"Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish lozim"

    Mamlakatimizda 21 May 2020 9590

    Mamlakatimizda mazkur sohada iste'molchilarning huquqiy himoyasi va uni tartibga solishga doir O'zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonun qabul qilingan.

    Qonun iste'molchilar va tadbirkorlar o'rtasida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi, iste'molchilarni tegishli sifatdagi tovarlar (xizmatlar)ni sotib olishi bilan bog'liq huquqlarini hayotga va sog'liqqa havf solmaslik, tovarlar (xizmatlar) to'g'risida, ularni ishlab chiqaruvchilar (tayyorlovchilar) to'g'risida axborot olish, o'z manfaatlarini davlat va jamiyat tomonidan himoya qilinishi hamda ushbu huquqlarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab beradi.

    Bugungi kundagi islohotlar uni takomillashtirish lozimligini talab etmoqda.

    Qonunning 23-moddasiga ko'ra, davlat iste'molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog'idagi huquqlari hamda qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.

    Iste'molchilarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar ta'minlaydilar.

    Quyidagilar iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organlaridir: O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi; O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (bundan buyon matnda “O'zstandart” agentligi deb yuritiladi); O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi; O'zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasi; O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi; iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini o'z vakolatlari doirasida nazorat qiluvchi boshqa davlat boshqaruvi organlari.

    Xususan, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markalash, raqobatni cheklashning mumkin emasligi, ishlab chiqaruvchilar, etkazib beruvchilar va sotuvchilar bilan munosabatlarda iste'molchi pozitsiyalarini mustahkamlash, iste'molchilarni xabardor qilish bo'yicha tadbirlarni ko'rib chiqish, iste'molchilarning shikoyat berish tartibini belgilovchi, maslahat markazlarini tuzish, kasaba uyushmalarining va iste'molchilar tashkilotlarining iste'molchilar nomidan sudda da'vogar sifatida ishtirok etish huquqini berish, atrof muhitni muhofaza qilishni huquqiy tartibga solish kabi qonunlarni o'z ichiga oladi.

    Germaniyada iste'molchilar manfaatlarini ifodalovchi vazifalar nodavlat tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat tashkilotlar dolzarb vazifalarni bajarganligi sababli, ular davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

    Respublikamizda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda uning viloyat, tuman, shahar jamiyatlari tashkil etilgan bo'lib, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi 414-son “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijro etuvchi apparati, tuman, shahar jamiyatlari, shuningdek ularning hududiy birlashmalari ijro etuvchi apparatlarining ta'minoti har oylik a'zolik badallari hisobiga amalga oshirilishi qayd etilgan bo'lib, hukumat tomonidan moliyalashtirish nazarda tutilmagan.

    SHuningdek, Germaniyada iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha choralar alohida maxsus qonun bilan tartibga solinmagan bo'lib, turli huquqiy hujjatlarda ko'zda tutilgan.

    SHunga qaramay, 2007 yil 5 iyulda “Iste'molchilarni xabardor qilish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilingan bo'lib, mazkur qonun oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq axborotni taqdim etish munosabatlarini tartibga soladi.

    Hududlarda iste'molchilar uyushmalari iste'molchilar manfaatlarini himoya qiladi, maslahat beradi, iste'molchilarni xabardor qiladi va iste'molchilarni o'qitishga yordam beradi.

    Federal darajadagi eng muhim assotsiatsiya Federal iste'molchilar ittifoqidir (“Verbraucherzentrale Bundesverband”). Ushbu assotsiatsiya tarkibiga 16 ta iste'molchilarning er birlashmalari (zemel`nыe soyuzы potrebiteley) va 25 ta turli jamiyatlar kiradi. Ularning asosiy maqsadi iste'molchilar manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Federal iste'molchilar ittifoqini moliyalashtirish qisman uning tarkibiga kiradigan tashkilotlarning a'zolik badallari hisobiga amalga oshiriladi.

