Joriy yilning aprel oyida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir qator nazorat tadbirlari oʻtkazildi.
Nazorat tadbirlarida 225 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan 10,9 mln. kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Buning natijasida tizimga 5,5 mlrd soʻm zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 54 mingta xonadonning bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Misol uchun, Andijon viloyatidagi yakka tartibdagi tadbirkor “Y.S.”ga qarashli sement ishlab chiqarish korxonasida 522 mln. soʻm, Sirdaryo viloyatidagi “Suv taʼminot” MCHJda 340 mln. soʻm, Toshkent viloyatidagi yakka tartibdagi tadbirkor “X. M.”da 163 mln. soʻm miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda.