Ilmiy izlanishlarga jiddiy eʼtibor qaratadigan, eng yangi texnologiyalarni muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan, innovatsiyalarni amalda qoʻllay olgan, buning uchun yetarli darajada kuchli moliyaviy va intellektual resurslarni ajratgan mamlakatgina hozirgi kunning siyosiy va iqtisodiy poygasida yetakchilik qiladigan hamda jahon sahnasida oldingi oʻrinlarni egallagan davlatga aylana oladi.
Savol tugʻiladi: bugungi kunda juda koʻp tilga olinadigan innovatsiya oʻzi nima? Innovatsiya barcha sohalarda ish jarayoni samaradorligini sifat jihatidan oshirishni va talab mavjud boʻlgan mahsulotlar yaratishni taʼminlaydigan muayyan yangilik, kashfiyot, fan va texnika yutugʻidir. Qolaversa, u insonning ijodiy va intellektual faoliyatining yakuniy natijasi, uning ixtirosi, mujassamlangan fantaziyasi, kashfiyoti.
Jamiyat rivojlanishiga xizmat qiluvchi innovatsion texnologiyalar hayot va mehnatning barcha sohasiga joriy etilishi kerak. Busiz mamlakat oldinga nafaqat siljiy olmaydi, balki jahondagi mavqeini yoʻqota boshlaydi. U iqtisodiyotning kelajakdagi ravnaqi va mamlakatning raqobatbardoshligini saqlash uchun ishonchli asos boʻlib xizmat qiladi. Zamonaviy sanoatlashgan davlatning asosiy vazifasi barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishni kafolatlaydigan innovatsion taraqqiyot yoʻliga oʻtishdir.
Oʻzbekiston aynan innovatsion rivojlanish yoʻlini tanlagani esa davlatimiz siyosatida yaqqol namoyon boʻlib turibdi. Prezidentimizning 2017-yil 29-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, vazirlik huzurida Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Jamgʻarma mablagʻi innovatsiyalarni yaratish va joriy qilish, ilmiy tadqiqot, innovatsion, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalar, ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy, yuqori texnologiyaga asoslangan uskunalar bilan jihozlashga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, intellektual mulk huquqi (patent)ni xorijda roʻyxatdan oʻtkazish va patentni saqlab turish xarajatlarini qoplash, ilmiy tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining yetakchi elektron ilmiy maʼlumotlar bazalaridan erkin foydalanishni taʼminlash, yosh olimlarning yetakchi xorijiy tashkilotlardagi ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish kabilarga sarflanadi.
Jamgʻarma faoliyatini raqam va faktlarda koʻrsatadigan boʻlsak, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga oʻtgan yilda 481,9 milliard soʻm ajratilganiga, yaʼni 2017-yildagiga nisbatan qariyb 3 barobar oshganiga guvoh boʻlamiz. 2019-yildan shu kunga qadar 177 dan ortiq startap loyiha 120 milliard soʻmdan ortiqqa moliyalashtirildi. Innovatsion mahsulot yoki xizmatlar yaratishga qaratilgan loyiha yoʻnalishlari turlicha. Jumladan, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, transport va energetika, oziq-ovqat kabi yoʻnalish larni oʻz ichiga oladi. Ular orasida Oʻzbekis tondagi turizm shaharlarining 3D va VR BOX modellarini yaratishdan tortib, qandli diabet bilan kasallanganlar uchun profilaktik poyabzal ishlab chiqarish, anor danagidan moy olish, xurmo mevasini yaponcha uslubda quritib, xurmo magʻzi yetishtirish va eksport qilish, homiladorlar va yosh onalarga moʻljallangan mobil ilovalar hamda boshqa turli-tuman, jamiyat uchun foydali, qiziqarli loyihalar mavjud.
