Uchrashuv davomida tomonlar taʼlim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar.
Xususan, muloqotda boshqaruv kadrlarining kasbiy tayyorgarligini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish uchun Oʻzbekistonda qoʻshma taʼlim ekotizimini yaratish tashabbusiga toʻxtalib oʻtildi.
Ushbu taʼlim ekotizimining joriy etilishi nafaqat davlat tuzilmalari kadrlarini, balki xususiy biznesning top-menejerlarini tayyorlashga qaratilganligi sababli, tomonlar Oʻzbekiston taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini biznesni boshqarish sohasida oʻqitishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini ham koʻrib chiqdilar.
Mahalliy bozor sharoitlarini hisobga olgan holda loyiha koʻzlagan maqsadlarga erishishni taʼminlashni nazarda tutib, guruhlarda oʻqitishning faol usuli amaliyotidan foydalangan holda Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlikning dolzarbligi qayd etildi.
Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan “Oʻquv markazi”ni tashkil etishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Uni yaratishdan maqsad turli darajadagi xodimlar uchun oʻquv kurslarini tashkil etish, soʻngra ularning kasbiy faoliyati samaradorligini nazorat qilish bilan tashqi savdo va investitsiya faoliyati boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirishdir. Tinglovchilar kontingenti davlat tuzilmalari xodimlaridan, shu jumladan mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasining yirik xususiy kompaniyalari vakillaridan iborat boʻladi. Investitsiyalarni boshqarish va loyiha sikli, loyihalarni maʼmuriy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash, investitsiya loyihalarining moliyaviy-iqtisodiy jihatlari, hisob-kitoblarning xalqaro shakllari, bojxona qonunchiligi, infratuzilma va tashqi iqtisodiy faoliyatni avtomatlashtirish kabi sohalarda qisqa muddatli va oʻrta muddatli dasturlar doirasida malaka oshirish uchun oʻquv kurslarini tashkil qilish rejalashtirildi.
“Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi bilan hamkorlik strategik va amaliyot boshqaruv darajasini birlashtirishga imkon beradigan taʼlim tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish uchun chuqur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish imkoniyatini beradi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha xalqaro iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va tashqi savdo boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum tasdiqlandi. Hujjat maktab rektori Yu.Levin va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari H.Teshabayev tomonidan imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Hujjat shartlariga koʻra, “Skolkovo” davlat muassasalari, shuningdek, Oʻzbekiston davlat va xususiy kompaniyalari xodimlarining malakasini oshirish loyihalarining hamkori sifatida faoliyat yuritadi. Joylarga chiqib amaliyotlarni oʻtkazish, maxsus oʻquv modullarini yaratish va tajriba almashish tadbirlarini tashkil qilish koʻzda tutilgan.