Avvalo, Oʻzbekiston oʻzini ijtimoiy davlat sifatida namoyon etmoqda. Yurtimizda har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayonda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlari muhim oʻrin tutadi. Mahalla tizimi orqali aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, ehtiyoj­mand qatlamlarga amaliy yordam koʻrsatish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Natijada insonni himoya qilish va qadrini yuksaltirish amaldagi islohotlar markazidan oʻrin olmoqda.

Mamlakatimizda ilgari “xalq — davlat uchun” degan qarash ustun boʻlgan boʻlsa, bugun “davlat — xalq uchun” degan prinsip ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Mahalliy kengashlar vakolatlarining kengayishi, joylardagi muammolarni hal etishda deputatlar faolligining ortishi demokratik boshqaruvning muhim belgisidir. Ayniqsa, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash, rahbar va ilmiy sohadagi ayollar sonining ortishi jamiyat taraqqiyotining muhim koʻrsatkichiga aylanyapti.

Keyingi yillarda mamlakatda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay huquqiy va institutsional muhit yaratilmoqda, soliq imtiyozlari, kredit va subsidiyalar tizimi takomillashtirilmoqda. Xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar doirasida 1,5 millionga yaqin ayolni iqtisodiy faollikka jalb etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinyapti.

Yoshlar siyosati ham yangi bosqichga koʻtarilib, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan doimiy muloqoti, haftaning muayyan kunini yoshlar bilan uchrashuvlarga bagʻish­lash tashabbusi yosh avlod muammolarini toʻgʻridan toʻgʻri hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa inson kapitaliga investitsiya kiritishning amaliy ifodasidir.

Aholining katta yoshli qatlami hamda nuroniylarga eʼtibor kuchayib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini muhofaza qilish, muntazam tibbiy koʻriklar tashkil etish tizimli tus oldi. Shu bilan birga, ichki turizmni rivojlantirish orqali aholining madaniy hordiq chiqarish imkoniyati kengaymoqda. Mahalla, tashkilot va jamoalarda sayohat hamda ziyorat tadbirlarining muntazam yoʻlga qoʻyilishi jamiyatda ijtimoiy birdamlik, milliy qadriyatlarni mustahkamlamoqda.

Yosh avlodni Uchinchi Renessans poydevori sifatida tarbiyalash davlat siyosatining strategik yoʻnalishiga aylangan. Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining tashkil etilishi yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Olimpiada gʻoliblarini ragʻbatlantirish, ularni tayyorlagan ustozlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqituvchi maqomining Kons­titutsiya darajasida mustahkamlanishi taʼlim sohasidagi islohotlarning chuqur mazmunga ega ekanini koʻrsatadi.

Sport sohasida erishilayotgan yutuqlar, xususan, shaxmat boʻyicha Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov kabi yoshlarning jahon miqyosidagi muvaffaqiyatlari mamlakatimizda iqtidorli yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekis­tonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga xizmat qilayotgan strategik institut sifatida namoyon boʻlmoqda. Jamgʻarma doirasida dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar soni ortib borayotgani, ularning xalqaro ilmiy makonda oʻz oʻrnini topayotgani inson kapitaliga qaratilayotgan eʼtibor samarasi.

Insonni qadrlash faqat ijtimoiy himoya bilan cheklanmay, fuqarolarning salomatligi va turmushi sifatiga doimiy ­eʼtibor qaratishni ham taqozo etadi. Soʻng­gi yillarda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilayotgani, piyoda yurishni ommalashtirish, ommaviy yugurish marafonlari, “10 ming qadam” kabi tashabbuslar odamlarning kundalik hayotiga ezgu odatlarni kiritishga xizmat qilyapti. Sport infratuzilmasi kengayib, zamonaviy sport inshootlari barpo etilmoqda, aholi uchun bepul va ommaviy sport maydonlari soni koʻpaymoqda.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va faol tashqi siyosati mustaqillikning eng muhim amaliy ifodalaridan. 2025-yilda YUNESKOning 43-sessiyasi Samarqand shahrida oʻtkazilgani nafaqat tarixiy voqea, balki mamlakatimizning tinchliksevar, bagʻrikeng va ochiq davlat sifatidagi eʼtirofi ifodasidir. Ushbu nufuzli anjumanda koʻplab davlatlar va xal­qaro tashkilotlar vakillarining ishtirok etishi, minglab xorijiy mehmonlarning yurtimizga tashrifi Oʻzbekistonga ishonch va qiziqish ortib borayotganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, “C5+1” formatidagi muloqotlar, jumladan, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik Oʻzbekiston tashqi siyosatining koʻp vektorli va pragmatik xarakterga ega ekanini namoyon etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar mustahkamlanayotgani, mintaqadagi davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va qoʻshma tashabbuslari mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.

Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi, ushbu markazning jahon ilmiy va madaniy merosini oʻrganishdagi ahamiyatini eʼtirof etishi mamlakatimizning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatiga berilgan yuksak baho boʻldi. “Kelajak merosi” kabi xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan shaxslar faoliyatining eʼtirof etilishi esa Oʻzbekistonning global madaniy va intellektual makondagi oʻrni tobora mustahkamlanayotganini anglatadi.

