Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining oʻrinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, Qozogʻiston va Tojikiston delegatsiyalari vakillari, hududiy maʼmuriyatlar, koʻrgazmada ishtirok etuvchi mamlakatlarning yirik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.

Tadbirni ochar ekan, delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Rossiya Federatsiyasi Prezidentining tadbir ishtirokchilariga Murojaatnomalarini oʻqib eshittirdilar.

Davlatimiz rahbarining murojaatida koʻrgazma mamlakatlar oʻrtasida chuqur iqtisodiy aloqalar oʻrnatish uchun yaxshi platforma ekani taʼkidlandi. Energetika, infratuzilma, sanoat, qishloq xoʻjaligi sohalarida muhim loyihalar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston samarali savdo logistika zanjirlarini yaratish va xalqaro bozorlarga tovarlarni yetkazib berishning maqbul yoʻnalishlarini shakllantirish maqsadida Markaziy Osiyo bilan transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni qatʼiyat bilan ilgari suryapti. Mazkur forum oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yirik loyihalarini boshlab beradi, hududlararo hamkorlikni kengaytirish, milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini yuksaltirish va farovonlikni oshirishga xizmat qiladi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining murojaatini Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov oʻqib eshittirdi. Unda Markaziy Osiyoning boy tabiiy resurslari, ulkan inson salohiyati, shuningdek, mintaqaviy jarayonlar va iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasi qayd etildi.

Yalpi majlis davomida savol-javob sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonning jadal iqtisodiy oʻsishini, jumladan, inson kapitalini yaxshilash, texnologik yangilanish va raqamlashtirishni taʼminlash maqsadida kadrlar tayyorlash dasturlarini qayta yoʻnaltirish va yangilash, bilim talab qiladigan iqtisodiyotni rivojlantirish hamda mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrilayotgan ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida fikr bildirdilar.

Raqobat va raqobatbardosh bozorni rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Bugungi kunda mamlakatimizda xususiylashtirishning yangi dasturi amalga oshirilyapti, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni moliyaviy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari roʻyxati kengaytirilyapti, Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilyapti, bazaviy investitsiya takliflari paketining imtiyozlari kengaytirilyapti va yangi ish oʻrinlari yaratilyapti.

Spikerlar ishbilarmon doiralar vakillarini xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi bozorlarga chiqish maqsadida qoʻshma yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish va hamkorlikni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarini faollashtirishga chaqirdi.

Hukumatning Oʻzbekistonda xorijiy investor va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi bildirildi.

Marosimdan soʻng delegatsiyalar rahbarlari koʻrgazmani aylanib chiqdi. Stendlar bilan tanishish davomida qator ishtirokchi-davlatlarning yirik korxonalari vakillari oʻz mahsulotlarini namoyish etdilar hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari bilan oʻrtoqlashdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.