    SHuningdek, buklet va boshqa adabiyotlarni sotishdan ham oz miqdorda daromad qiladi. Moliyalashtirishning katta qismi federal hukumatning ajratmalaridan, qisman turli loyihalarni moliyalashtirishdan (masalan, energiya tejash loyihasi), asosan, institutsional qo'llab-quvvatlashdan iborat.

    Germaniyada iste'molchilarni himoya qilish tizimi kuchli tomonlarga ega. Masalan, iste'molchilarni himoya qilish masalalarini qamrab oluvchi ixtisoslashtirilgan ommaviy axborot tizimi mavjud bo'lib, iste'molchilarni himoya qilish masalalari bo'yicha broshyuralar, bukletlar va broshyuralarning etarlicha nusxalarini ishlab chiqishga va e'lon qilishga imkon beradi, bular odatda bepul tarqatiladi. Bundan tashqari, iste'molchilarning konsul`tatsiya punktlari tarmoqlari hamma mavjud.

    Bundan tashqari, tovar va xizmatlarni mustaqil sinovdan o'tkazadigan Mahsulot va xizmatlarni sinovdan o'tkazish instituti (Stiftung Warentest) mavjud bo'lib, mustaqil ravishda har qanday mahsulotni tekshirishi, sinovdan o'tkazish huquqlariga ega. Test va sinovdan o'tkazish natijalari har oyda "Tests" va "Finantest" maxsus jurnallarida (har yili 10 million nusxada) joylashtirilib, e'lon qilinib boriladi.

    Ushbu yo'nalishda SHvetsiya tajribasi ham muhim ahamiyatga ega. SHvetsiyada iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha davlat va jamoat tashkilotlari Evropa Ittifoqi komissiyalarining bir qismi bo'lib, 450 mln. Xaridorni tashkil etuvchi Evropa bozorining 25ta a'zo davlatini birlashtiradi.

    Hukumatning asosiy vazifasi ichki iste'molchilarning huquqlarini, sog'lig'ini va xavfsizligini himoya qilishdir. Bu esa turli mahsulotlarning sifati va ularni sotib olish joylari to'g'risida to'liq ma'lumotga ega bo'lgan maxsus qonun bilan ta'minlanadi. SHvetsiyada “Mahsulot xavfsizligi to'g'risida”gi qonun davlat va jamoat tashkilotlariga barcha turdagi tekshiruvlarni amalga oshirishga ruxsat beradi va standartlarga mos kelmaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni ta'qiqlaydi.

    Bundan tashqari, Iste'molchilarni mahsulot sifati va narxini xabardor qilish bo'yicha maxsus qonun, Sotib olish va xizmat ko'rsatish to'g'risidagi qonunlar, shuningdek sotuvchilarning xaridorlar bilan munosabatlar tartibini belgilovchi yo'riqnomalar mavjud.

    Davlat va jamoat tashkilotlari yuzaga kelgan nizolarni to'g'ridan-to'g'ri savdo nuqtasida hal qilinishini ta'minlaydi. SHu sababli SHvetsiyada iste'molchi manfaatida sudgacha bo'lgan jarayonga borish kamdan kam hollarda uchraydi.

    Ishlab chiqaruvchilar haqida jamoatchilik fikrini shakllantiradigan bunday tashkilotlarda murojaatlar samarali echimini topadi. Ular ishonchli bo'lib, agar sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarilayotganligi yoki sotilayotganligi haqidagi ma'lumotlar paydo bo'ladigan bo'lsa, bunday mahsulotlar sotib olinmaydi va kompaniyalar jiddiy zarar ko'radi. SHuning uchun ishlab chiqaruvchilar o'z obro'sini yo'qotmaslikka harakat qilgan holda, shikoyatlar bo'lgan taqdirda, pulni qaytarib olib, mahsulotni sotuvdan olib tashlashadi. Bundan tashqari, aniqlangan qonunbuzarlarni yozib olish va ularga zudlik bilan javob berish uchun yagona elektron ma'lumotlar bazasi joriy etilgan.

