Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi professor-oʻqituvchilari rahbarligida talabalar ilmiy jamiyatida “Neyron tarmoqlardan foydalangan holda tibbiy kasalliklarni oldindan prognoz qilish” mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Shu mavzu boʻyicha ikki yil davomida talabalar ilmiy konferensiyalarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Mahalliy va xorijiy konferensiyalarda 6 tezis, jurnallarda 9 maqola chop ettirdi.
Hozir intiluvchan talabamiz ilmiy rahbarlari boshchiligida “Birlamchi diagnostika uchun “SALIVA” apparat-dasturiy kompleksi” hamda “Tibbiyotda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish” mavzulari boʻyicha izlanish olib bormoqda.
Bu yil akademiyamiz tomonidan oʻtkazilgan “Zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari” yoshlar xalqaro anjumanida “Birlamchi diagnostika uchun “SALIVA” apparat-dasturiy kompleksi” nomli maʼruza bilan ishtirok etib, 1-oʻrinni egalladi. Shuningdek, Qozogʻistonning Ostona tibbiyot universitetida boʻlib oʻtgan “Tengdoshlar orasida birinchi” xalqaro olimpiadasida fiziologiya fanidan 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Dilbar Yaxshiboyeva Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan taʼsis etilgan nomdor stipendiyalar konkursida ishtirok etib, akademik Komiljon Zufarov nomidagi stipendiya sohibasi boʻldi. Bundan tashqari, akademiyamiz oʻtkazgan “Ibn Sino izdoshlari” yosh olimlar anjumanlari va boshqa turli konferensiyalarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarga munosib koʻrildi.
Intiluvchan talabamiz sogʻliqni saqlash sohasida diagnostika uchun transfer taʼlim usullari asosida grafik obyektlarni aniqlash modellarini ishlab chiqish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Albatta, bunday yutuqlarga erishish Dilbar uchun oson kechmadi. Yutuqlari ortida ulkan mehnat va tirishqoqlik, ustozlarining saʼy-harakati yotibdi.
U.ABDUJABBOROVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi katta oʻqituvchisi