular alohida qarorlar yoki bitta koʻrsatkich bilan emas, balki umumiy yoʻnalishning oʻzga­rishi bilan esda qoladi. 2025-yil Oʻzbekiston uchun aynan shunday yil boʻldi. Bu yil mamla­kat iqtisodiyotida butun tizim yangicha ishlay boshladi. Agar soʻnggi yillarda islohotlar “yoʻl ochish”, “toʻsiqlarni olib tashlash”, “ti­zimni harakatga keltirish” bosqichi boʻlgan boʻlsa, 2025-yilda ushbu islohotlar aniq iqti­sodiy samara bera boshladi.

Natijalar shunchaki oʻsish surʼati bilan emas, balki ularning mazmuni bilan qimmat­li. Yalpi ichki mahsulot oʻsdi, inflyatsiya pa­saydi, investitsiyalar rekord darajaga chiqdi. Ammo eng muhimi, bu raqamlar ortida diver­sifikatsiya, barqarorlik va qoʻshilgan qiymat yotibdi. Iqtisodiy oʻsish faqat isteʼmol hi­sobiga, davlat xarajatlari, xomashyo eksporti orqali emas, balki investitsiya, qayta ishlash, xizmatlar va texnologiyalar orqali taʼmin­landi. Bu esa iqtisodiyotni tashqi shoklarga nisbatan ancha barqaror qiladi.

Joriy yil iqtisodiy siyosatda muhim fal­safiy oʻzgarishni namoyon qildi. Davlat iqti­sodiyotda hamma ishni oʻzi bajaruvchi, bozorni toʻliq nazorat qiluvchi sifatida emas, aksincha sharoit yaratuvchi, qoida belgilab beruvchi va adolatni taʼminlovchi subyekt sifatida may­donga chiqdi. Xususiy sektor, tadbirkorlik, investorlar aynan shu ishonchli muhitda faol­lashdi. Bu iqtisodiy taraqqiyotning eng toʻgʻri va sinovdan oʻtgan yoʻlidir. Natijada sanoat, xizmatlar va innovatsiyalar oʻrtasida yangi mu­vozanat shakllandi. Sanoat xomashyodan qoʻshil­gan qiymatga oʻta boshladi. Xizmatlar sohasi iqtisodiyotning asosiy lokomotiviga aylandi. Sunʼiy intellekt va raqamli yechimlar kelajak iqtisodiyotining poydevori sifatida belgi­landi. Bu uchlik: “ishlab chiqarish — xizmat — texnologiya” yangi Oʻzbekiston iqtisodiy modelining asosiy ustunlaridir.

2025-yilda iqtisodiy oʻsish insondan uzi­lib qolmadi. Ijtimoiy siyosat iqtisodiy siyosatdan ajralgan holda emas, balki u bilan uygʻun ravishda amalga oshirildi. Kambagʻal­likka qarshi kurash nafaqa bilan cheklanmadi, insonni iqtisodiy faollikka olib chiqishga qaratildi. Bandlik, taʼlim, kasbga yoʻnalti­rish, ijtimoiy xizmatlar — bularning barcha­si iqtisodiy oʻsishning ijtimoiy qiymatini oshirdi.

Eng muhim xulosa bunday: 2025-yilni “is­lohotlar yakuni” deb qarash notoʻgʻri boʻladi. Bu yil yangi iqtisodiy modelning shakllanganini tasdiqlagan bosqichdir. Oldinda raqobat ku­chayadi, global bozorlar oʻzgarib boradi, texno­logiyalar yanada tez rivojlanadi. 2025-yilda qoʻyilgan poydevor mamlakatimiz bu raqobatga tayyor, barqaror, oʻz ichki resurslariga tayangan holda kirib borayotganini koʻrsatadi.

Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston uchun navbatdagi odatiy yil emas. Joriy yil iqtisodiy ishonch qayta tiklangan, davlat va jamiyat oʻr­tasida yangi kelishuv shakllangan, kelajakka ishonch bilan qarash mumkin boʻlgan davr sifati­da tarixda qoladi. Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyoti aynan shu yilda oʻz qiyofasini topa boshladi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Oybek QOʻSHBOQOV,

iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori, ekspert