Yil davomida qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirib, aholining oziq-ovqatga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashning eng samarali usullaridan biri — issiqxona xo'jaliklarini tashkil etish hisoblanadi. Yurtimizda bu yo'nalish so'nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoda. Sohaga allaqachon, zamonaviy “beshinchi avlod” issiqxonlari kirib keldi. Endilikda, ular aholini ish bilan ta'minlashda ham yetakchi yo'nalishga aylanmoqda.

Joriy yilning 7-iyun kuni qabul qilingan “Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xo'jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bu boradagi ishlarni yanada faollashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Albatta, issiqxona xo'jaligiga ega bo'lish va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish istagini bildirgan aholi (tashabbuskor aholi) tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo'lgan issiqxonalarning barpo etilishi fuqarolar uchun katta imkoniyat. Biroq, mazkur qarorning boshqa muhim yangiligi bor. Unga ko'ra, qishloq xo'jaligida foydalanishga kiritiladigan er maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo'lgan paxta va g'alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bog' va tokzorlar joylashgan bo'sh er maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix bo'lgan turarjoy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar (uy-issiqxona majmualari) tashkil qilinadi. Bunday majmualarni qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Bu O'zbekistonda yangi va zamonaviy loyiha hisoblanadi. Bundan 2 yil muqaddam Turkiya kompaniyasi investitsiya mablag'lari asosida ish boshlagan “Buxara Varnet” xorij korxonasi tomonidan joriy yilda ana shunday “Issiqxonali uy”ning dastlabki namunasi korxona hududida qurib bitkazildi. Unda mustaqil ishlay oladigan oila tayyorlanib, keyin ularga topshirish ko'zda tutilgan.

Biz bu tajribani Buxoro viloyatida boshlaganimiz bejiz emas. Viloyatning ko'p erlari sho'rxok va qumloq, suv esa tanqis bo'lgani bois, bunday joylarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay hisoblanadi. Qarorda ko'zda tutilgan issiqxonalar eng zamonaviy texnologiyalar asosida quriladi. Ularda yil davomida mahsulot etishtirish imkoni bo'ladi. Bu esa mo'l va sifatli hosil olib, oilaning doimiy daromad manbaiga ega bo'lishini ta'minlaydi.

Nafaqat O'zbekiston, balki O'rta Osiyoda yagona bo'lgan ushbu loyihaga ko'ra, 20 sotix maydonning 11 sotixida innovatsion issiqxona, 9 sotixida turarjoy majmuasi qurilib, korxonada faoliyat yuritayotgan xamda ushbu soxada tajribaga ega bo'lgan yosh oilalarga berish, muhtoj oilalarni ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Oila shu yerda yashab, issiqxonada mehnat qilib, talab etilgan mahsulotarni kompaniyaga etishtirib beradi. Korxona kerakli ko'chat, mineral ozuqalarning barini o'zi etkazib beradi, tayyor mahsulotni ham o'zi oladi. Oila faqat ishchi sifatida mehnat qiladi. Buning uchun ularga doimiy oylik maoshi to'lanadi. Yana bir afzalligi, qaror bilan issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun er solig'i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig'i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o'rnatiladi.

Mazkur loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad jahon standartlariga mos sifatli hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish barobarida yosh oilalar va kam ta'minlangan oilalarga munosib ish sharoiti yaratib, doimiy daromad manbai bilan ta'minlashdan iborat. Bunda odamlarning ish jarayonini bilmasligi muammo bo'lmaydi. Ular uchun xorijlik tajribali agronomlar tomonidan maxsus o'quv kurslari o'tiladi. Keyinchalik ham ular oilaga yo'l-yo'riq ko'rsatib, issikxona ishlarini tashkil etishda ko'maklashib boradi.

Qaror bilan xususiy korxonlarga berilayotgan imtiyozlar bu ishlarni yanada faol amalga oshirishimizda tirgak bo'ladi. Xususan, uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yig'iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021-yil 31-dekabrgacha bojxona bojidan, issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2023-yil 31-dekabrgacha bojxona bojidan ozod qilinishi belgilandi.

Yaqin yillarda Buxoro viloyatida bosqichma-bosqich 400 ta “issiqxonali uylar”ni qurib, odamlarga berish rejalashtirilgan. Bu loyiha boshqa hududlarda ham keng ommalashtiriladi. Ushbu xayrli tashabbus joylarda aholini ish bilan ta'minlash, turli xildagi qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, issiqxonalar sohasida mutaxassislar tayyorlashda yangicha yondashuv, ilg'or tajriba bo'lishi shubhasiz.

Beshim HAMROYEV,

“Buxara Varnet” MCHJ xorijiy korxonasi direktori