Ramazon — biz musulmon olami mushtoqlik bilan kutadigan oy. Bu oyda moʻminlarga roʻza tutish farz qilingan. Ramazon oyida Allohning roziligini topamiz, magʻfirati, rahmatiga sazovor boʻlamiz. Boshqacha aytganda, Ramazon hidoyat, taqvo, ixlos, sabr, ibodat, magʻfirat, rahmat, doʻzaxdan najot topish, xayr-saxovat va qanoat oyidir.
Beadad shukrlar boʻlsinki, mamlakatimizda musulmon birodarlarimiz, xalqimiz emin-erkin ibodat qilish, roʻza tutish imkoniga ega.
Prezidentimizning kuni kecha eʼlon qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz qalbini quvonch va sururga toʻldirdi.
Maʼlumki, mazkur qarorda Oʻzbekiston xalqi uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʻtkazishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.
Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulugʻlovchi ushbu fazilatli oyda kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor beriladi.
Koʻrinib turibdiki, Ramazon oyi yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chin maʼnoda mehr-muruvvat, oqibat va saxovat oyi sifatida oʻtkaziladi.
Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabrik yoʻlladi.
Tabrikda butun Yer yuzidagi islom ummati bilan birga jonajon Oʻzbekistonning barcha moʻmin-musulmonlari ham qutlugʻ va muborak ramazon oyini xursandchilik bilan kutib olgani qayd etildi.
Ayniqsa, tabrikdagi: “Avvalo qalblarimizga iymon nurini bagʻishlaydigan ushbu ulugʻ ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.
Maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda boʻladigan moxi ramazonni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada oʻtkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
“Inson qadri – ulugʻ” degan oliyjanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, yosh avlodimizni bilim-maʼrifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz oʻrtasida mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda boʻladi, deb ishonamiz.
Zero, hadisi shariflarda zikr etilganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik oʻn karra mukofot boʻlib qaytadi”, degan soʻzlar biz uchun Ramazon oyining naqadar ulugʻ neʼmat ekanini koʻrsatadi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar sodir boʻlmoqda, begunoh insonlarning qoni toʻkilmoqda. Mana shunday pallada biz Allohdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, goʻzal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom boʻlishini chin dildan soʻrab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilmogʻimiz kerak.
Ramazon oyi xalqimizning azaliy qadriyatlarini oʻzida mujassam etadi. Hamyurtlarimiz nafaqat ibodatda sobit boʻlishga intiladilar, balki oʻzgalarga har qachongidan koʻproq siylai rahm qilishga harakat qiladilar. Kam taʼminlangan, bemor, boquvchisi yoʻq insonlar holidan xabar olishga, ularga moddiy koʻmak berishga urinamiz. Iftorlik paytlarida qoʻni-qoʻshniga tansiq taomlar ilinamiz.
Bu oyni yanada goʻzal tarzda oʻtkazish oʻzimizga bogʻliq. Ramazon oyi Allohning biz moʻmin-musulmonlarga bergan katta neʼmati ekan, uni gʻanimat bilib qadrlashimiz lozim.
Alloh taolo barchamizga Ramazon oyini muborak qilsin!
Nurulloh MAHKAMOV,
Chust tumanidagi “Said Nasimxon Toʻra”
jome masjidi imom xatibi.