Jumladan, Shahrisabz, Yakkabogʻ va Koʻkdalada ishga tushirilgan yangi loyihalar boshqa hududlar uchun andoza ekani taʼkidlandi.
Albatta, bu eʼtirof voha ahli uchun katta sharaf, iftixor. Bu barchamizga oʻzgacha ishtiyoq va ruh berdi, viloyat ahlini yangi yutuqlar sari ilhomlantirdi. Oʻtgan yil sarhisobi va yangi rejalar bilan bogʻliq koʻrsatkichlar ham buni tasdiqlaydi.
Xorijiy investitsiya va eksport hajmi oshmoqda
Chetdan kirib keladigan sarmoya qaqroq yerga hayot bagʻishlaydigan daryoga oʻxshaydi. Shu maʼnoda, iqtisodiyotimizga olib kirilayotgan sarmoyalar tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari ochish, yurtdoshlarimiz daromadini oshirish, koʻchalarimiz, mahallalarimiz qiyofasini oʻzgartirishga sabab boʻlmoqda.
Oʻtgan yili viloyatimiz iqtisodiyotida (tarmoq korxonalaridan tashqari) 1,2 milliard dollarlik toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. 2024-yilga nisbatan 471 million dollar koʻp investitsiya kirib keldi va 1,7 barobar oʻsish kuzatildi.
Viloyatimizga 200 dan ortiq xorijiy hamkorning xizmat safari uyushtirildi. Elchixonalar va diplomatik korpus vakillari bilan yaqin hamkorlikda oʻndan ortiq yirik xalqaro biznes-forum hamda xorijiy kompaniyalar ishtirokida 80 dan ziyod uchrashuv oʻtkazilgani, Malayziya va Fransiyada viloyatning “Savdo uylari” ochilgani ham yutuqlarimizning aytishga arzigulik sahifalaridir.
Investitsiya dasturlari doirasida qiymati 2,2 milliard dollarlik 618 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada 18 mingta barqaror ish oʻrni ochildi. Eksport geografiyasi 54 davlatni qamrab oldi. Jumladan, davlatimiz rahbari eʼtirofiga sazovor boʻlgan “Alp texno servis” MCHJ jamoasi xalqaro brendlar ostida televizor va monitorlar ishlab chiqarib, eksport qilmoqda. Jamoa bu yoʻnalishda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston bilan keng koʻlamda hamkorlik qilib kelayotir.
Joriy yilning dastlabki ish haftasini xalqaro hamkorlik doirasidagi xayrli muzokaralar bilan boshladik. Delegatsiyamiz oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida Germaniyaning qator shaharlarida boʻldi.
Xizmat safari doirasida “Haydelberg — Qashqadaryo iqtisodiy forumi”, “Qashqadaryo — Dyusseldorf iqtisodiyot va hamkorlik forumi” singari muhim tadbirlar oʻtkazildi. Shuningdek, Germaniya Sunʼiy intellekt tadqiqot markazi viloyatimizdagi oliy taʼlim muassasalarining 50 talabasi uchun 2 million yevrolik grant ajratadigan boʻldi. Bu yil 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiyani oʻzlashtirish rejalashtirilgan.
Kambagʻallikni qisqartirish — alohida eʼtiborda
Aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ham vohada tizimli ishlar qilinmoqda. Asosiy maqsadimiz odamlarni doimiy daromadli qilishdan iborat.
Oʻtgan yili rejadagi 518 ming oʻrniga 578 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi va bu koʻrsatkich soliq bazasida ham oʻz ifodasini topdi. Shu tariqa ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushirildi. Ishsiz va ish qidirayotgan 29 mingdan ziyod fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik yoʻnalishida oʻqitildi.
2025-yilda “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha 93 ta loyiha amalga oshirildi. Xususan, mazkur tamoyil asosida Kasbi tumani Denov mahallasidagi 30 gektar yerga 73 ta dehqon xoʻjaligi kungaboqar ekdi. Agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida bajarilishi tufayli bir gektardan oʻrtacha 50 million soʻmdan sof foyda olindi.
