Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jomboy tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Jomboy tumanida joylashgan kanal boʻylarini joriy taʼmirlash uchun ajratilgan pullar talon-toroj qilingani aniqlangan.
“M.Y.” MCHJ rahbari M.B. tuman Irrigatsiya boʻlimi masʼul shaxslari bilan oʻzaro til biriktirib, Irrigatsiya boʻlimi balansidagi kanallarni joriy taʼmirlash va tozalashda haqiqatda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, jami 1,4 mlrd soʻmni oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.