Keyingi yillarda turkiy davlatlar bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilib, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yanada chuqurlashmoqda. Bu hamkorlik doirasida oʻzaro madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy forumlar, taʼlim dasturlari faol yoʻlga qoʻyilgani xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqinlikni mustahkamlayapti.

Istiqlol yillarida Oʻzbekistonda madaniy-maʼnaviy merosni tiklash va jahon tamadduniga uygʻun holda rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu borada Imom Buxoriy majmuasining mutlaqo yangi qiyofada barpo etilishi, Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi nafaqat diniy-maʼrifiy, balki xalqaro ilmiy va madaniy ahamiyatga ega ulkan lo­yihalar sifatida namoyon boʻlmoqda. Ushbu markazlar orqali islom madaniyati va sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazish imkoniyati kengaymoqda.

Shu bilan birga, buyuk ajdodlarimiz merosini ulugʻlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Amir Temur tavalludining 690-yilligi, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalar yubileyi­ning keng nishonlanishi milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani mustahkamlash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tadbirlar orqali Oʻzbekiston oʻzining boy tarixiy va madaniy merosini nafaqat ichki, balki xalqaro miqyosda ham keng targʻib etmoqda.

Oʻzbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyati xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilmoqda. Xususan, 2026-yil 13-aprel kuni Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi boʻyicha “Ginnessning rekordlar kitobi”ning rasmiy rekordiga sazovor boʻldi. Tantanali taqdirlash marosimida Ginness rekordlari tashkilotining rasmiy vakili, sudya Sheyda Subasi ishtirok etib, markaz barcha xalqaro mezon va standartlarga toʻliq javob berishini tasdiqladi.

Bu markaz davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik loyi­ha boʻlib, yangi Oʻzbekistonning gumanitar qiyofasini shakllantirish, milliy oʻzlikni mus­tahkamlash hamda mamlakatimizni jahon miqyosida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon etishga xizmat qilmoqda. Eʼtiborli jihati, markaz tuzilmasida Qurʼoni karim zali alohida oʻrin tutadi. Unda eng qadimiy muqaddas qoʻlyozmalardan biri — Usmon Musʼhafi joy olgan, u YUNESKOning “Jahon xotirasi” reestriga kiritilgan.

Yurtimizda ziyorat turizmiga eʼtiborning ortishi, Xiva, Samarqand, Buxoro va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarga keluvchi sayyohlarning keskin koʻpayishi, tarixiy obidalarning tiklanishi va zamonaviy infratuzilmaning yaratilishi mamlakatimizning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Ayniqsa, tezyurar poyezdlar qatnovining yoʻlga qoʻyilishi, qulay transport va servis xizmatlarining kengayishi ichki va tashqi turizm rivojiga kuchli turtki bermoqda.

Shu kunlarda yurtimizning qaysi hududiga bormang, yangilanish ruhini, zamonaviy yondashuv va eng muhimi, odamlar qalbidagi oʻzgarishni his etasiz. Xalqning koʻzida quvonch, qalbida esa ertangi kunga mustahkam ishonch mujassam. Bu ishonch islohotlar ­samarasi, davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonch mustahkamlanayotganidan dalolat.

Xalq xotirasini ulugʻlamay turib, kelajagini mustahkam qurib boʻlmaydi. Shu maʼnoda, Shahidlar xotirasi maydoni va muzeyi, Gʻalaba bogʻi va betakror majmualari vatanparvarlik ruhini uygʻotadigan, tarixiy haqiqatni yosh avlod ongiga singdiradigan maskanlar sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu yerda fidoyi ajdodlarimizning hayoti, jasorati va burchga sadoqati namoyon boʻladi.

Aynan ana shu yodgorliklar orqali inson qadri gʻoyasi oʻtmish, bugun va kelajak oʻrtasidagi maʼnaviy koʻprikka aylanmoqda. Bu esa mustaqillikning mohiyati faqat iqtisodiy yoki siyosiy rivojlanishda emas, balki maʼnaviy xotira va tarixiy adolatni tiklashda ham mujassam ekanini koʻrsatadi.

Bugun madaniy merosni asrab-avaylash va zamonaviy taraqqiyot bilan uygʻunlashtirish Oʻzbekistonning jahon tamadduniga integratsiyalashuvida muhim omil boʻlmoqda. Bu nafaqat oʻtmishga hurmat, balki kelajakka ishonch ramzidir.

Qonun talablariga rioya qilmagan, biroq oʻz qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan hamda tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarga insonparvar yondashuvning qoʻllanishi, ularga oilasi bagʻriga qaytish va jamiyatga ijtimoiy moslashish imkoniyati berilishi oʻzbek xalqiga xos kechirimlilik, rahmdillik va bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarning amaldagi ifodasi.

Mamlakatimizda har yili amnis­tiya toʻgʻrisidagi hujjatlar qabul qilinmoqda. Bu kabi choralar jamiyatda insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash va oilaviy qadriyatlarning yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Mustaqillik Oʻzbekiston uchun faqat tarixiy voqea emas, balki jahon taraqqiyotiga integratsiyalashuvning mustahkam poydevori boʻldi. Inson qadrini ulugʻlash, ijtimoiy adolatni taʼminlash, iqtisodiy erkinlikni kengaytirish va yosh avlodni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar mamlakat taraqqiyotining barqaror va uzluksizligini taʼminlamoqda.

Feruza MUHIDDINOVA,

yuridik fanlar doktori