Shuningdek, 44 ta yangi qishloq xoʻjaligi kooperativi tashkil etilib, ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun 307 million soʻmlik subsidiya ajratildi. Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi aholi xonadonlari va dehqon xoʻjaliklariga 1,7 milliard soʻmlik subsidiya, 324 million soʻmlik grant mablagʻini berdi.
2025-yilda viloyatda 32 ming 880 oilani kambagʻallikdan chiqarish belgilangan edi. 167 ming oilaning turmush sharoiti oʻrganilib, 87 mingtasi “Kambagʻal oilalar reestri”ga kiritildi. Shuningdek, 61 ming 800 oilaga barqaror bandlik yoʻnalishida xizmatlar koʻrsatildi. Reestrda turgan 53 mingdan ziyod oila aʼzosi kambagʻallikdan chiqarildi. Kambagʻallik darajasi 9,6 foizdan 6,5 foizga tushirildi. Viloyatdagi 60 ta mahalla kambagʻallikdan xoli hududga aylantirildi. Bu yil 507 ming kishini doimiy ishga joylashtirish, daromadini oshirish va yashirin ish oʻrinlarini “soya”dan chiqarish boʻyicha rejalar ishlab chiqilgan.
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha “Qamashi tajribasi” ishlab chiqildi. Natijada 27 ming 774 kambagʻal oila, mahalla raisi va bank oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzildi hamda zarur xizmatlar biriktirildi. Jumladan, 4672 fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlash chorasi koʻrildi. Shuningdek, 2682 kishiga yer ajratildi, 4914 yurtdoshimiz kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kambagʻal oilalarning 3836 aʼzosiga 72,2 milliard soʻmlik imtiyozli kredit berildi.
Bu yil loyihaviy yondashuv asosida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyiliga koʻra, yuqori daromadli eksportbop mahsulotlar yetishtiruvchi mahallalar sonini 195 taga yetkazish moʻljallangan. Xususan, 36 mahallada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda aholi koʻnikmalarini oshirish uchun usta-dehqonlar yollanadi. Ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 12 mahallada namunali tomorqalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 18 mahalladagi aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsion loyihalar uchun grant ajratiladi. Shuningdek, 2026-yilda 21 ming 628 oila kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olinadi. Yil yakunigacha kambagʻallik darajasini 3,3 foiz qisqartirishga erishiladi.
Bu vazifalarni bajarish uchun imkoniyat ham, mablagʻ ham, qarorlar ham bor. Faqat qatʼiy intizom, masʼuliyat va shaxsiy javobgarlikni yoʻlga qoʻyib, vijdonan ishlash zarur.
Agrar soha taraqqiyoti yangi bosqichda
Bugun oʻziga xos anʼanalarga ega Qashqadaryo dehqonchilik maktabi tobora rivojlanib, agrar soha taraqqiyoti yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Buning tasdigʻini oʻtgan yili viloyatda 1 million tonnaga yaqin gʻalla, 552 ming tonna paxta, 950 ming tonnadan ortiq sabzavot va poliz mahsulotlari, 347 ming tonna meva hamda uzum, 230 ming tonna kartoshka, 2900 tonna pilla yetishtirilgani misolida yaqqol koʻrish mumkin. Chorvachilikda 522 milliard soʻmlik 251 ta loyiha amalga oshirilib, chet eldan 15 ming bosh qoramol, 50 ming bosh qoʻy olib kelindi.
Kelgusida ham goʻsht va sut yetishtirish hajmini oshirish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, xorijdan zotdor mollarni olib kelib koʻpaytirish boʻyicha izchil ishlashimiz zarur. Yangi bogʻ va tokzorlar barpo etish, meva-sabzavotni qayta ishlash, eksportini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yirik loyihalar ishga tushiriladi.
Oʻtgan yili yalpi hududiy mahsulotda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ulushi 52 trillion soʻmni tashkil etdi. Jumladan, 111,7 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsuloti eksport qilindi. Bu koʻrsatkich umumiy eksportning 21 foiziga teng. Shuningdek, 18 ta parrandachilik, 6 ta baliqchilik loyihasi ishga tushirildi, 2600 tonna asal yetishtirildi.
