2021-yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2020-yilning 17-avgust kuni tashqi mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan videoselektor oʻtkazildi va “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezidenti qarori imzolandi. Mazkur qaror doirasida tashqi ishlar vazirligi oʻziga tegishli vazifalarni belgilab, uning barcha bandlarining ijrosini taʼmilab kelmoqda.
Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida 2021-yil davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Latviya, Bolgariya, Isroil, Polsha kabi davlatlarning ishga joylashtirish sohasida faoliyat olib boradigan kompaniyalar bilan Oʻzbekistondan fuqarolarni tashkiliy asosda ishga joylashtirish boʻyicha 10 dan ortiq hamkorlik shartnomalarini imzoladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining alohida topshirigʻi asosida uzoq muddatga xorijga ketgan 1,5 mln. nafar fuqaro “uyma-uy” yurgan holda oʻrganish davomida aniqlangan 7,2 ming nafar xorijdagi mehnat migrantlariga diplomatik muassasalar tomonidan amaliy yordam koʻrsatilishi taʼminlandi.
2021-yilda Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan 89 208 ta konsullik harakatlari amalga oshirildi. 23 982 nafar fuqaroga xorijga chiqish uchun biometrik pasportlari rasmiylashtirildi, 15 322 nafar fuqaroga xorijda ishga joylashtirish boʻyicha koʻmak berildi, 3 635 nafar fuqaroga moddiy yordam koʻrsatildi, 38 659 nafariga Vatanga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.
Ish beruvchilardan 1,2 mlrd AQSH dollari miqdorida 1 478 nafar fuqaroga oylik maoshlari va kompensatsiyalari undirilishida koʻmak berildi.
Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 120 dan ortiq mehnat migratsiyasi bilan shugʻullanuvchi xorijiy davlat idoralari va 200 dan ortiq yirik ish beruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Mazkur kompaniyalarda mavjud boʻsh ish oʻrinlar aniqlanib, ushbu maʼlumotlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan chet davlatlardagi 140 dan ortiq vatandoshlarimiz va milliy diasporalarimizga tegishli jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirib kelmoqda.
Germaniya va Shvetsariyaning yirik kompaniyalari bilan Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat faoliyatini olib borishlari va shu bilan birgalikda kasbiy amaliyotni amalga oshirishlari masalalari boʻyicha kelishuvlar imzolandi.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida Isroil, Gretsiya, Italiya, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Malayziya, Ozarbayjon, Singapur kabi 10 ta davlat bilan hukumatlararo
va idoralararo bitim loyihalarini imzolash choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining 9 ta hududida ushbu davlatda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun RUDN hamda “WorldSkills Russia” ittifoqi bilan hamkorlikda rus tili va kasb-hunarga oʻqitish kurslar tashkil etilib, shu kunga qadar 995 nafar mehnat migranti oʻqitildi (rus tiliga – 749 nafar, kasb-hunarga – 246 nafar).
Shvetsariyaning “Globogate” rekruting agentligi bilan tibbiyot sohasidagi xodimlarni Shvetsariya, Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlariga ishga joylashtirish boʻyicha imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 10 oylik nemis tili “onlayn” oʻqitish markazi tashkil etildi.
Shveysariyalik hamkorlar tomonidan 3 bosqichli tanlov tashkil etildi. Tanlovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan 118 nafar fuqarolar hozirgi kunda oʻquv jarayonlariga jalb etilgan.
2021-yil davomida diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarimiz tomonidan odam savdosi qurboni boʻlgan 143 nafar Oʻzbekiston fuqarolariga zarur konsullik-huquqiy yordam koʻrsatilib, ularning sogʻ-salomat Oʻzbekistonga qaytib kelishlari taʼminlandi.
Hususan, Oʻzbekistonning Olma-Ota shahridagi Bosh konsulxonasi Qozogʻiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan oʻzbek milliy madaniy markazlari bilan hamkorlikda Qozogʻiston hududida qiyin ahvolga tushib qolgan 100 dan ortiq fuqarolarimizni Vatanimizga qaytishini tashkillashtirdi.
Oʻzbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida xorijiy mamlakatlar huquq-tartibot idoralari bilan ham keng hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Shuningdek, bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalqaro hamjamiyatning boxabar etish maqsadida oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan maʼlumotlar xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizning veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida (Facebook, Twitter, Telegram akkauntlari) hamda xorijiy OAVlarda keng targʻib qilinmoqda.
Konsullik qabuliga tashrif buyurgan fuqarolarimizga ham odam savdosi qurboniga aylanib qolmaslik borasida doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.