Iqtisodiy zonalarda 100 mingdan ziyod ish o'rni yaratiladi

    Ajratilgan 1,6 trillion so'm mablag' yangi ishlab chiqilgan loyihalarni joylashtirishda tadbirkorlarga qulaylik yaratadi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish o'rni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion so'mlik 1 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta'minlangan.

    Sanoat zonalari tadbirkorlarimiz faoliyati uchun juda qulay maskan bo'lib, aholini ish bilan ta'minlashda, ko'plab yirik loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Shunga qaramay, bu zonalarda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko'p.

    Davlatimiz rahbarining “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ana shu imkoniyatlarni kengaytirish yo'lidagi tarixiy hujjat bo'ldi, desak mubolag'a emas. Bu hujjat iqtisodiy zonalarda infratuzilma masalasida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarning yechimi bo'ldi.

    Qaror bilan iqtisodiy zonalardagi infratuzilmani yaxshilashga ajratilgan 1,6 trillion so'm mablag' yangi ishlab chiqilgan loyihalarni joylashtirishda tadbirkorlarga qulaylik yaratadi. Bu nafaqat mahalliy ishbilarmonlar, balki xorijiy investorlar va hamkorlarimiz uchun ham katta imkoniyat. Buni barcha kutgan edi.

    Davlatimiz rahbari endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni o'z vaqtida ishga tushirish ekanini ta'kidladi. Joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo'lgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trillion so'm bo'lgan 1 ming 845 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar, asosan, iqtisodiyotimizning uchun o'sish nuqtasi hisoblangan elektrotexnika, charm-poyabzal, qurilish materiallari, neft-gaz, farmasevtika, turizm, issiqxona xo'jaliklari, xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish sanoati yo'nalishlarida amalga oshiriladi. Buning natijasida 20 ming 298 ta yangi ish o'rni yaratiladi. Bu esa shu yilning yakuni bilan 400 million dollarlik mahsulot eksport qilish, import o'rnini bosuvchi 350 million dollarlik tovarlar ishlab chiqarish hamda davlat byudjetiga qo'shimcha 2 trillion so'mdan ko'p mablag' yo'naltirishga imkon beradi.

    Ayni paytda bu hududlarda 2,7 milliard dollarlik qo'shimcha 442 ta loyiha ishlab chiqilgan bo'lib, ularning ishga tushishi natijasida yana 35 mingdan ziyod yangi ish o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan. Kichik sanoat zonalarida ham 11 trillion so'mlik 2 mingda ortiq yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 77 ming, jami 100 mingdan ziyod ish o'rni yaratish belgilab olingan. Infratuzilma masalasining hal bo'lishi bu loyihalarni tezroq ishga tushirishda qo'l keladi.

    Prezidentimiz yig'ilishda bu vazifalarning ahamiyatiga alohida to'xtalib o'tdi. Iqtisodiy zonalarda sifat jihatidan xorijnikidan qolishmaydigan, import o'rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko'lamini kengaytirish bo'yicha alohida vazifalar yuklandi.

    Ajratilayotgan mablag'larni joylarda tezroq o'zlashtirish va sifatli infratuzilmani tashkil etish, xususan, yo'l, elektr energiyasi, gaz ta'minoti masalalarini sifatli hal qilish hamda tejamkorlik bilan ishlatish bo'yicha aniq topshiriq va ko'rsatmalar berildi. Mazkur masalalar bo'yicha hukumat komissiyasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, “yo'l xaritasi” shakllantiriladi. Mablag'larni to'g'ri yo'naltirish va loyihalarni tezroq ishga tushirish doimiy nazoratga olinadi.

    Aziz VOITOV,

    investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o'rinbosari