Qashqadaryo — agrar viloyat, lekin endi eski usullar bilan yuqori natijaga erishib boʻlmaydi. Prezidentimiz koʻrsatmalaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni jadallashtirish yoʻlida eng muhim vazifalarni belgilab olganmiz. Avvalo, mintaqamizda yildan yilga kuchayib borayotgan suv tanqisligi sharoitida zaxiralarning har qatrasidan unumli foydalanishimiz shart. Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish, kanal, ariqlarni betonlashtirish, suv olish nuqtalarida oʻlchash vositalari va toʻsiqlar oʻrnatishimiz lozim.
Paxtachilikda ham samaradorlik yuqori boʻldi. Oʻtgan yili 27 ming gektar yerga xorijiy navdagi chigit ekildi. “Shinjon” texnologiyasi qoʻllanib, yuqori hosil olindi. 2026-yilda mazkur texnologiya 55 ming gektarda joriy qilinadi. Albatta, har gektar yerdan olinayotgan daromad uchun ham, sarf-xarajat uchun ham aniq hisob va javobgarlik mavjud. Shu maʼnoda, ekinlarni ekish va sugʻorishni raqamlashtirish chorasi koʻriladi. Bu jarayonda ilm-fan yutuqlarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bunyodkorlik manzillari
Bugun Qashqadaryo ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Quruvchilar azmu shijoati bilan shaharu qishloqlarimiz qiyofasi kun sayin koʻrkamlashmoqda. Yangi bino va inshootlar, yoʻllar, koʻpriklar, infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. Jumladan, oʻtgan yili viloyatimizda 176 ta koʻp qavatli uy-joy qurish belgilangan edi. Amalda 208 tasi foydalanishga topshirildi. Joriy yil uy-joy dasturi boʻyicha 7510 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilishi moʻljallangan.
Tabiiyki, bunda son bilan birga sifatga ham alohida eʼtibor beriladi.
Transport sohasida ham aholiga koʻplab qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, 2025-yili zamonaviy 26 ta avtobus va 39 ta mikroavtobus xarid qilinib, tegishli yoʻnalishlarga qoʻyildi. “Qarshi avtoshohbekati” qurib bitkazildi, 65 ta oraliq bekat qurildi va rekonstruksiya qilindi. Qarshi va Shahrisabz shaharlarida 75 ta oraliq bekat qurish va rekonstruksiya qilish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, 2025-yili yoʻl qurilishi va taʼmirlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, 1391 kilometr avtomobil yoʻli va 9 ta koʻprik rekonstruksiya qilindi hamda taʼmirlandi. Joriy yilda tegishli davlat dasturlari asosida 435,5 kilometr yoʻl taʼmirlanadi hamda 27 ta koʻprik qayta quriladi.
Turizm drayver sohalardan biriga aylanmoqda
Bugun mehnatkash xalqimizning dunyoqarashi, ongu shuuri, hayotga munosabati oʻzgarmoqda, yashashga ishtiyoqi oshmoqda. Odamlar yaxshi ishlagan kishi yaxshi dam olishi zarurligini tobora koʻproq anglab borayotir. Aytaylik, soʻlim tabiat qoʻynida maroqli hordiq chiqarish, mehnat jamoasi hamda oila aʼzolari bilan sayohatga chiqishni anʼanaga aylantirib borayotir.
Hisor togʻlari bagʻridagi Miraki turizm mahallasi bugun nafaqat vohamiz va mamlakatimiz, balki xorijlik sayyohlar bilan ham gavjum goʻshaga aylandi. Kechagina Oqdaryo qirgʻogʻi boʻylab betartib choʻzilib ketgan koʻrimsiz supalar, qurum bosgan qozon-oʻchoqlar oʻrnini bugun zamonaviy mehmonxonalar, xostellar, mehmon uylari egallamoqda. “Miraki” MFYdagi 240 gektarli “Shahrisabz” turistik markazida umumiy 1050 oʻringa moʻljallangan ikkita 3 yulduzli mehmonxona, xostel va savdo-koʻngilochar markazi, avtoturargoh hamda restoran ishga tushirildi.
Oʻtgan yili viloyatda 6 ta mehmonxona, 15 ta xostel va 26 ta mehmon uyi tashkil etildi. Shu tariqa turizm sohasida 1283 ta ish oʻrni ochildi. Bundan tashqari, Qamashi va Kitobda 3 ta kemping, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 40 ta kapsula uy tadbirkorlar tomonidan bunyod etildi. Yana 15 ta turoperator faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular soni 66 taga yetkazildi.
