Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mamlakatimizdagi korxonalar o'rtasida navbatdagi so'rovnomani o'tkazdi. Ikki yo'nalish bo'yicha o'tkazilgan so'rovda 1000 dan ortiq korxona ishtirok etdi.

Joriy yil fevral oyida O'zbekistonda ishbilarmonlik muhitining umumiy ko'rsatkichi 60 punktni tashkil etdi va shu yilning yanvar` oyiga nisbatan 1 punktga oshdi. Bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy, deb baholashga  imkon beradi (2021-yil fevral oyida - 60 punkt, shu yilning yanvar oyida - 59 punkt).

Tarmoqlar kontekstida ishbilarmonlik muhiti ko'rsatkichi qishloq xo'jaligida - 67 punkt, xizmat ko'rsatishda - 56 punkt, qurilishda - 56 punkt va sanoatda - 59 punktni tashkil etdi.

Ishbilarmonlik muhitining umumiy indikatoridagi o'zgarishlar indikatorning quyidagi tarkibiy qismlariga tuzatishlar bilan bog'liq:

Ishbilarmonlik muhitining joriy  ko'rsatkichi 43 punktni tashkil etdi, bu tadbirkorlar o'z biznesining hozirgi holatiga nisbatan ijobiy kayfiyatini tavsiflaydi (2021-yil fevral – 44 punkt).

So'rovda qatnashgan tadbirkorlarning 43 foizi o'z biznesining hozirgi holatini yaxshi, deb qayd etdi.

So'nggi 3 oy ichida biznesning holati qanday o'zgargani haqidagi savolga tadbirkorlarning 29 foizi – yaxshilandi, 53 foizi – o'zgarmadi va 18 foizi – yomonlashdi, deb javob berdi. 39 foiz korxonalarda tovar/xizmatlarga bo'lgan talab yaxshilandi, xodimlar soni esa 22 foiz korxonalarda oshdi.

Tarmoqlar kesimida ishbilarmonlik muhiti ko'rsatkichi:

  • qurilish – 30 punkt;
  • sanoat – 39 punkt;
  • qishloq xo'jaligi – 48 punkt;
  • xizmat ko'rsatish – 44 punkt.

Biznesni rivojlantirish istiqbollarining kutish ko'rsatkichi 79 punktni tashkil etdi, bu esa, tadbirkorlarning kelgusi 3 oy davomida biznesni rivojlantirish istiqbollari haqidagi umidlarini optimistik, deb aks ettiradi.

Tadbirkorlarning 80 foizi o'z biznes istiqbollari yaxshilanishiga ishonadi. 73 foiz korxonalarda tovar va xizmatlarga bo'lgan talab yaxshilanishi, ishchilar soni 68 foizga oshishi kutilmoqda.

Tadbirkorlarning 22 foizi kelgusi 3 oy ichida tovarlar/xizmatlar narxlari ko'tarilishini kutmoqda, 29 foizi narxlar o'zgarmaydi va 3 foizi narxlar pasayadi, deb hisoblaydi. Respondentlarning 46 foizi yaqin kelajakda o'z tovarlari/xizmatlari narxi qanday o'zgarishini bilmaydi.

Tarmoqlar kesimida ishbilarmonlik faoliyatining istiqbollari kutish ko'rsatkichi:

  • qishloq xo'jaligida – 88 punkt;
  • sanoatda – 81 punkt;
  • qurilishda – 84 punkt;
  • xizmat ko'rsatishda – 69 punkt.

Umuman olganda, mavjud vaziyat va istiqboldagi kutilmalar o'rtasidagi bog'liqlik shuni anglatadiki, tadbirkorlik sub'ektlarining taxminlariga ko'ra, iqtisodiyotni ijobiy rivojlantirish tendentsiyasi keyingi 3 oy ham davom etadi.

So'rovda qatnashgan tadbirkorlarning 47 foizi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda hech qanday to'siq yo'qligini bildirgan. Shu bilan birga, tadbirkorlar asosiy muammolar qatorida moliyalashtirish va er uchastkalari, yuqori soliq stavkalari va narxlar, xomashyo etishmasligi, tovarlar/xizmatlarga bo'lgan talab pastligi, soliq ma'muriyatchiligi, elektr ta'minoti va boshqalarni ta'kidlagan.

Feruzbek Davletov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi