Joriy yil 14-iyul yangi Oʻzbekiston tarixida yana bir muhim kun sifatida qoldi. Shu kuni koʻpmillatli xalqimiz qatʼiy siyosiy irodasi bilan saylagan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida nutq soʻzlab, yaqin istiqboldagi taraqqiyot yoʻlimizning bosh maqsadlarini belgilab berdi.
“Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi”, dedi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, biz yangi Oʻzbekistonni qurish yoʻlidagi yaqin tariximizda oʻzgarishlar qudratini yaxshi anglab yetmoqdamiz. Oʻz navbatida, shuni taʼkidlash joizki, har bir ishning boshlanish pallasi va tashabbuskori boʻladi. Agar sud organlari tizimida odil sudlovni taʼminlash borasidagi ishlarning bugungi qiyofasi qanday shakllandi, oʻzgarishlar qachon boshlandi, degan savol berilsa, javobimiz tayyor.
2017-yil 13-iyun. Shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida sud organlari tizimida odil sudlovni taʼminlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.
Oʻsha yigʻilishda davlatimiz rahbari sud hokimiyati mustaqilligini amalda taʼminlash, uni jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik oʻzgarishlarning muhim vositasi boʻlgan institutga aylantirishga qaratilgan qator tarixiy tashabbuslarni ilgari surdi.
Biz bu uchrashuvni nima uchun tarixiy, deyapmiz. Boisi, men 57 yildirki, shu sohada mehnat qilib kelyapman, lekin biror marta davlat rahbari va sudyalar oʻrtasidagi bunday ochiq, samimiy muloqotni koʻrmadim. Eng muhimi, shu uchrashuvda davlat rahbari ilgari surgan xalqparvar tashabbuslar sud hokimiyati tizimida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.
Bu haqda batafsil soʻz yuritishdan oldin bugungi jamiyatimizning yangi qiyofasiga asos solgan islohotlar mazmun-mohiyatiga nazar tashlasak.
Bugun hech bir soha yoʻqki, tubdan oʻzgarmagan boʻlsin. Tashqi siyosat nuqtayi nazaridan, qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlar tiklandi. Avvallari yaqin qarindoshlarini koʻrish ilinjida fuqarolarimiz chegaradan oʻtolmay yigʻlab oʻtirardi.
Oʻzbekistonda 30-50 yillab muqim yashagan hamyurtlarimiz fuqarolik ololmay sarson, chorasiz edi. Bugun ular sarson yo chorasiz emas. Minglab shunday hamyurtlarimiz Oʻzbekiston fuqarosi, degan yuksak sharafga erishdi. “Endi men ham Oʻzbekiston fuqarosiman, saylanaman, saylovda ovoz beraman”, deya farzandlarini quchoqlab yigʻlagan odamlarni koʻrdik.
Toshkentda “propiska”ga doir mantiqsiz siyosat-chi? Oʻzimizning mamlakat ichida erkin harakatlana olmas edik. Bu yashash huquqini cheklashmi? Cheklash. Bu katta adolatsizlikmi? Ha.
Yoki yana bir hayotiy misol. Oradan uch-toʻrt yil oʻtib, yaqinda Denovga bordim. Tuman markazidagi qurilishlarni koʻrib hayratim oshdi. Toshkentdan hech farq qilmaydi. Bu ham mayli. Denovda togʻli qishloqlar ham koʻp. Yaqin-yaqingacha bilganim – bu qishloqlarda odamlar uchun eng qulay transport ot yo eshak edi. Chunki ularda avtomobil yoʻllari yoʻq edi-da. Qarang, uch-toʻrt yil ichida bu manzillarga borish uchun shunday ravon yoʻllar qurilibdi, koʻrib havas qilasiz. Beixtiyor “Ha, boʻlar ekan-ku”, deysiz.
Har bir oila eʼtiborda boʻlgan yana bir mehrli siyosat haqida ham aytmasak boʻlmas. Bugun davlatimizning xalqchil siyosati har bir oilaga kirib boryapti. Gap shundaki, Prezidentimiz odamlar tomorqasidan daromad olishigacha eʼtibor beryapti. Bu shunchaki oddiy gap emas. Buning zamirida katta mehrli siyosat turganini unutmasligimiz kerak.
Davlatimiz rahbari gender tenglik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratib keladi. Tariximizga bir nazar tashlasak, uddaburon ayollarimiz, onalarimiz koʻp boʻlganiga ishonch hosil qilamiz. Ular ijodkor, rahbar, siyosiy yetakchi, vatan himoyachisi boʻlgan. Bugun ham opa-singillarimiz, qizlarimiz, nevaralarimiz vujudida oʻsha mard va jasur, fidoyi va tadbirkor momolarimiz qoni oqmoqda. Shuning uchun bugungi Oʻzbekiston xotin-qizlari – olim, fermer, hokim, tadbirkor, huquqshunos, siyosatchi, mehribon ona. Hamma ishning uddasidan chiqadi.
IX-XI asrlarda Oʻzbekiston zaminida xotin-qizlar akademiyasi boʻlgani, bu yerga 40 ga yaqin mamlakatdan kelib oʻqib ketishgani haqida maʼlumotlar bor. Prezidentimizning xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlaridan kelib chiqqan holda, yangi Oʻzbekistonda yana oʻsha xotin-qizlar akademiyasini tiklab, zamonaviy tendensiyalar asosida ishga tushirsak, gʻoyat tahsinga loyiq ish boʻlishiga shubha yoʻq.
Aytganimizdek, yurtimizda iqtidorli, ishchan, mehribon, fidoyi xotin-qizlar juda koʻp. Faqat ularni tanlab joyiga qoʻysak bas. Shuning uchun ham Prezidentimiz bu masalaga bejiz eʼtibor qaratmayapti. Bu bizga faqat yaxshilik olib keladi, dunyo mamlakatlari ichida ilgʻor boʻlishimizga xizmat qiladi.
Majburiy mehnatga barham berilgani-chi? Bu ham nihoyatda katta siyosiy iroda bilan amalga oshirildi. Men oʻtgan asrning 50-yillaridan buyogʻini yaxshi eslayman. Togʻda yashaydigan odamlarni ham paxta terimiga olib kelishardi. Ayollar, bolalar zax shiyponlarda yotardi. Oqibatda qanchadan-qancha bolalar nogiron tugʻildi. Qanchadan-qancha avlodni boy berdik. Bu mustaqillikdan keyin ham – yaqin yillargacha davom etdi-ku!
Qariyb bir asrlik bu tizimga bir urinishda, bitta siyosiy iroda bilan ortga qaytmas tarzda barham berish oson ish emas edi. Xayriyatki, shunday boʻldi. Ammo bu yoʻlning qanchalik murakkab, oʻz navbatida, sharafli ekanini haligacha anglab yetmayotgan odamlarimiz bor oramizda. Bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻlgan, deb oʻylaydiganlar oz emas.
Bogʻbon boʻlmay bilmas gulning qadrini, ari boqmay bilmas bolning qadrini, deydi xalqimiz. Shu bois, biz hayotimizda boʻlayotgan katta-katta islohotlarning qadrini, mazmun-mohiyatini teran anglashimiz, qadriga yetishimiz kerak. Shundagina jamiyatimizda hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlanadi. Shundagina islohotlarimiz ruhi va shukuhi bugungidan-da fayzli boʻladi.
Biz gapimizni bejiz sud hokimiyati va odil sudlov tizimidan boshlab, soʻng jamiyatimizning yangi qiyofasiga asos solgan islohotlardan ayrimlariga toʻxtalmadik. Gap shundaki, har bir taraqqiyot davrining oʻziga xos xususiyatlari, asos va omillari, maqsadlari boʻladi. Agar Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davri mezonlari haqida soʻralsa, hech ikkilanmasdan aytish mumkin boʻlgan uchta muhim maqsad bor. Birinchisi – xalqimizning hayotda munosib yashashga boʻlgan uzoq yillik orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi saʼy-harakatlar. Ikkinchisi – xalqqa xizmat qiladigan davlatchilik tuzulmalarini yaratish. Uchinchisi – inson qadrini yuksaltirish siyosatiga asoslangan milliy qonunchilik bazasini mustahkamlash.
Yuqorida xalqimiz hayotida boʻlgan oʻzgarishlarning ayrimlarinigina aytdik, xolos. Navbatda esa, bu tizimning huquqiy asoslarini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar mohiyatiga eʼtibor qaratmoqchimiz.
Bu oʻrinda yana 2017-yilning 13-iyunida Prezidentimiz bilan boʻlgan muloqotga qaytamiz. Oʻshanda davlat rahbari odil sudlov tizimidagi kamchiliklarimiz haqida gapirib, sud tizimini jazolovchi organ emas, balki xalqni himoya qiluvchi tuzulmaga aylantirish borasida gapirgan edi. Adolat – adolat, haqiqat – haqiqat boʻlishi kerakligini aytgan edi.
Soʻngra sud hokimiyati vakillarini ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik ustuvor boʻlishiga chorlagani ham yodimizda. Bu gaplar zamirida juda katta hayotiy haqiqat va falsafiy maʼno borligini oʻshanda kimdir tushundi, kimdir yoʻq. Chunki sudyalarimiz oʻsha vaqtda hali katta oʻzgarishlarni qabul qilishi qiyin edi-da.
Shundan keyin tizimda juda katta oʻzgarishlar boshlandi. Sudyalarning moddiy taʼminotidan tortib oilasidagi tinchlik-xotirjamlik, shaxsiy xavfsizligigacha koʻrib chiqildi va ijobiy tomonga oʻzgardi.
Prezidentimiz yana bir muhim jihatni ham nazardan chetda qoldirmadi. Yaʼni nafaqat sudyalar, balki ular yonida ishlayotgan boshqa xodimlarning ham moddiy taʼminoti sezilarli yaxshilandi.
Oʻsha yillari adolatparvar sudyalar tayyorlash masalasi gʻoyat dolzarb edi. Shu maqsadda Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Bu kengash orqali sudyalar tanlov asosida tayinlanadigan boʻldi. Buning maqbul tomoni shundaki, endi sudyalarni tayinlash tanlov asosida amalga oshirila boshlandi. Bu joylardagi sudlarni malakali va vijdonli sudyalar bilan taʼminlash imkonini berdi.
Natijada nimaga erishdik, degan savol boʻlishi tabiiy. Bu savolga misollar koʻp.
Islohotlar samarasi oʻlaroq, oʻtgan 6,5 yil mobaynida 4874 kishiga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, 22 ming 923 shaxs sud zalidan ozod qilindi.
Davlat organlarining noqonuniy qarori va xatti-harakatlaridan shaxsni himoya qiluvchi maʼmuriy sudlar tashkil etilishi natijasida aholi manfaatlariga zarar yetkazayotgan gʻayriqonuniy hujjatlar bekor qilindi. Misol uchun, soʻnggi olti yilda koʻrib chiqilgan 87 ming 138 ta maʼmuriy ishning 62 foizi qanoatlantirilgan.
2020-yilda Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylanishi mamlakatda inson huquqi va erkinliklari taʼminlanayotganining xalqaro eʼtirofidir. AQSH Davlat departamenti Oʻzbekiston diniy erkinlik boʻyicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar roʻyxati”dan chiqarilganini eʼlon qildi. Bunga erishish yoʻlida Oʻzbekiston ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlarni konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqdi. Jumladan, 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus roʻyxat”lardan chiqarildi.
Bundan tashqari, 2017–2021-yillarda bevosita Prezidentimiz farmoni bilan jazo muddatini oʻtayotgan 5,5 mingga yaqin mahkumga nisbatan afv akti qoʻllanildi.
Endi oʻzingiz bir oʻylab koʻring. Birgina sud hukmi bilan oqlangan minglab fuqarolar oilasiga ular bilan birga farovonlik, bagʻri butunlik, kelajakka ishonch ruhi qaytdi. Bu ham mehrli siyosatimizning insonparvar namunasi sifatida jamiyatimizning yangi, koʻtarinki qiyofasiga asos soladimi? Ha, albatta!
