Ha, shunday kunlar keldiki, zimmasiga ulkan vazifalar yuklatilgan bobolarimizga “xalq dushmani”, “millatchi” degan tamg'alarni ilib qo'ydik. Lekin biz o'zimiz yoshlar ko'ngliga haqiqatni, harakatning mohiyatini anglatish uchun tarixni, unda yashalgan har bir soniyani bilamizmi, degan o'y yurakni kemiradi. SHu yurt farzandiman, degan inson borki, avvalo, shu savolni o'ziga berishi kerak. Bugun atrofga qaysi ko'z bilan qarayapmiz?! Bugun yoshlarga nimani o'rgatyapmiz?! Bugun xatolardan saboq chiqarib, ularning qalbiga ishonch va munosiblik mas'uliyatini singdirishimiz kerak emasmi?!
“O'tmishi buyuk bo'lmagan xalqning kelajagi ham buyuk bo'lmaydi” degan so'zni shu o'rinda keltirishni joiz deb bilaman. Bugun ana shu o'tmishni yoshlar o'rganishi kerak. O'tmishdagi iztirobli kunlarimiz tarixini bilgan yoshlar kelgusida tinch va ozod, farovon kunlarning qadriga etadi. Bugun ming shukrki, yoshlarning buyuk bobolarimizga munosib avlod bo'lib shakllanishi uchun barcha shart-sharoit mavjud.
Bugun buyuk bobolarining munosib izdoshlari bo'lgan yoshlar jahon miqyosida ulkan yutuqlarga erishayotgani ham ko'ngillarni osmon qadar shodlantiradi. Zero, ma'rifatli kishilar kelgusida nimalar bo'lishini ko'ra oladi. Lekin biz Fitrat, Behbudiy, CHo'lpon, Qodiriyni to'la bilmaymiz. Fitrat, Qodiriy otilgan, CHo'lpon esa, manbalarning shohidlik berishicha, tiriklay chopilgan. Behbudiy o'limining tafsilotlari bir yildan so'ng ma'lum qilingan. Munavvar qori Abdurashidxonov 1929 yilda Moskvada qamoqqa olinib, 1931 yilda vafot etgan. Abdulla Qodiriyning tugallanmagan asarlari qo'lyozmalariga tamaki o'rab chekilgan. Abdulla Qodiriyning “Amir Umarxonning kanizi” romani qo'lyozmasi xuddi shunday holda kuyib kul bo'lgan. Buni unutib bo'lmaydi.
Bugun biz adabiyotga mehrni yoshlar qalbida yanada kuchaytirishimiz lozim. O'z vaqtida o'zbek adabiyotida Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi juda mashhur bo'lgan. 1939 yilning yozida, bor-yo'g'i 45 kunda qazib bitkazilgan Katta Farg'ona kanalining umumiy uzunligi 350 km bo'lsa, shuning 283 kilometri yurtimiz hududiga to'g'ri kelgan. Inshoot qurilishida qatnashgan 160 ming kishi bir yarim oy ichida 17,8 mln.kub metr tuproq qazib, butun vodiyni obihayot bilan ta'minlaydigan tiriklik daryosini bunyod qilgan.
Bugun YAngi Andijon barpo etilayotgan adirliklarda yurib, quruvchilardagi shijoatni ko'rib, xalqimizning qahramonligini yorita oladigan yana bir Said Ahmadga ehtiyoj bor.
Bugun yurtimizda faoliyat yuritayotgan ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar, Prezident maktablari yoshlar yuragiga vatanga cheksiz sadoqat, adabiyotga mehrni joylash, eng muhimi, ajdodlarimiz haqidagi tarixiy haqiqatni etkazish, kelgusida Vatan uchun jonini fido etadigan fidoyi farzandlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aziz o'qituvchilar! Mustaqillik darslarida yoshlar qalbiga ertangi kunga ishonch va buyuk bobolarga munosiblik mas'uliyatini singdiring! Toki 1914 yildayoq o'qimagan bolaning qanday holga tushishini o'zining “Padarkush” asari bilan isbotlab qo'ygan Behbudiy, “O'tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon”dek shoh asarlari bilan dunyodagi oltinchi romanchilik maktabiga asos solgan Qodiriy, yurt qayg'usi deb yongan Fitrat, erk va ozodlik kuychisi CHo'lpondek buyuk bobolari borligidan yuragida faxr va g'urur tuysin! ertangi kuni yanada charog'on bo'lishiga ishonsin!
Mirzohid BOTIROV,
Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori