Muhokamada ITB va uning shoʻba korxonalari ekspertlari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, Saudiya Arabistoni Investitsiyalar vazirligi, Jahon banki, Afrika Iqtisodiy taraqqiyot Banki, turli davlatlar delegatsiyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muhokama davomida ITBning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi, kambagʻallikni qisqartirishning turli modellari, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy donorlar mablagʻlarini jalb qilish va ulardan foydalanish mexanizmlari, davlat tomonidan xususiy sektorni pandemiyaning salbiy oqibatlaridan himoya qilish maqsadida koʻrilayotgan javob choralar koʻrib chiqildi. Koviddan keyingi davr sharoitlarida Oʻzbekistonning investitsion imkoniyatlari alohida-alohida muhokama qilindi.
Muhokama chogʻida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Sh.Vafayev moderatorning savoliga javob berar ekan, Oʻzbekistonda karantin cheklovlari vaqtida va koviddan keyingi davrda tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi. Xoʻjalik faoliyatini “reanimatsiya” qilish maqsadida har bir korxona bilan maqsadli oʻzaro hamkorlik tashkil etilgani va bu orqali ishbilarmonlarga keng koʻlamli masalalarni hal etishda amaliy koʻmak berilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish va aholi, xususan, uning ijtimoiy zaif qatlamlarini ish bilan bandligini oshirishga qaratilgan manzilli dasturlar haqida ham batafsil maʼlumot berildi.
Qishloq xoʻjaligi sohasi aholining oʻz-oʻzini ish bilan bandligini taʼminlash uchun keng imkoniyatlarga ega boʻlganligi sababli uni rivojlantirish va transformatsiyalashni jadal ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi. Jumladan, aholiga oʻz biznesini yaratishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli dasturlar amalga oshirilayotgani va shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratilayotganligi haqida soʻz bordi.
Shuningdek, muhokama chogʻida Oʻzbekiston va ITB oʻrtasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikning boshqa jihatlari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.