Unda agentlik rahbariyati, Yangiyo'l shahar hokimi, Davlat soliq qo'mitasi raisi maslahatchisi, boshqa vazirlik va idoralar rahbar xodimlari bevosita ishtirok etdi, shuningdek, jarayonlarni tuman(shahar) hokim va hokim o'rinbosarlari videoaloqa vositasi orqali kuzatib bordi.
Tadbirda davlat rahbarining mahalliy hokimliklar faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida agentlik tomonidan joriy yil birinchi chorakdan respublikaning 12 ta tuman va shaharlarida hamda 1 noyabrdan barcha tuman va shaharlarda hokim o'rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko'rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholashning eksperiment tartibida yo'lga qo'yilgani, jarayon va natijalar, EMSKni joriy etishda shaffoflik, inson omilini qisqatirish maqsadida ishlab chiqilgan elektron tizimni tegishli vazirlik va idoralar ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish jarayonlari, kelgusida amalga oshirilishi reja qilingan ishlar muhokama qilindi.

Ma'lumot o'rnida aytish joizki, EMSK joriy qilingan hududlar: Toshkent viloyatining Yangiyo'l tumani va Yangiyo'l shahrida, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida, Xorazm viloyatining Urganch shahri, Hazorasp, Yangibozor va Yangiariq tumanlarida, Andijon viloyatining Bo'ston tumani va Xonobod shahrida, Farg'ona viloyatining Qo'qon shahri va Quva tumani, Namangan viloyatining Chortoq tumani.
EMSKni mamlakatimizda joriy etishda o'rganilgan xorij tajribasiga ko'ra, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a'zo 31 ta davlatda (AQSH, Frantsiya, Avstriya, Yaponiya, Koreya va boshqalar) samaradorlikni baholash tizimlari yo'lga qo'yilgan. Masalan, Avstriyada 2013 yildan buyon natijaga yo'naltirilgan davlat boshqaruvi tizimi qo'llanilgan. Mazkur tizimga ko'ra, har yili federal moliyaviy qonundagi vazifalar, bosqichma-bosqich bosh boshqarmalar, alohida tarkibiy tuzilmalar, guruhlar va nihoyat alohida davlat xizmatchilari darajasiga tushiriladi. Mazkur tizimning o'ziga xos jihati, har bir davlat xizmatchisining strategik maqsad va vazifalarga erishishda qo'shgan hissasini baholash imkoniyatining mavjudligi hamda tizimning shaffofligidir.
Mirzo Ulugbek Madalimov,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi axborot xizmati yetakchi inspektori