    Italiyada reklama yoki mahsulot to'g'risidagi ma'lumotlar noto'g'ri bo'lganda va mahsulotning narxi, ishlab chiqarish usuli, sifati haqida kam ma'lumotga ega bo'lganligi sababli iste'molchi chalg'iganda yoki noto'g'ri talqin qilganda, iste'molchi ma'muriy jazochoralarini qo'llash orqali o'z huquqlarini himoya qiladigan tegishli organlarga murojaat etish huquqiga ega.

    Amerika Qo'shma SHtatlarida iste'molchilarni himoya qilish sohasida juda kuchli huquqiy baza yaratilgan. Hukumat darajasida iste'molchilarni huquqiy muhofaza qilish Oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha komissiya, Federal savdo komissiyasi, Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi bo'limi, Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi, AQSH milliy standartlar byurosi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu tashkilotlarning faoliyati Iste'molchilar ishi Boshqaruvi tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.

    AQSHda tovarlarni “ayriboshlash siyosati” deb nomlangan amaliyot keng tarqalgan. Har bir do'konda iste'molchi to'satdan yoqtirmagan tovarlarni qaytarish uchun ichki qoidalar ishlab chiqilgan. Oziq-ovqat bo'lmagan mahsulotlarning aksariyat qismini sotib olishdan keyin ma'lum muddat davomida qaytarib berilishi yoki shunga o'xshash narsalar bilan almashinishi mumkin (1 oydan 3 oygacha muddatda). Misol uchun, do'konda kafolat muddati 90 kun bo'lgan televizor sotib olingan taqdirda, xaridor uni 89 kundan keyin qaytarib berish huquqiga ega. Buni xaridor har qanday bahona bilan, masalan televizorning rangi tumbochka rangiga mos kelmaganini ham asos qilishi mumkin.

    AQSHdagi aksariyat savdo xarid qilish markazlarida maxsus tovarlar bilan jihozlangan bo'limlar mavjud bo'lib, ular asosiy bo'limlardagi tovarlar narxidan past bo'ladi. CHunki, bunday bo'limlarda odatda “qaytarilgan tovarlar” sotiladi. Tovarlarning xarid qilinishi va qaytarilishi natijasida iste'molchilar tovarlarning narxini 50 foiz va undan ortiq miqdorda kamaytirishlari mumkin bo'ladi.

    Isroilda iste'molchilar huquqlari “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi qonun (1981) va boshqa qonun hujjatlarida batafsil bayon etilgan. YUqoridagi qonunga ko'ra, sotuvchining iste'molchiga nisbatan asosiy majburiyatlari aniq belgilab berilgan. Unda sotuvchiga iste'molchini chalg'itishi, iste'molchining pozitsiyasini suiste'mol qilish (tilni bilmaslik, iste'molchiga nohaq “bosim”, iste'molchilarning kamchiliklarini suiste'mol qilish), reklama vositasi orqali yolg'on axborot tarqatish (tovarlarning sifati, yoshlarga qaratilgan reklamalar to'g'risida noto'g'ri ma'lumotlar) qat'iy ta'qiqlangan.

    Xitoy Xalq Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunining 4-moddasida tadbirkor va iste'molchilar o'rtasida tuzilgan bitimlarda ixtiyoriylik, tenglik, adolatlilik va yaxshi niyat qoidalariga amal qilish kerakligi nazarda tutilgan.

    Bolgariya Respublikasining “Iste'molchilarni himoya qilish to'g'risida”gi Qonunida iste'molchilarni himoya qilish maqsadida milliy kengash tashkil qilingan.

    Rossiya Federatsiyasining 2004 yil 21 yanvardagi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi N-171-FZ-son Qonunining

    25-moddasida iste'molchining sifatli tavorlar bilan almashish huquqlari belgilangan.

    O'rganishlar natijasidan kelib chiqib, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasini takomillashtirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi.