Shuningdek, mamlakatimizdagi 150 ta oliy taʼlim muassasasi va ilmiy tashkilot uchun xorijdagi yetakchi elektron ilmiy maʼlumotlar bazalaridan erkin foydalanish imkoniyati yaratildi va ushbu maqsad uchun oʻtgan yilda 526,2 ming AQSH dollari ajratildi. Bu 2020-yildagiga nisbatan qariyb ikki barobar koʻp. Keyingi yillarda esa ilmiy bazalardan foydalanuvchi oliy taʼlim muassasalari soni 200 tagacha oshiriladi. Bugunga qadar Germaniyaning 180-yillik tarixga ega Springer Nature yirik akademik nashriyot kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan. U ilm-fanning turli yoʻnalishlari boʻyicha chop etilgan maqola va ilmiy ishlarni oʻz ichiga oluvchi platforma sifatida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, dunyoga mashhur yirik ilmiy nashrlar bazasi boʻlmish Web of Sciencega egalik qiluvchi kompaniya bilan ham muzokaralar oʻtkazilib, 2023-2026-yillar uchun shartnoma tuzishga erishildi. Bu esa, oʻz navbatida, yurtimiz olimlari uchun jahon miqyosidagi ilmiy ishlar bilan yaqindan tanishish, oʻrganish, tajriba almashish va maqolalar chop ettirib, ularni shu bazaga joylashtirish imkonini beradi.
Ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini yangilash borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, 2018-2021-yillarda jamgʻarma tomonidan oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning ilmiy laboratoriyalari qiymati 130,6 milliard soʻmga teng 206 turdagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi hamda butlovchi qismlar bilan taʼminlandi. 2022-yilning oxiriga qadar esa qiymati 62,3 milliard soʻmlik 180 turdagi uskunalar moliyalashtirildi.
Yer silkinishi tabiiy ofatlar orasida qurbonlar sonining nisbatan yuqori boʻlishi bilan ajralib turadi va mamlakatlar iqtisodiyotiga sezilarli darajada zarar yetkazadi. Yurtimizning 87 foiz hududi seysmik faol ekanini inobatga olsak, yer silkinishi monitoringini kuchaytirish orqali xavfning oldini olish dolzarb yoʻnalish ekani ayon boʻladi. Bu borada Prezidentimiz qaroriga asosan, F.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti, M.T.Oʻrozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring respublika markazi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 34 turdagi uskuna xaridi umumiy hisobda 2 million 277,7 ming AQSH dollari miqdorida moliyalashtirildi. Seysmologik tadqiqotlar muqobil tizimdan onlayn kuzatuv rejimiga oʻtkazildi.
2018-yildan shu kunga qadar 110 dan ortiq oliy taʼlim muassasasi va ilmiy tashkilotning qariyb 500 nafar yosh olimini AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Isroil va boshqa 30 dan ortiq yetakchi xorijiy davlatga ilmiy stajirovkaga yuborish maqsadida 20,3 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Yosh olimlarimiz ushbu malaka oshirish jarayoni davomida sohaning professionallari bilan hamkorlikda ilmiy izlanish qilib, malaka va tajribasini oshirishga hamda xorijiy ilmiy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda.
Innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish borasida 2018-2021-yillarda hududlarda 8 ta texnopark, 1 ta biznes inkubator, 1 ta biznes akselerator va 1 ta innovatsion poligon tashkil etishga jami 102,4 milliard soʻm yoʻnaltirildi. 2022-yil oxirigacha hududlardagi Yoshlar texnoparklarini tashkil etish uchun 29,5 milliard soʻm ajratildi. Ushbu zamonaviy platformalar yuqori malakali mutaxassislarning bir joyda toʻplanishi natijasida ilmiy-texnika va texnika-texnologiya ishlanmalarini yaratish hamda ularni qoʻllashni jadallashtirish maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda texnoparklarda yangi kashfiyotlar qilish, innovatsion gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bu ishlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatining bir qismi, xolos. Kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan yumushlar esa talaygina.
Bunyodjon OXUNOV,
ilm-fanni moliyalashtirish va
innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi
ijro etuvchi direktori