Suhbat chogʻida ITB rahbariyati Oʻzbekiston tomonining Yillik anjumanga tayyorgarlik koʻrish borasidagi faolligini qayd etdi. Kun tartibi doirasida tadbirni tashkil etish bilan bogʻliq amaliy masalalar koʻrib chiqildi va bu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikning samarali algoritmlari ishlab chiqildi.
Yillik anjumanda ITBga aʼzo mamlakatlarning 57 nafar hukumat vakillari, moliya, iqtisodiyot, rejalashtirish va xalqaro hamkorlik vazirlari, markaziy banklar rahbarlari va boshqa rasmiylar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari (XMI) va xalqaro rivojlanish tashkilotlari, biznes sektori, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, OAV va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari qatnashadi. Jami 2 000 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishlari kutilyapti.
Bu kabi yuqori daraja va yirik miqyosdagi tadbirni oʻtkazish Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga keng jamoatchilik va investorlar eʼtiborini jalb etish, ITB bilan hamkorlikni rivojlantirish va Oʻzbekistonda Bankning investitsiyalar portfelini kengaytirish imkonini berishi taʼkidlandi.
Shuningdek, tomonlar ITB va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holatini, amalga oshirilayotgan loyihalar portfelini muhokama qilib, uni kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralar yakunida ITB shoʻba korxonalari – Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi, Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi va Islom investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurta qilish korporatsiyasining qoʻshimcha resurslarini Oʻzbekistonda loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb etish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar yaqin istiqbolda ITBning Oʻzbekistondagi mintaqaviy vakolatxonasini ochish tashabbusi ustida ishlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.