Istanbuldagi tarixiy bozor va koʻchalar haqida qiziqarli faktlar

    Noyabr oyida dunyo boʻylab doʻkonlar chegirmalarni taklif qilayotgan qizgʻin bir pallada dunyodagi eng yaxshi savdo shaharlaridan birida “xarid terapiya”sini amalga oshirishga nima deysiz?!

    Unda, koʻp madaniyatli va oʻziga xosligini aks ettiruvchi eng yaxshi hunarmandlar hamda mahsulotlarga boy Istanbul, aynan haridbop maskandir! Istanbul zamonaviy butiklar bilan toʻla koʻchalardan tortib jonli bozorlargacha va turli yoʻnalishdagi savdo markazlari bilan “xarid terapiyasi” uchun naq xazinaning oʻzginasi. Qolaversa, Istanbul hashamatli mahsulotlari, dizaynerlik kiyimlari yoki anʼanaviy esdalik sovgʻalari, noyob tarixiy buyumlari bilan har bir qalbni zabt etishi turgan gap.

    Tarixiy bozorlarda anʼanaviy xaridlar

    Istanbulda tengi yoʻq shahar tajribalaridan biri bu uning tarixiy bozorlarini kashf qilishdir. Ulardan eng mashhurlari Katta bozor va Misr bozori boʻlib, ular goʻzal manzaralarni oʻxshashi yoʻq tovushlar va ranglar bilan mukammal darajada uygʻunlashtiradi. Ulkan labirintga oʻxshagan Katta bozor dunyodagi eng qadimgi va eng yirik savdo markazlaridan biridir. Katta bozor boy hunarmandchilik anʼanalari, Onadoʻli gilamlari, charm buyumlari, qoʻlda ishlangan qandillar va ipak kiyimlar kabi yuqori sifatli mahsulotlari bilan har yili millionlab sayyohlarni jalb qilib kelmoqda.Ayniqsa, doʻkon egalari bilan suhbatlashayotganda lola shaklidagi stakanlardan turk choyini tatib koʻrishning gashti boʻlak. Bozorning orqa koʻchalarida joylashgan “savdogarlar restoranlari” deb nomlangan oʻnlab yillik anʼanaviy turk restoranlari oʻzining taʼmi ogʻizda qoladigan noyob lazzatlari bilan dongʻi ketgan. Misr(Ziravorlar) bozorida turli xil antiqa ziravorlar va turk lokumlariga liq toʻla doʻkonlar va koʻzni qamashtiruvchi rang-barang mahsulotlarning betakror ifori kishini beixtiyor oʻziga maftun qiladi.

    Istanbul savdo markazlari

    Istanbulning zamonaviy savdo markazlariga kelsak, shahardagi savdo markazlari konditsioner, avtoturargoh va nogironlar uchun maxsus jihozlar bilan taʼminlangan boʻlib, ular ertalab soat 10:00 dan 22:00 gacha ishlaydi, bu esa tashrif buyuruvchilarga har doim qulay xarid qilish imkoniyatini taqdim etadi. Savdo markazlari son-sanoqsiz mahsulotlari, jumladan, mashhur brendlari, taomlanish imkoniyatlari, kafe va kinoteatrlari bilan ajralib turadi, hatto butun kunni oila yoki doʻstlar bilan oʻtkazish uchun mukammal tanlovga aylandi. Bundan tashqari, koʻngilochar imkoniyatlar, jumladan, oʻyin maydonchalari va istirohat bogʻlari bolalarning quvonchiga quvonch qoʻshadi.

    Savdo koʻchalari

    Istanbul shuningdek, kichik butiklari va brend doʻkonlari bilan bebaho xarid zavqini ulashuvchi jonli savdo koʻchalariga ham ega. Zamonaviy Nishantashi mahalliy dizaynerlarning markazi boʻlsada, asosiy savdo koʻchasi Abdi Ipekchidagi xalqaro hashamatli brend butiklar, qolaversa, yuqori darajadagi restoranlar, kafe va sanʼat galereyalari har kuni mahalliy va xalqaro sayyohlar bilan gavjumdir. Onadoʻli tomonidagi Bagʻdat koʻchasi eng chiroyli savdo bulvarlaridan biridir. Yana bir sevimli savdo koʻchasi Taksim maydonidan Beyogʻludagi Tunelgacha choʻzilgan Istiqlol koʻchasi boʻlib, kiyim-kechakdan zargarlik buyumlarigacha noyob mahsulotlarni sotadigan koʻplab doʻkonlari bilan mashhur.

    Vintage xarid qilish joylari

    Istanbul antikvar va ikkinchi qoʻl buyumlari izlaganlar uchun ham ayni muddaodir. Galatasaroy va Jihangir mahallalari oʻrtasida joylashgan Chukurjuma barqaror xaridlarni qadrlaydiganlar yoki haqiqiy sayohatchilarning maskanidir. Bu yerda, koʻchalar boʻylab haqiqiy gilamlardan tortib 20-asrning zamonaviy mebellarigacha yashirin xazinalarga boy doʻkonlar mavjud. Eng yaxshi antiqa sotuvchilar va ikkinchi qoʻl doʻkonlari joylashgan yana bir joy — Balat. Halich sohilidagi bu koʻp madaniyatli hudud Usmonlilar davridan beri antiqa buyumlar sotiladigan joy boʻlib kelgan. Ammo bu yerdagi auksion madaniyati bugungi kunda shahardagi eng hayajonli tajribalardan biridir. Shishlidagi Ferikoʻy mahallasi asl kolleksiyalar uchun ideal manzil. Ferikoʻy antiqa bozorida tangalar kolleksiyalari, eski zargarlik buyumlari va vintage kiyimlari kabi ajoyib narsalarni sotadigan 200 dan ortiq sotuvchilar bor.