Maktabda boshlangʼich sinfda oʼqigan kezlarimdayoq sportga mehr qoʼydim. Jismoniy tarbiya fanini yaxshi koʼrar, tengdoshlarimga qaraganda tez yugurar edim. Biroq 10 yoshimda baxtsiz hodisaga uchrab, bir oyogʼimdan ayrildim. Ikki yoʼl orasida tirik qolish baxt ekan. Yaqinlarim ham, oʼzim ham tirik qolganimga shukr qildik: taqdirga bitilgani shu ekan. Baxtsiz hodisadan soʼng ruhim choʼkib qoldi. Bu chohdan oʼzimni qutqarish uchun maktabimizdagi basketbol mashgʼulotiga muntazam qatnadim.

 3 yillik mashqlardan soʼng pnevmatik miltiqdan oʼq otishga qiziqib qoldim. Biroq bu sport turi ham hayo timdagi boʼshliqni toʼldira olmasdi. Kollejda oʼqib yurgan kezlarim esa Аrtyom Karmeev parakanoe bilan shugʼullanib koʼrishimni tavsiya qildi. Parakanoe, bugun faxr bilan ayta olamanki, meni kashf qildi: nafaqat Oʼzbekiston, balki jahon arenalarida Oʼzbekiston bilan mening ismim yonma-yon yangray boshladi.

2016 yili Oʼzbekiston terma jamoasi safiga qabul qilindim. Oʼsha yili Samarqandda boʼlib oʼtgan Osiyo chempionatida ishtirok etib, kumush medalni qoʼlga kiritdim. Ilk gʼalaba qator-qator medallar shodasini qoʼlga kiritishimga yoʼl ochdi: Chexiyada boʼlib oʼtgan jahon chempionatida 2-oʼrin (2017 yil), Tailanddagi Osiyo chempionatida 1-oʼrin (2017 yil), Vengriyadagi jahon kubogi gʼolibi (2018 yil) sifatida eʼtirof etildi. 2019 yilning may oyida Polьshada boʼlgan jahon kubogida shohsupaning eng yuqori pogʼonasidan joy oldim. Oʼsha yili Vengriyada oʼtgan jahon chempionatida ham oltin medal, ham Tokio Olimpiada oʼyinlariga litsenziyani qoʼlga kiritdim.

Kanoeda eshkak eshish dastlab vaqtimni mazmunli oʼtkazuvchi mashgʼulot boʼlgan boʼlsa, hozir hayotimni usiz tasavvur qila olmayman.

Yoshlar kuni munosabati bilan boʼlib oʼtgan uchrashuvda Prezidentimizning Tokio Olimpiadasiga yoʼllanmani qoʼlga kiritgan sportchilarga munosabatidan boshim koʼkka yetdi. Nafaqat biz, bizni tarbiyalagan, kamolga yetkazgan ota-onalarimiz, ustoz va murabbiylarimiz ham mamnun boʼldi. Bu ishonch gʼalaba qozonish uchun yengilmas quvvat manbai emasmi?!

 

Shahnoza MIRZАYEVА,

Kanoeda eshkak eshish boʼyicha jahon chempion