Xorijdagi “rasmiy diniy taʼlim” Oʻzbekiston Respublikasi tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan — Din ishlari boʻyicha qoʻmita

    Soʻnggi vaqtlarda ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston fuqarolarini diniy taʼlim olish uchun chet elga chaqirish holatlari kuzatilmoqda.

    Chaqiriqlar asosan Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlardagi diniy taʼlim muassasalariga oʻqishga borishga daʼvat etilmoqda.

    Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xabar berishicha, ushbu eʼlonlarda taʼlim maskanlari goʻyoki “qonuniy” yoki “rasmiy” sifatida koʻrsatilsada, amalda ular Oʻzbekiston Respublikasi tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan hamda oʻsha mamlakatlardagi noqonuniy yoki ruxsatsiz faoliyat yurituvchi oʻquv markazlari hisoblanadi. Bu oʻrinda “rasmiy diniy taʼlim” iborasidan asosan koʻproq talabgorlarni jalb etish maqsadida foydalanilmoqda.

    «Xavotirli jihati shundaki, bunday chaqiriqlar, koʻpincha, diniy aqidaparastlik va mutaassiblik gʻoyalarini singdirish, yoshlarimizni notoʻgʻri yoʻlga boshlash va ularning dunyoqarashiga salbiy taʼsir koʻrsatish xavfini oʻzida mujassam etadi«, — deyiladi qoʻmita xabarida.

    Shu sababli, ota-onalar farzandlarining kimlar bilan muloqot qilayotganiga, internetda qanday maʼlumotlarni oʻqiyotganiga va qanday takliflarga javob berayotganiga eʼtiborli boʻlishlari soʻraldi.

    Fuqarolarga rasmiy diniy taʼlim faqatgina Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimdagi taʼlim muassasalarida berilishi, turli shaxslarning targʻibotiga uchmaslikni eslatgan holda, diniy bilimlarni oʻrganishga boʻlgan ehtiyojlarini ushbu taʼlim muassasalari imkoniyatlari orqali qondirishni tavsiya etildi.

    Taʼkidlanishicha, hozirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shu bilan birga, 2018-yildan buyon hududlardagi 28 ta “Qurʼon va tajvid” kurslarida 77 mingga yaqin fuqaro taʼlim oldi.

    Diniy idoraning “muslim.tv” internet platformasida barcha yosh toifalari uchun moʻljallangan onlayn Qurʼoni tajvidi darslari tashkil etilgan.

    «Shu oʻrnida taʼkidlash lozimki, xorijiy diniy taʼlim muassasalari diplomlari Oʻzbekiston hududida diniy sohada faoliyat yuritish uchun asos boʻlmasligi, taʼlimdan soʻng ishga joylashishda noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkinligini eslatib oʻtamiz.
    Aziz ota-onalar! Farzandingiz taqdiriga befarq boʻlmang. Ularga maʼnaviy sogʻlom muhitda, mamlakatimizda mavjud xavfsiz taʼlim maskanlarida ilmu maʼrifat berish — farzandlar kelajagini asrashning eng toʻgʻri va ishonchli yoʻlidir«, — deyiladi xabarda