20 toifadagi 250 ga yaqin haftalik Google qidiruv natijalari, alohida mahsulotlar uchun narxlar smetalari hamda yalpi import va zaxiralarning asosiy koʻrsatkichlariga asoslanib haftalik YAIM prognozi tuzildi.

Prognozlar yalpi ichki mahsulotning chorak yakunlari koʻrsatkichlarida aniqlanmagan oʻziga xos jihatlarini ochib berdi. Xususan, pandemiyaning oʻtkir davrida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti sezilarli darajada sekinlashgan. Ayniqsa, sezilarli pasayish 2020-yilning mart-aprel oylarida kuzatilgan. 2021-yilning birinchi yarmida esa iqtisodiy oʻsish sezilarli darajada koʻtarilgan.

Yalpi ichki mahsulot oʻsishining haftalik prognoz koʻrsatkichlarini jamlagan holda, Oʻzbekiston iqtisodiyotining 2022-yil birinchi choragida kutilayotgan oʻsish darajasi aniqlandi. Unga koʻra, 2022-yil 1-choragida YAIMning real oʻsish surati 2021-yil 1-choragiga nisbatan 4,92% darajasida prognoz qilinmoqda.

Oʻsishning asosiy omillari pandemiyadan keyin xalqaro savdoning tiklanishi, pul oʻtkazmalari va ichki investitsiyalarning pandemiyadan avvalgi darajaga tiklanishi boʻladi. Shu bilan birga, iqtisodiy oʻsish “omikron” shtammining yangi toʻlqini va iqtisodiyotdagi tendensiyaning oʻzgarishi kabi bir qator xavf omillariga ham bogʻliq boʻladi. Ushbu omillarni hisobga olgan holda iqtisodiy oʻsishning prognoz oraligʻi 4,5%-5,3%darajasida belgilandi.

Noukasting usuli - Google qidiruv tendensiyalari, veb-sahifalarda joylashtirilgan reklama va eʼlonlar, yangiliklar matni maʼlumotlariga asoslangan holda qoʻllaniladi. Bu usul bir qator rivojlangan mamlakatlar - Angliya banki, Yevropa Markaziy banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan milliy iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda keng qoʻllaniladi. Joriy usul muhim statistik maʼlumotlar, ayniqsa, YaIM koʻrsatkichlarining sezilarli darajada kechikishlar bilan chop etilishi sababli dolzarb hisoblanadi. Ushbu prognoz iqtisodiyotning mehnat bozori va aholi farovonligi kabi oʻziga hos jihatlarini baholash uchun ham qoʻllaniladi.

Ushbu usulning afzalligi, YaIMni qisqa intervallarda baholash va vaqtli statistik maʼlumotlar bazasiga ega boʻlishdadir. Ushbu toifadagi modellar anʼanaviy modellarga oʻxshash xususiyatlarga ega, ammo “inqiroz” holatlarida (masalan, 2008-2009 va 2020-yillar) ulardan sezilarli darajada ustundir.

Asror Nigʻmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi