Taqdimotda 50 dan ortiq davlatlardan kelgan noshirlar, ma'rifat va ziyo tarqatuvchilar jam bo'ldi.
O'zbekiston ushbu xalqaro anjumanda ilk bor qatnashayotgan bo'lsa-da mamlakatimiz noshirlik sohasida erishgan muvaffaqiyatlari va ijodiy jarayonlarni qo'llab-quvvatlashi, xalqlar o'rtasidagi o'zaro do'stlik va hamkorlikni, o'zaro hamjihatlikni mustahkamlashga kitob va kitobxonlik targ'iboti bilan ulkan hissa qo'shayotgani e'tirof etildi.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, mazkur forum O'zbekiston noshirlariga yangilanayotgan mamlakatimizning ijod, noshirlik va matbaachilik salohiyati hamda bu borada erishgan muvaffaqiyatlarini yanada kengroq namoyon etish imkoniyatini bermoqda. Internet tarmog'i shitob bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda noshirlik sohasidagi mavjud muammolarga oqilona echim topish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Mualliflik huquqini ta'minlash, xalqaro bitim va konventsiyalar asosida ijodkorlar, shu jumladan, tarjimonlarning intellektual mulkiy huquqlarini ta'minlash shular jumlasiga kiradi.
Anjuman doirasida bo'lib o'tayotgan uchrashuvlarda noshirlik sohasini yangi bosqichga olib chiqish, o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish, mualliflik bitimlarini tuzish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Shubha yo'qki, bu sohadagi xalqaro hamkorlik milliy madaniyatlar, adabiyotlar va umuminsoniy qadriyatlarning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.
Forumda O'zbekistondan 15 nafardan ortiq nashriyot va matbaa korxonalari ishtirok etmoqda. Tadbirning birinchi kunida O'zbekiston noshirlari o'nlab xorijiy matbaa kompaniyalari bilan hamkorlik bo'yicha shartnoma imzolashga kelishib oldilar.