Pokistonning yetakchi “Islamabad Post” gazetasida “Pokiston-Oʻzbekiston biznes forumida 50 million dollarga yaqin bitimlar imzolandi” sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

Nashrda, Pokiston Bosh vazirining savdo va investitsiyalar boʻyicha maslahatchisi Abdul Razzoq Daud parlament yuqori palatasiga shu yilning iyul oyida Toshkentda oʻtkazilgan ikki tomonlama savdoni rivojlantirish boʻyicha Pokiston-Oʻzbekiston biznes-forumi yakunlari va natijalari haqida hisobat taqdim etgani maʼlum qilingan.

“Parlament eshituvi chogʻida Bosh vazir maslahatchisi forum natijasida qariyb 50 million dollarga teng shartnoma va bitimlar imzolanganini aytib oʻtdi. Shuningdek, u Pokiston hukumati rahbarining Oʻzbekistonga tashrifi natijasida 14 ta Memorandum imzolanganini bildirdi”, — deyiladi maqolada.

Taʼkidlanganidek, biznes-forumdan tashqari joriy yil 15-iyulda tomonlar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida Tranzit savdo toʻgʻrisida bitim ham imzolagan. Mazkur hujjatning mazmun-mohiyati haqida gapirar ekan, Abdul Razzoq Daud Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tranzit savdo oldindan belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha, maʼlum portlar va chegara oʻtish joylari orqali amalga oshirilishini taʼkidladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

“Pokiston va Oʻzbekiston hukumatlari haydovchilik guvohnomalarini va transport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarini oʻzaro tan olish, shuningdek, yuk tashish mashinalari haydovchilariga koʻp martalik vizalar berish jarayonini tezlashtirish va soddalashtirish boʻyicha vazifalarni hal etish yuzasidan kelishib oldi”, — deb yozadi “Islamabad Post”.