Sohibqiron bobomiz Amir Temur saltanatida ham temirdek mustahkam tartib va aniq ijro ustuvor edi. “Tuzuklar” asarida bobomiz bunday qatʼiy talabni qoʻyadi: “... Sakkizinchi, qarorimga amal qildim va har ishga qaror qilsam, ul ishni himmatim oldiga tutdim va to ul ishni bitirguncha undin ilik koʻtarmadim”. Bu oltin qoida oʻlmas bir haqiqatni anglatadi: hatto eng ezgu, eng kuchli gʻoya ham ijrosi boʻlmasa, xalq orasida qadrini yoʻqotadi. Balandparvoz soʻzlar va qogʻozdagi quruq hisobotlarning davri oʻtdi.
Mutaxassislarning
minbarlardagi jarangdor nutqlaridan koʻra, ularning oʻz ishiga masʼuliyati,
madaniyati va har qanday sharoitda oʻzgarmaydigan intizomi jamiyat
taraqqiyotida hal qiluvchi kuchga aylanadi. Demak, intizom faqat maʼmuriy talab
emas, balki maʼnaviy pozitsiya hamdir.
Ilgʻor
mamlakatlar tajribasiga nazar
Taraqqiy
etgan davlatlar amaliyotida samaradorlik asosi intizom ekaniga koʻp misol
keltirish mumkin. Masalan, Yaponiyaning kaizen (doimiy takomillashuv) falsafasi
yoki Malayziyada davlat xizmatchilari uchun joriy etilgan qatʼiy axloq va ijro
standartlarida tizimlilik, vaqt qadriga yetishni koʻramiz. Yaponiyada kaizen
faqatgina korxonalarda emas, davlat xizmatlarida ham qoʻllanadi. U yerda davlat
idoralarida qogʻozbozlik va ortiqcha harakatni qisqartirish uchun qatʼiy 5S
(saralash, tartibga solish, tozalash, standartlashtirish, intizom) tizimi amal
qiladi. Aytaylik, xodim biror hujjatni izlashga 30 soniyadan ortiq vaqt
sarflamasligi zarur. Chunki “muda” (isrof) tushunchasi moddiy resurslar bilan
birga vaqtga nisbatan ham qoʻllanadi. Davlat xizmatchisining fuqaroni kuttirishi
eng ogʻir “muda” (vaqt isrofi)dir. Shu sababli Yaponiyada koʻp xizmatlar inson
omilisiz, zamonaviy texnologiyalar orqali soniyalarda amalga oshiriladi.
Yaponiyada
intizom — jamoaviy madaniyat, Malayziyada — jadal oʻsish strategiyasi boʻlsa,
Germaniyada qonun va jarayonning mutlaq ustuvorligidir. Germaniyada davlat
xizmatchilari “beamte” deb ataluvchi huquqiy maqomga ega. Bu maqomning
umrbodligi va davlatga sadoqati konstitutsiyaning 33-moddasi 4- va 5-bandlarida
mustahkamlab qoʻyilgan. Davlat xizmatchilari davlatga va konstitutsiyaga
sadoqati haqida qasamyod qiladi. Evaziga davlat ularni umrbod ish bilan
taʼminlaydi. Faqat qoidabuzarlik yoki korrupsiya ularni pensiya va ijtimoiy
himoyadan mahrum qiladi. Nemislar tezlikka emas, aniqlikka eʼtibor qaratadi.
Davlat idorasida uchrashuv soat 09:00 da belgilangan boʻlsa, hech kimning bir
daqiqa kechikishga yoki barvaqt kelishga haqqi yoʻq. Hech bir davlat
xizmatchisi qoidalarni oʻzicha talqin qilolmaydi.
Tilga
olingan mazkur uch davlat tajribasida bitta oʻxshashlikni ilgʻash mumkin: u
yerda tizim insonning kayfiyati yoki shaxsiy xohishiga qarab ishlamaydi. Qatʼiy
axloqiy qoidalar va vaqt menejmenti davlat apparatini his-tuygʻulardan xoli,
faqat fuqaro va jamiyat farovonligiga xizmat qiladigan mexanizmga aylantirgan.
