2016 yildan boshlangan keng ko‘lamli islohotlar natijasida davlat va jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarda siyosiy qarashlar tubdan o‘zgardi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi negizida “Inson qadri uchun” va “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyillar asosiy mezon sifatida belgilanib, barcha bo‘g‘indagi islohotlarning o‘zagini tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek: “Mamlakatning har tomonlama gullab-yashnashiga faqat kuchli va adolatli fuqarolik jamiyati sharoitida erishish mumkin”.  Bugun erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish demokratik islohotlarning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

“Xalq bilan muloqot” va ochiqlik siyosati natijasida aholining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va gumanitar muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etildi. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari xalqning ovozini davlat organlariga yetkazuvchi, muammolarni adolatli va xolis hal qilishda ko‘maklashuvchi muhim vosita sifatida maydonga chiqdi.

Bundan tashqari,  Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi xuddi mana shu tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bunyodkor g‘oyalarni o‘zida jamlagan strategik xaritadir. Murojaatnomada belgilangan ulug‘vor marralar va yangragan chaqiriqlar yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘yilayotganini anglatadi.

Keyingi yillardagi islohotlar silsilasidan yurtimizda “Inson — jamiyat — davlat” tamoyili mustahkam qaror topib borayotganini anglash qiyin emas. Darhaqiqat, qaysi sohada bo‘lmasin, yuz berayotgan har bir tarixiy yangilanish mohiyatida insonni qadrlash, jamiyatni harakatga keltirish va davlatning qudratini yanada oshirish maqsadi mujassam.

Xususan, “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” g‘oyasi konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlandi. Bu bilan insonning oliy qadriyati uning hayoti, erkinligi, sha'ni va qadr-qimmati ekani belgilandi. Shuningdek, oxirgi besh-olti yilda Bosh qonunimizda belgilangan ijtimoiy davlatning asosiy talablari hayotga izchil tatbiq etildi.

“Inson–jamiyat–davlat” tamoyiliga asoslangan islohotlar, o‘z navbatida, davlat siyosatida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etdi. Ilgari ustuvor bo‘lgan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilidan yangi bosqichga o‘tildi.

Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari inson manfaatlarini ta'minlashda davlatning teng huquqli va strategik hamkori sifatida e'tirof etilmoqda. Bu hamkorlik ularning rivojlanishi uchun yaratilgan alohida huquqiy asoslar va qarorlar qabul qilish, tizimli davlat moliyaviy ko‘magi hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faol ijtimoiy sherik sifatida ishtirok etayotganida namoyon bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda  “fuqarolik jamiyati” tushunchasining mazmun-mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish zarurati ham ayni shu umumijtimoiy voqelik bilan uzviy bog‘liq.

Bu jarayonda fuqarolar xokimiyat bilan birga ichki va tashqi siyosatning eng muhim muammolarini muxokama qilish, ularning yechimlarini topish, bu borada dolzarb vazifalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga qodir bo‘lishini hisobga olish zarur. Qonun fuqarolik jamiyati hayotidagi barcha munosabatlarni tartibga solib turadi. Fuqarolik jamiyatining asosi qonundir.

Shaxsning huquqlari va erkinliklari, qattiq intizom, ichki uyushqoqlik va mas'uliyat ustuvor bo‘lmasa, qonunlar va an'analar hurmat qilinmasa, huquqiy davlatni tasavvur etish mumkin emas.Uzbekistonda bugungi kunda erkin va farovonhayot, kuchli huquqiy-demokratikdavlat, adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

 Buning zamirida inson va uning manfaatlari mujassam bo‘lib, uning samaradorligi xalqimiz ma'naviy-ruhiy qarashlardagi yangilanish, jamiyatimiz ongu tafakkuridagi yuksalish bilan bevosita bog‘liqdir.

Davlat siyosatida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan strategik hujjatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Birinchidan, 2021 yil 4 mart kuni PF–6181-son Farmon19 bilan “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi” tasdiqlandi. Kontseptsiya sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi, mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgiladi.

 Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirdi, davlat boshqaruvida nodavlat notijorat tashkilotlarining roli hamda ahamiyati, ijtimoiy faolligi va samaradorligini oshirdi. Ikkinchidan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 83-bandida fuqarolik jamiyati institutlarini islohotlarga keng jalb qilish, ular faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish vazifalari belgilandi.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yil 26 avgust kuni imzolangan PF–124-son Farmon islohotlar uzviy davomining huquqiy asosi bo‘ldi. Bunda, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof tizimi va ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirishga qo‘shimcha sharoit yaratishga e'tibor qaratildi.

Farmon bilan sohada muhim institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti, subsidiya va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish shaffofligini ta'minlash maqsadida barcha bosqichlarni qamrab oluvchi va inson omilini keskin kamaytiruvchi yagona elektron platforma ishga tushirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish ham asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi.

Bu orqali fuqarolik jamiyati institutlari vakillari davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlariga raislik qilishi va barcha davlat idoralari bilan yillik ochiq muloqotlar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, har yili dekabrь oyida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini rivojlantirish, salohiyatini yuksaltirish, muammolar va istiqbollarni muhokama etishga qaratilgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yildi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, jamiyatni yuksaltirish insonni qadrlash, fuqarolarning davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga qaratilgan strategik ehtiyojdir. Bu bir yillik faoliyat emas, balki uzoq muddatli tamadduniy jarayon. U inson ongi, ijtimoiy institutlar va davlat siyosati uyg‘unligida amalga oshadi.


 Shavkat Nazarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi sho‘basi mudiri, y.f.n., dotsent