Mavridi kelganda, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz prinsipidan kelib chiqib, yana bir yangilik haqida aytmoqchiman. Bu yoshlar taqdiri bilan bogʻliq. Gap shundaki, 18 yoshga toʻlmagan, yaʼni voyaga yetmagan yoshlar bilib-bilmay jinoyat qilgan boʻlsa (ogʻir, oʻta ogʻir jinoyatlardan tashqari), ular sud tomonidan berilgan jazoni oʻtab boʻlishi bilan sudlanmagan deb hisoblanishi boʻyicha ham taklif bildirilgan. Hozir bu boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish kiritish jarayoni ketyapti.
Hayotimiz farovonligi koʻzlangan islohotlar taʼsirchanligi, bardavomligi va ortga qaytmasligining huquqiy asoslarini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqida gapirganda shu yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatisiz maqsadga erishib boʻlmaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda moddalar va normalar sezilarli koʻpaygani bejiz emas. Buning tahlili shundan dalolat beradiki, Bosh qonunimiz xalqqa yaqinlashtirildi, yaʼni oddiy odamlar oʻqiganda oʻzining majburiyatlarini ham, huquqlarini ham bevosita tushunadigan boʻldi. Shuning uchun bu Konstitutsiyani xalq qoʻllab-quvvatladi. Matbuot orqali boʻladimi, boshqa vositalar orqali boʻladimi, hamma oʻz takliflarini berdi, fikrini aytdi.
Shu oʻrinda yana bir mulohazani aytmoqchiman. Prezidentimiz nima uchun bu Konstitutsiya xalqchil boʻlsin, “xalq Konstitutsiyasi” boʻlsin, deya jon kuydirdi? Boisi, u hokim boʻlib ishlaganida ham, Bosh vazir lavozimida faoliyat yuritganida ham doimo xalq ichida yurdi. Xalq dardini bildi, qaygʻusiga, tashvishiga sherik boʻldi.
Bugun oddiy odamlarning muammolariga yechim topish zamoni kelgan. Mana shu ezgu ishlarning bosh asosi va huquqiy zamini yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz darajasida mustahkamlangani boisi ham shu aslida.
Fikrimizni, kasbimiz nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda, baʼzi misollar bilan asoslaylik. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdan juda xalqchil masalalar oʻrin olgan. Shulardan biri – shaxsiy huquq va erkinliklar masalasi.
Toʻgʻri, bu ilgari ham boʻlgan, lekin mukammal va xalqchil emas edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”, deb belgilab qoʻyildi.
Mana shu normaning oʻziyoq fuqarolar shaxsiy huquq va erkinligini taʼminlash borasida katta yutuqqa erishganimizni koʻrsatadi. Buning mohiyatini bilish uchun oldingi tizimga qaytamiz. Ilgari tergovga jalb etilgan gumondor oʻz aybini boʻyniga olsa, shuning oʻzi koʻpincha fuqaroni aybli deb topish uchun uchun yetarli hisoblanardi.
Hech kim bilmasdiki, u bu aybni qanday sharoitda boʻyniga oldi. Tergovda bor yoki yoʻq aybini boʻyniga olishi uchun tazyiq oʻtkazildimi, tahdid qilindimi, unchalik eʼtiborga olinmasdi.
Endi bunday boʻlmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga koʻra, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hatto, eʼtibor bering, agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi ham belgilab qoʻyildi. Yaʼni, aytaylik, bir fuqaro tergovda yo sudda oʻz aybini tan oldi, lekin bu asos unga nisbatan hukm chiqarishga yoʻl bermaydi. Shunday taqdirda ham uning aybini boshqa inkor qilib boʻlmaydigan dalillar bilan isbotlash kerak boʻladi.
Buning zamirida juda katta hayotiy yutuq borligini, bir inson taqdiri, uning ortidagi farzandlar, ota-ona yoki qarindoshlar tinchligi, xotirjamligi, farovonligi mana shu norma asosida ham taʼminlanganini keng mushohada qilib koʻrgan kishi darhol anglab yetadi.
Yana bir muhim jihat bor. Bu – sud hukmida Konstitutsiyani ham toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash masalasi.
Masalan, fuqarolarning ijtimoiy huquqi. Ilgari homilador ayollar ishga qaytsa, “oʻrningizga boshqa kishini oldik”, deya ishdan nohaq boʻshatish holatlari ham koʻp uchrardi.
