Muloqot Islom taraqqiyot banki missiyasining Oʻzbekistonga uch kunlik tashrifi yakunlariga bagʻishlandi. Tashrif davomida delegatsiya vakillari mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi tashabbuslar, investitsiyaviy imkoniyatlar hamda dasturlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv chogʻida tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli rejalarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Oʻzbekiston va Islom taraqqiyot banki guruhi oʻrtasidagi sheriklik portfeli 5 milliard dollardan oshgan. Shuningdek, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng boʻlgan 20 ta yangi loyihani amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.
Hamkorlik transport infratuzilmasi, energetika, suv resurslarini boshqarish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va qishloq xoʻjaligi kabi muhim sohalarni qamrab olgan.
Uchrashuv yakunida Istiqbolli investitsiya loyihalari dasturi imzolanib, yangi hamkorlik strategiyasi uchun asos boʻladigan boʻlajak loyihalar roʻyxati tasdiqlandi.