2025-yili viloyatga 3,6 million mahalliy, 604 ming xorijlik sayyoh keldi. Shu bilan turizm xizmatlari eksporti qiymati 121 million dollarga yetdi. Bu yil 3,7 million mahalliy, 620 ming nafar xorijlik sayyohlar kelishi va turizm eksporti qiymati 124 million dollarga yetishi kutilyapti. Bunday deyishga yetarli asoslarimiz bor.
Ikki yil avval Shahrisabzdagi “Miraki” MFYga “turizm mahalla”si, oʻtgan yili Kitobdagi Bashir, Qaynar va Shahrisabzdagi Gʻelon qishloqlariga “turizm qishlogʻi” maqomi berildi. Joriy yilda Kitob tumanidagi Jayraxona va Yakkabogʻ tumanidagi Tatar qishloqlari “turizm qishlogʻi”ga aylantiriladi. Qolaversa, Qarshi shahrida Nasaf koʻchasi va “Vatanparvar” bogʻi hududida 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi 2 ta gastronom koʻcha tashkil etildi. Bunday koʻchalar aholi va sayyohlar uchun mazali taomlar isteʼmol qilish, aylanib dam olish imkonini beradi. Joriy yilda bunday koʻchalar soni 12 taga yetkaziladi. Turistlar soni oshishi natijasida Shahrisabz — Toshkent yoʻnalishidagi samolyotlar oʻtgan yildan haftasiga 6-marta qatnamoqda.
Bu yil “Shahrisabz” turistik markazida qiymati 500 milliard soʻmlik 13 ta loyihani amalga oshirish, bu orqali 300 ta yangi ish oʻrni ochish koʻzda tutilgan. Shuningdek, “Maydanak baland togʻ” turistik markazida umumiy qiymati 49,3 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu ham sayyohlik sohasi rivojiga oʻziga xos hissa boʻlib qoʻshiladi. Shu bilan birga, Qamashida 65,7 gektar, Gʻuzorda 42 gektar hamda Shahrisabz tumani Hisorak — Gʻelon yoʻli boʻyida 16,3 gektar maydonda turizm infratuzilmasi rivojlantiriladi. “Chimqoʻrgʻon” va “Pachkamar” suv omborlarining asosiy faoliyatiga taʼsir etmaydigan hududlarida suv turizmi tashkil etiladi.
Qarshi shahriga keladigan turistlar uchun Yerqoʻrgʻon tarixiy shahrining ochiq osmon ostidagi muzey qoʻriqxona-arxeologik parki bunyod etilayotgani ham oʻziga xos yangilik. Qashqadaryo tarixi va madaniyati davlat muzeyini “Vatanparvar” bogʻidagi muzey binosiga koʻchirish orqali viloyatda yagona ixtisoslashgan zamonaviy muzey tashkil etish rejalashtirilgan.
Tibbiyotdagi oʻzgarishlar — samaradorlik koʻzgusi
Keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida tub oʻzgarishlar yuz bermoqda. Xalqimiz islohotlar samaradorligiga, eng avvalo, tibbiyotdagi oʻzgarishlarga qarab baho beradi degan yondashuv soha xodimlarini yanada masʼuliyat bilan ishlashga undamoqda.
Tibbiy xizmatning xalqaro tajribaga asoslangan, tizimni aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi modeli joriy etilyapti. Sohaga byudjetdan ajratilayotgan mablagʻ bir necha karra oshdi. Xususan, viloyatimizning oʻzida tibbiyotga davlat byudjetidan yiliga 3 trillion soʻm mablagʻ sarflanmoqda.
2025-yili 7000 dan ortiq yuqori texnologik jarrohlik oʻtkazildi. Kitob va Kasbi tumanlarida ilk bor buyrak transplantasiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Xususiy tibbiyot ham jadal rivojlanmoqda. Viloyatda bunday muassasalar soni 748 taga yetdi. Tibbiy turizm salohiyati oshmoqda. Boshqa viloyatlar, qoʻshni davlatlardan ham bemorlar davolanish uchun vohadagi nufuzli klinikalarga murojaat qilayotir.