Endi hech bir ish beruvchi bunaqa qilolmaydi. Ayollarimiz tugʻruq taʼtilidan keyin yana oʻz ish oʻrniga hech xavotirsiz qaytib keladi. Chunki Bosh qonunimizda “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”, deyilgan.
Ish beruvchi bu kabi ayollarni ishga qabul qilishdan boʻyin tovlasa yoki ish haqini nohaq kamaytirsa, sud uni Konstitutsiya normasini buzganlikda ayblab, jazolashi mumkin boʻladi.
Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin hozir Prezidentimiz bilan 2017-yildagi oʻsha tarixiy uchrashuvni eslab, yana bir muhim gap xotiramda jonlandi.
Davlatimiz rahbari oʻshanda kim boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzimizning fuqarolarmi, xorijlik fuqaromi, sud idoralariga kirgan kishi, adolat va haqiqat bor ekan, deb chiqib ketishi kerak, degan maʼnoda gapirgan edi.
Bugun shunday boʻlyaptimi? Boʻlyapti. Keling, shu haqda ham bir ogʻiz gapirsak.
Prezidentimiz sudlar oldiga tadbirkorlar manfaatini himoya qilish, ularga har jihatdan yordam koʻrsatish masalasini ham qoʻygan edi.
Yangi Oʻzbekiston bugun har jihatdan investorlar uchun jozibador mamlakatga aylandi. Investorlarni himoya qiladigan qonunchilik bazasi shakllandi. Buning samarasida mamlakatimizga kirib kelayotgan investorlar oqimi koʻpaydi. Ular bizda katta-katta zavodlar, fabrikalar qura boshladi. Bugun bu korxonalarda minglab yurtdoshlarimiz mehnat qilmoqda.
Tahlil qilib koʻrsak, investorlar bizga taraqqiyot asosini olib kiradi. Shuning bilan birga, mamlakatimizda bunyod etgan inshootlarini, zavod-fabrikalarini keyin oʻzi bilan olib ketmaydi-ku. Ular bizda qoladi. Demak, avvalo, xalqimiz manfaatdor boʻladi.
Shuning uchun ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda jamiyatimizning iqtisodiy negizi sifatida qator muhim normalar aks ettirildi. Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekani, Oʻzbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanishi shular jumlasidandir.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida barcha sohalar rivojlanishi, har kim oʻziga berilgan konstitutsiviy majburiyatlarini vijdonan bajarib, huquqlaridan toʻla-toʻkis foydalanishi, milliy davlatchiligimiz takomillashishi uchun mustahkam zamin yaratildi.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Biz Konstitutsiyamizni toʻliq bilishimiz kerak. Buning uchun Konstitutsiyada aks etgan normalarni nafaqat jamoatchilik bilan birga, balki har bir oila davrasida oʻqib-oʻrganish ayni muddao boʻlar edi.
Shundagina Bosh qonunimiz har tomonlama mukammal va xalqchil Konstitutsiyaga aylanishiga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Shundagina uni hayotga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq etish uchun zamin yaratamiz.
Agar konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlarimizni mukammal darajada bilib, unga amal qilsak, adolat va haqiqat hech qachon buzilmaydi.
Bugun hayotimizda tahlillar va taqqoslar koʻp. Har bir kunimiz yaxshi yangilik bilan toʻla. Bu ham bejiz emas. Boisi, islohotlar toʻxtab qolmayapti, aksincha, jadal davom etayapti.
Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan katta islohotlar va ularning huquqiy asoslari haqida gapirganda, bu kabi olijanob maqsad zamirida “Inson – jamiyat – davlat” degan buyuk gʻoyaning hayotiy ifodasini koʻramiz.
Mana shuning uchun ham xalqimiz oʻz Prezidenti – Shavkat Mirziyoyevga komil ishonch bilan ovoz berdi. Bu kelgusida yangi taraqqiyotga zamin yaratish yoʻlidagi buyuk ishonch ruhidan darak beradi. Mana shuning uchun ham biz davlatimiz rahbari boshchiligida tanlagan yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmasligimizga va maqsadlarimiz, albatta, roʻyobga chiqishiga ishonamiz.
Ubaydulla MINGBOYEV,
Oʻzbekiston sudyalari assotsiatsiyasi raisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist.