Kecha oqshom musobaqaning saralash bahslari yakunlanib, asosiy toʻrga yoʻllanma olgan barcha tennischilar nomi maʼlum boʻldi. Ular orasida hamyurtimiz Denis Istomin ham bor.
Mamlakatimizning birinchi raqamli raketka ustasi “Delray Beach ATP 250” turnirining saralash bosqichi yarim finalida reytingda oʻzidan 114 pogʻona yuqorida borayotgan avctriyalik Yuriy Rodionovni 6:4, 6:2 hisobida magʻlub etgandi.
Kecha tennischimiz saralashning final uchrashuvida ekvadorlik Emilio Gomesga qarshi bahs olib bordi va 7/6(7), 6/2 hisobida zafar quchdi. Gomes ATP reytingida 149, Istomin esa 267-oʻrinni egallab turibdi.
Denis Istominni asosiy toʻrning ilk davrasida jiddiy raqib kutib turibdi. Vakilimiz dunyoning 118-raketkasi, amerikalik Sem Kuerriga qarshi kortga chiqadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan ertaga soat 20:00da boshlanishi rejalashtirilgan. Tennischilar oʻzaro 4 marotaba toʻqnash kelishgan. Hozircha hisob - 2:2!