Davlatimiz rahbari Shahrisabz shahrida ochilgan “Oqsaroy” klinikasi bilan tanishib, bunday innovatsion muassasalar tibbiyotda sifat, dunyoqarashni oʻzgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini alohida taʼkidladi. Bu yerdagi tizimni andoza qilib, respublikaning barcha hududida shunday klinikalar tashkil etish boʻyicha alohida koʻrsatma berdi.
Raqamlashtirish yoʻnalishiga 18 milliard soʻm ajratilib, barcha tibbiyot muassasalarida yagona axborot tizimi joriy etildi. Yangi tizim joriy qilingan Kitob tumanida tibbiyot brigadalari va aholi oʻrtasida ikki tomonlama shartnoma tuzildi. Natijada aholining birlamchi boʻgʻinga murojaati 30 foizdan 70 foizga oshdi, tuman yoki viloyat shifoxonalariga murojaat 35 foiz kamaydi.
Qashqadaryo tajribasi asosida tibbiyot brigadalarini ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilgani sababli 250 fuqaroda onkologik kasalliklar erta bosqichda aniqlanib, 40 milliard soʻm tejaldi.
Bundan keyin ham birlamchi boʻgʻin, yuqori texnologik tibbiy yordam turlarini kengaytirish, raqamlashtirish, xizmatlar shaffofligini oshirish, tibbiy sugʻurtani takomillashtirish ustuvor masala boʻlib qoladi. Asosiy maqsadimiz — xalqni tibbiyot tizimi xizmatidan rozi qilish.
Hamjihatlik, tarbiya va adolat maskani
Viloyatimizdagi tizimli ishlar natijasida 66 ta mahalla ishsizlikdan, 379 tasi jinoyatchilikdan, 235 tasi ajrashishdan xoli hududga aylantirildi. Oʻtgan yili ajrashish yoqasidagi 3500 dan ziyod oila yarashtirildi.
“Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlari boʻyicha keng koʻlamli tadbirlar oʻtkazildi. Viloyatdagi har bir tuman va shahar hududida bittadan mahalla servis kompaniyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, aholiga koʻplab turdagi xizmatlar koʻrsatib kelinayotir.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da mahallalarni mehr-oqibat, hamjihatlik, tarbiya va eng muhimi, adolat maskaniga aylantirish kabi yoʻnalishlardagi faoliyatimiz koʻlami yanada kengayadi.
Birlik, ishonch va fidoyilik
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Belni mahkam bogʻlab ishga kirishsak, biz ololmaydigan marra, biz zabt eta olmaydigan dovonning oʻzi yoʻq. Amir Temurdek buyuk ajdodimizdan jasorat, matonat, bagʻrikenglik kabi fazilatlarni meros qilib olgan mehnatsevar, samimiy va olijanob Qashqadaryo ahli bilan oldimizga qoʻygan katta-katta marralarga albatta erishamiz. Aminmanki, qashqadaryoliklar barcha islohotlarimizning oldingi safida boʻladi”.
Bugun oldimizga mana shunday katta maqsadlarni qoʻyganmiz. Lekin ular faqat bir shart bilan amalga oshadi — birlik, ishonch va fidoyilik bilan!
Qashqadaryoda loqaydlik, oʻziboʻlarchilik, boqibegʻamlik va masʼuliyatsizlik bir ogʻiz soʻz bilan “orqayinlik” deb ataladi. Bu illat mahalla-koʻy orasida ham qattiq qoralanadi. Orqayin odamga turtki va koʻmak beriladi, toʻgʻri yoʻl koʻrsatiladi, tashabbuskor kishilarga ergashtiriladi. Bu ezgu anʼanani har bir hududda davom ettiramiz.
Vohadagi har bir tuman, har bir mahalla, har bir xonadonda odamlar islohotlar nafasini chuqur his qilishi kerak. Har bir masʼul uygʻonishi, zimmasidagi masʼuliyatni, eldoshlari oldidagi burchni his qilib ishlashi zarur. Muddaomiz — shu! Ana shunda Prezidentimiz belgilab bergan strategik maqsadlarni hayotga toʻlaqonli tatbiq eta olamiz.
Murodjon AZIMOV,
Qashqadaryo viloyati hokimi