Dunyoning 72 mamlakatida noshirlik sohasida faoliyat koʻrsatadigan qariyb 600 tashkilotning masʼul vakillari qatnashgan mazkur xalqaro anjuman jabha mutaxassislari oʻrtasida oʻzaro tajriba va fikr almashish hamda sohadagi soʻnggi yangiliklar bilan yaqindan tanishish uchun oʻziga xos maydonga aylandi.
Mazkur tadbirda ilk bor mamlakatimizdan Sharq nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, Gʻafur Gʻulom, Oʻzbekiston, Akademnashr, Yangi asr avlodi, Yoshlar matbuoti MCHJ, Fan va texnologiyalar nashriyot-matbaa uyi, Hilolnashr, Misbah kitoblar nashriyoti kabi 15 dan ortiq nashriyot hamda kitob savdosi muassasalarining mutasaddilari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Tashqi ishlar vazirligining Dunyo AA vakillari ishtirok etdilar.
Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonlik mutaxassislar xalqaro anjumanning kitobxonlikni ommalashtirish, mualliflik huquqiga rioya etilishini taʼminlash, noshirlar, yozuvchilar, madaniy-maʼrifiy muassasalar, kitob savdosi bilan shugʻullanadigan tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlash kabi yoʻnalishlari muhokamalarida faol qatnashdi. Ular anjuman doirasida soha boʻyicha hamkorlikni koʻzda tutadigan qariyb 100 ta shartnomani imzolashdi.
Bundan tashqari, ushbu xalqaro tadbir doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlar chogʻida yurtdoshlarimiz oʻzbek tilida chop etilgan asarlarni turk tili va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratishdi. Shunisi katta eʼtiborga molikki, Istanbul Xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlarining 2023- yilgi 8-anjumani oʻtkazilishida Oʻzbekiston alohida eʼtibor qaratiladigan davlat sifatida tanlangani rasman eʼlon qilindi.
— Bu ishonch biz, Oʻzbekiston noshirlariga yangilanayotgan mamlakatimizning ijod, nashriyot va matbaachilik borasidagi salohiyati va erishgan muvaffaqiyatlarini yanada kengroq namoyon etish uchun juda katta imkoniyat yaratadi, — dedi AOKA Nashriyot-matbaa sohasi va kitob savdosini rivojlantirish boʻlimining boshligʻi Avazxon Valixonov. Istanbulda kechgan muloqot va amaliy uchrashuvlar ishtirokchi mamlakatlarning nashriyot va matbaachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ular oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlikni oʻrnatish hamda muhim mualliflik bitimlarini tuzish imkonini berdi. 7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari anjumanining natijalari, shubhasiz, milliy madaniyatlar, adabiyotlar hamda umuminsoniy qadriyatlarning yanada ravnaq topishiga ham xizmat qiladi.