Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻm miqdorida bir martalik yordam beriladi

    2025/2026-yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yil noyabr oyida 1 mln soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.

    Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Yordamni quyidagilar oladi:

    • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi oilalar;
    • “Kambagʻal oilalar reyestri”dagi oilalar;
    • “Mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qoʻshimcha roʻyxatga kiritilgan oilalar.

    Qoʻshimcha roʻyxatga quyidagi toifadagi oilalar ustuvor tartibda kiritiladi:

    • boquvchisini yoʻqotgan;
    • I yoki II guruh nogironi boʻlgan aʼzosi bor;
    • nogironligi boʻlgan bolani parvarishlayotgan;
    • isitish tizimi mavjud boʻlmagan koʻp qavatli uylarda yashovchi;
    • 3 va undan ortiq oila bir xonadonda yashovchi;
    • ogʻir xastalikka chalingan bemorni parvarishlayotgan;
    • yolgʻiz keksa yoki nogironligi bor fuqarolar.

    Agar siz shunday toifaga mansub boʻlsangiz, joriy yil 25-sentyabrga qadar “Mahalla yettiligi”ga murojaat qiling.