Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyevning taʼkidlashicha, agar bolalar egizak boʻlsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi.
Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, zoʻravonlikdan jabr koʻrgani sababli oilasidan olingan bolalar (keyingi oʻrinlarda — ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar)ni muqobil joylashtirish shakllarini takomillashtirish hamda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning jamiyatga integratsiyasini taʼminlash maqsadida oʻtgan yil 14-noyabrda Prezidentimizning yangi farmoni qabul qilinib, unga koʻra, quyidagilar qonunchilikda belgilab qoʻyildi.
Jumladan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam taʼminlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi. 2025-yil 1-fevraldan boshlab ogʻir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari koʻmagisiz qolgani natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi boʻlgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga toʻlmagan) 1-yilgacha boʻlgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan taʼminlanadi.
Ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi, ularda onalik va kasbiy koʻnikmalar shakllantiriladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini taʼminlashga koʻmaklashadi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarga Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taʼlim olish, bandligini taʼminlash, davolanish hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy yordam koʻrsatiladi.