Bayon etilishicha, fuqaro O.M. Xiva shahridagi savdo do'konidan 15 million so'mga muzlatgich, F.Q. esa 5 million so'mga kir yuvish mashinasi xarid qilgan. Oradan ko'p vaqt o'tmay texnikalar nosoz holga kelib qolgan. Iste'molchilar savdo do'koni xodimlariga shikoyat qilishiga qaramay, sotuvchilar o'zini paysalga solib, tovarni almashtirib bermagan.
Shundan so'ng ular Xiva shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo'ladi. Nihoyat har ikki maishiy texnika yangisiga almashtirib berildi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Qo'shrabot tumani Buloqboshi mahallasida yashovchi A.A. ham federatsiyasining telegram boti orqali murojaat yo'llagan. Ma'lum bo'lishicha, u Ishtixon tumanidagi tadbirkordan jami 36 million 300 ming so'mga qurilish uchun mo'ljallangan yog'och mahsulotlarini xarid qilgan. Manzilga etib borgach esa, kelishilgan o'lchamda bo'lmagan, boshqa arzon yog'ochlar berib yuborilgani ma'lum bo'lgan.
Murojaat Ishtixon tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilib, “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi qonunning tegishli moddalari asosida murojaatchining huquqlari himoya qilindi va u xarid qilgan yog'ochlar kelishilgan o'lchamdagisiga almashtirib berildi.