Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-dekabrdagi “Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga hamda Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida” gi Qonuniga muvofiq xususiy tashabbuskor sifatida “Veolia” kompaniyasi tomonidan 2020-yil may oyida loyiha konsepsiyasi taqdim qilingan.

Loyiha konsepsiyasi Toshkent shahar hokimligi va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan hamda 2020-yilning 16-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.

Taqdim qilingan konsepsiyaga muvofiq loyihaning amal qilish muddati 30 yilni va loyiha qiymati 1,4 millard yevroni tashkil qilishi koʻrsatilgan. Shundan 315,1 mln.yevro - “Veolia” kompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobidan ajratiladi. 1 078,8 mln.yevro esa loyiha davri mobaynida belgilanadigan tariflar asosida issiqlik taʼminoti xizmatlarini koʻrsatishdan olinadigan daromadlar (tarif va subsidiyalar) hisobidan ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida 44,7 ming dona issiqlik energiyasi oʻlchov uskunalari, 1,2 mln. dona issiq suv hisoblagichlari, 391 ta maxsus avtomashinalar xarid qilinishi hamda 181 ta markazlashgan va lokal issiqlik qozonxonalari, nasos stansiyalari, bino va inshootlar modernizatsiya qilinishi, shuningdek 841,1 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari rekonstruksiya qilinishi va 575,6 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari yangidan qurilishi koʻzda tutilgan.

Buning natijasida, issiqlik taʼminoti samaradorligi 50 foizga oshadi hamda issiqlik yoʻqotilishi 43 foizdan 20 foizga pasaytiriladi va tabiiy gaz sarfi 45 foizga tejaladi. Loyiha davri mobaynida jami 12,2 mlrd.m3 tabiiy gaz tejalib, jami 8,1 trln.soʻmlik xarajatlar iqtisod qilinishiga erishiladi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi boʻyicha Moliya vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda “Veolia” kompaniyasi vakillari va Osiyo taraqqiyoti banki konsultantlari bilan birgalikda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki yordamida ishlab chiqilgan Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim shartlari hamda uning asosiy parametrlari “Veolia” kompaniyasi bilan kelishilgan holda bir toʻxtamga kelindi va taklif etilgan bitimning oxirgi matni Osiyo taraqqiyoti banki tomonidan yollangan yuristlar va mutaxassislar yordamida qayta koʻrib chiqilib, yakuniga yetkazilmoqda.

Loyihani amalga oshirish boʻyicha Moliya vazirligi va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori loyihasi joriy yilning 23-iyun kuni vazirlik va idoralar kelishish uchun yuborildi.

Qaror loyihasida aholi uchun tariflarni oshib ketishini oldini olish maqsadida, issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflar qoʻllash natijasida, ushbu tariflar natijasida vujudga keladigan zararlar Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan qoplab berilishi, DXSH loyihasini amalga oshirishda barcha majburiyatlar “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasiga yuklatilishi belgilangan.

Shuningdek, “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasining 20 million Yevro miqdorida xorijiy investitsiyalarini dastlabki ikki yilda jalb etilishi, Toshkent shahri issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish maqsadida, tariflar va subsidiya mablagʻlari hisobiga shakllanadigan Toshkent shahar hokimligi huzurida yuridik maqomga ega boʻlmagan alohida “Markazlashtirilgan issiqlik tizimi infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi” tashkil qilinishi koʻzda tutilmoqda.

2021-yil 1-iyun holatiga “Toshissiqquvvati” DUKning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari, shuningdek, tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va suv resurslarini yetkazib beruvchilar oldidagi, jumladan muddati oʻtgan qarzdorligini toʻlovlarni 5 yil muddatga kechiktirish va 5 yildan soʻng 10 yilgacha muddatda ushbu qarzlarni “Veoliya” kompaniyasi hisobidan qoplab berilishi rejalashtirilmoqda.

Tolib Irgashev,

Moliya vazirligi huzuridagi

Davlat-xususiy sheriklikni

rivojlantirish agentligi boʻlim boshligʻi