Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining xabar berishicha, muftiy voqea tufayli taʼziyali boʻlgan xonadonlarga borib, hamdardlik bildirdi. Qurʼoni karim oyatlari oʻqilib, marhumlar haqiga bagʻishlandi.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar vafot etganlarning janoza namozlarida, maʼraka-marosimlarida haqlariga duolar qilishdi. Marhumlarning yaqinlariga moddiy-maʼnaviy tasalli berildi. Tan jarohati olib, shifoxonalarda muolaja olayotganlarga tez fursatda sogʻayib ketishlarini tilandi, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, halok boʻlganlarning oila aʼzolariga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan moddiy yordamlar berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam pullari ham toʻlash nazarda tutilgan.
Masjidning talafot koʻrgan qismini qayta tiklash ishlari uchun ham belgilangan tartibda mablagʻlar ajratiladi.
Eslatib oʻtamiz, shu yilning 31-mart kuni Andijon viloyati, Izboskan tumani “Mirzo Ulugʻbek“ MFY, Yangibozor koʻchasida joylashgan masjid hududidagi tahoratxonada gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida 3 nafar fuqaro vafot etib 10 nafar fuqaro esa turli darajada tan-jarohati olib shifoxonaga yotqizilgandi. Shuningdek, masjidda yuz bergan portlash boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.