Quva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari mazkur murojaatni o'rganganida, fuqaro aviachiptani Quva tumanida joylashgan “OMADLI YURT FAROVONLIGI” MCHJga qarashli aviachiptalarni sotish shoxobchasidan 4 million 50 ming so'mga xarid qilgani ma'lum bo'ldi.
2022-yilning 22-mart kuni "S7 Airlines" aviakompaniyasi borti bilan Namangan xalqaro aeroportidan Rossiyaning Irkutsk shahriga amalga oshirilishi kerak bo'lgan parvoz iste'molchiga noma'lum sababga ko'ra qoldirilgach, u chipta uchun to'langan pulni qaytarib olish harakatiga tushgan, lekin shu kunga qadar harakatlari samarasiz ketgan.
– Murojaatni o'rganish doirasida “OMADLI YURT FAROVONLIGI” MCHJ rahbar va mas'ul xodimlariga O'zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi hamda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi qonunlari bo'yicha targ'ibot va tushuntirish ishlari olib borildi. O'rganish ishlari yakuni bilan esa amalga oshirilmagan aviareys chiptasining puli iste'molchiga to'liq qaytarilishiga erishildi, – dedi Quva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Adhamjon Hamidov.