Raqobat qoʻmitasi koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlaridagi lokal qozonxonalarga issiqlik energiyasi yetkazib berish uchun tabiiy gaz tariflari kamaytirilishiga oʻz takliflari orqali erishilganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son qaroriga muvofiq, joriy yilning 1-may kunidan tabiiy gaz uchun bazaviy meʼyor va tariflar belgilangan edi.
Shuningdek, 2024-yil 31-maydagi Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga asosan, maishiy isteʼmolchini gaz bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga hamda aholi ehtiyojlari uchun lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz boʻyicha toʻlovlar va hisob-kitoblar kommunal-maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.
Mazkur talab asosida aholi ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasi yetkazib berishda lokal qozonxonalar tabiiyki, meʼyordan ortiq tabiiy gaz isteʼmol qilingan boʻlib, toʻlovlar va hisob-kitoblar 4 barobargacha qimmat tariflarda hisoblanib kelingan. Buning oqibatida aholi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasidan foydalanishda qimmat narxlarda toʻlash lozim boʻlgan.
Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida, Raqobat qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda takliflar ishlab chiqilib, Hukumatga kiritilgan edi. Ushbu takliflarni inobatga olib Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga tegishli oʻzgartirish kiritildi.
Natijada maishiy isteʼmolchilarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondidagi, yuridik shaxslar yotoqxonalaridagi, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlaridagi lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz boʻyicha toʻlovlar va hisob-kitoblar maishiy isteʼmolchilar uchun bazaviy meʼyor boʻyicha belgilangan tarif asosida (yaʼni amalda 650 soʻm) amalga oshirilishi qayd etildi.
“Endilikda, bu aholi ehtiyojlari uchun yuqoridagi subyektlardagi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi yetkazib berish xizmatlari tariflari mutanosib ravishda kamayishiga xizmat qiladi”, – deyiladi Qoʻmita xabarida.