    1. Iste'molchilarning huquqlarini buzuvchi zararli bo'lgan korxonalarning “anti-reyting” tizimini joriy etish (SHvetsiya tajribasi);

    2. Umumiy ta'lim va oliy o'quv yurtlarida tegishli “malaka oshirish kurslarini majburiy joriy etish orqali iste'molchilarni o'qitish darajasini oshirish (Germaniya, SHvetsiya, AQSH tajribasi);

    3. Bozorga etkazib berilgan barcha tovarlar va xizmatlar uchun “ishlab chiqaruvchining mutlaq mas'uliyati” kontseptsiyasini joriy qilish, yuqori sifatli va xavfsiz mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarni rag'batlantirish tizimini yaratish (AQSH, Buyuk Britaniya tajribasi);

    3. Mustaqil sinov uchun maxsus tashkilotlar tuzish, bozorda sotiladigan tovarlar va xizmatlarning sifati va xavfsizligini tekshirish (AQSH, Germaniya tajribasi).

    Prezidentimizning 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-4848-son Farmoniga asosan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub'ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi. Bunda jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo'yicha bergan murojaatlari va boshqa hollarda faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o'tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlarning mustasnoligi belgilangan.

    Biroq, amaliyotda umumiy ovqatlanish korxonalarida tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan sanitariya talablariga to'liq rioya qilinmayotganligi holatlari uchrayotgan bo'lsada, DSeNM xodimlarining ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida tekshirishlar o'tkazish masalasi cheklanmoqda.

    SHunga ko'ra, yuqoridagi kabi iste'molchilar huquqlarini himoya qilinishini ta'minlash maqsadida mustaqil sinov uchun maxsus tashkilot tuzish va barcha turdagi ishlab chiqaruvchi va xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlarning mahsulotlarini va xizmatlarini cheklovsiz tekshirish vakolatini berish yoki Veterinariya, DSeNM kabi idoralarga amaldagi qonun hujjatlari asosida qisqa muddatli tekshirishlarni istisnosiz amalga oshirilishiga ruxsat berish yuzasidan tegishli norma kiritish maqsadga muvofiq.

    SHu bilan birga, O'zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarni xabardor qilish to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqish (Germaniya, SHvetsiya tajribasi).

    Buning natijasida:

    - iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida tadqiqotlar olib borish qo'llab-quvvatlanadi;

    - iste'molchilarga tovarlar va xizmatlar qiyosiy sinovlari natijalari to'g'risida axborot berishda ommaviy axborot vositalarining roli oshadi;

    - iste'molchilarga turli xil bozor takliflari orasida ongli ravishda tanlash imkoniyatini taqdim etish uchun tovarlar va xizmatlar to'g'risida ma'lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi ta'minlanadi.

    Tadbirkor va iste'molchilar o'rtasida tuzilgan bitimlarda ixtiyoriylik, tenglik, adolatlilik va yaxshi niyat qoidalariga amal qilish kerak. (Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi):

    “Iste'molchilarni himoya qilish to'g'risida”gi Qonunida iste'molchilarni himoya qilish Milliy kengash tashkil qilish (Bolgariya Respublikasi tajribasi):

    - iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bog'liq qonunchilikni samarali qo'llash bilan bog'liq holda tegishli davlat organlariga taklif qilish;

    - iste'molchilar huquqlari to'g'risidagi nizom loyihasi bo'yicha o'z fikrini bildirish;

    - iste'molchi jamiyatlari va savdo jamiyatlari o'rtasida shartnoma tuzishni rag'batlantirish;

    - iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bog'liq boshqa masalalarni muhokama qilish.

    Iste'molchi sotib olish kunini hisoblamasdan, o'n to'rt kun ichida sifatli oziq-ovqat mahsulotini almashtirish huquqiga egaligi belgilash. (Rossiya Federatsiya tajribasi):

    YUqoridagi tahlillardan ko'rinib turibdiki, Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasiga oid tegishli qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida taklif kiritish maqsadga muvofiq.

    Azizjon Mavlonov, Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi

    Inson huquqlarini himoya qilish bo'limi boshlig'i