Raqamli intizom arxitekturasi
Jahon
tajribasi yana shuni koʻrsatadiki, davlat boshqaruvida qatʼiy intizom va
taym-menejment oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi, albatta. Buning uchun kuchli
huquqiy baza, aniq reglament va ijroni nazorat qiluvchi zamonaviy mexanizm
zarur. Har qanday islohotning hayotiyligini taʼminlash uning qogʻozdan
amaliyotga qanchalik tez va sifatli koʻchishi bilan oʻlchanadi. Soʻnggi
yillarda mamlakatimizda ham davlat idoralari faoliyatini soat mexanizmi kabi
ishlashga yoʻnaltirish, qogʻozbozlikni qisqartirish, xizmatchilarning ijro
madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor
yoʻnalishiga aylandi. Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi
“Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi
organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy
javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi
hamda 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini
yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari
huquqiy zamin yaratmoqda. Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2021-yil 31-maydagi
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali
faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar
toʻgʻrisida”gi qarori davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini
mustahkamlash, idora va tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini
oshirishda dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Bundan
tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini nazorat qilishning yangi
mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan hukumat qarorlari
ijrosini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etildi. Mazkur hujjat
normativ-huquqiy hujjatlarni puxta ishlab chiqish va qabul qilishning
taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni keng jamoatchilik hamda aholiga
tezkor yetkazishda yagona tizim joriy etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqorida
sanab oʻtilgan huquqiy meʼyorlar va “Ijro.gov.uz” tizimining samaradorligini
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatida koʻrishimiz mumkin.
Idorada xorij tajribasi asosida tizimlilik, taym-menejment va inson omilidan
xoli qatʼiy nazorat mexanizmi ishlayotganiga guvoh boʻlamiz. Tizimning naqadar
tigʻiz va aniq algoritm asosida ishlaganini 2025-yilgi sarhisoblar ham
koʻrsatib turibdi.
Xususan,
yil davomida davlatimiz rahbarining 79 ta hujjati (farmon, qaror va bayonlar)
asosida 223 ta topshiriq ustida ishlandi. Shundan 146 tasining ijrosi toʻliq
taʼminlanib, nazoratdan yechildi va 65 ta topshiriq doimiy tusga ega boʻlgani
bois, keyingi muddatga oʻtkazildi, shuningdek, 12 ta topshiriqning bajarish
muddati 2026-yil etib belgilangan.
Prezident
Administratsiyasi rahbarining 17 ta hujjatidagi 31 ta topshiriq ijrosi boʻyicha
tegishli ishlar qilindi. Xususan, topshiriqlarning 20 tasi toʻliq bajarildi, 4
ta topshiriq keyingi muddatga oʻtkazildi va 7 ta topshiriqni bajarish muddati
2026-yil etib belgilangan.
Vazirlar
Mahkamasining 37 ta hujjatidagi 154 ta topshiriq boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga
qoʻyildi. Xususan, topshiriqlarning 125 tasi toʻliq uddalandi, 20 ta topshiriq
ijrosi 2025-yil uchun bajarilib, keyingi muddatga oʻtkazilgan, 9 ta topshiriqni
bajarish muddati 2026-yil etib belgilangan.
Raqamlar
tahlili shuni koʻrsatadiki, davlat rahbarining hujjatlarida belgilangan
topshiriqlar soni 2023-yildagi 104 tadan 2024-yilda 145 taga, 2025-yil yakuniga
koʻra esa 223 taga yetgan. Topshiriqlar koʻlamining qisqa davrda ikki
barobardan ziyodga ortishi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining
mamlakatdagi islohotlar jarayonida asosiy gʻoyaviy-maʼrifiy markaz sifatidagi
oʻrni keskin ortganini ifodalaydi.
Ayniqsa,
2026-yil birinchi choragining oʻzidayoq 204 ta topshiriq belgilangani
markazning qarorlar qabul qilish va mafkuraviy siyosatni muvofiqlashtirish
boʻyicha markaziy boʻgʻin sifatidagi faoliyati yangi bosqichga chiqqanini
anglatadi. Ushbu tendensiya nafaqat ish hajmining ortishini, balki maʼnaviy-tarbiyaviy
ishlar samaradorligini baholashda zamonaviy monitoring mexanizmlarini qoʻllash
hamda natijadorlikka yoʻnaltirilgan tizimli boshqaruvga oʻtish zaruratini
taqozo etmoqda.
Koʻrinib
turibdiki, raqamlashtirilgan “Ijro.gov.uz” tizimi davlat organlarida soat
mexanizmi kabi aniqlikni oʻrnatmoqda. Yuqoridagi raqamlar shunchaki navbatdagi
hisobot emas, bevosita jamiyat maʼnaviyati va maʼrifatiga masʼul boʻlgan
markaziy idora xodimlarining xalq oldidagi hisobdorligini koʻrsatuvchi amaliy
barometrdir.
Xalq bilan muloqot —
samaradorlik garovi
2026-yil
13-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida xalq murojaatlari
bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur
tahlil qilishga bagʻishlab oʻtkazilgan maxsus yigʻilishda aholi dardini
eshitish, har bir murojaatga adolatli va qonuniy yechim topish davlat
organlarining ustuvor vazifasi ekani alohida taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan,
masʼul tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish, murojaatlarni oʻz
vaqtida va sifatli koʻrib chiqish orqali aholi ishonchini mustahkamlash muhim
ahamiyat kasb etadi.
Mazkur
yondashuvlar asosida markaz tomonidan ham fuqarolar murojaatlarini tizimli
ravishda koʻrib chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz
doim taʼkidlab kelayotgan “xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari
xalq uchun xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida markazda fuqarolar bilan
ochiq va samarali muloqot izchil yoʻlga qoʻyilmoqda. Kelib tushgan murojaatlar
amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq atroflicha koʻrib chiqilib, har bir
masalaga huquqiy jihatdan asosli yechim topishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu esa aholi dardiga quloq tutish, murojaatlar bilan ishlashda masʼuliyat va
adolat tamoyillari ustuvor ekanini yaqqol koʻrsatadi.
Shu
bilan birga, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tatbiq
etilishi monitoring va tahlil tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Raqamli
platformalar imkoniyatidan foydalanish nafaqat murojaatlarni tezkor koʻrib
chiqish, balki takrorlanuvchi muammolarni ildizi bilan aniqlash va ularni
bartaraf etish boʻyicha tizimli yechimlar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.
Bu
esa, oʻz navbatida, hududlardagi dolzarb masalalarni barvaqt hal etish hamda
davlat boshqaruvida yuqori samaradorlikka erishish garovidir.
Taraqqiyot texnikasi
Davlat
xizmatchisiga xalq va davlat taqdiri ishonib topshiriladi. “Ijro.gov.uz”
tizimiga kelib tushgan har bir topshiriq yoki murojaat zamirida inson taqdiri
yotadi. Uni paysalga solish, oʻz vaqtida bajarmaslik yoki yuzaki yondashish
qonunan intizomiy jazo boʻlsa, sharqona maʼnaviyat mezonlarida omonatga
xiyonat, yaʼni ogʻir maʼnaviy javobgarlik sifatida baholanadi. Ijro intizomi bu
oʻrinda xodimning vijdon koʻzgusiga aylanadi.
Ijro
intizomi va taym-menejment tushunchalarini milliy qarashlarimizda ifoda
etadigan boʻlsak, maʼrifatparvar jadid bobolarimizning merosiga eʼtibor
qaratishimiz kerak. Abdurauf Fitrat isrofgarchilik deganda faqat toʻy-hashamlar
yoki mol-dunyo isrofini emas, birinchi navbatda, vaqt va umr isrofini nazarda
tutgan edi. Davlat idorasidagi byurokratiya, fuqaroning sarson qilinishi yoki
bitta hujjatning haftalab tasdiq kutishi millat vaqtini oʻgʻirlash, taraqqiyot
kushandasi va mudhish isrofgarchilikdir.
Mahmudxoʻja
Behbudiy ham maqolalarida taraqqiy etgan millatlarning asosiy siri ularning
qatʼiy intizomi va tartibida ekanini kuyinib yozgan. Jamiyatni oʻzgartirish
uchun quruq his-tuygʻular yetarli emasligi, qilingan har bir niyat (topshiriq)
aniq va muddatli harakatga aylanishi kerakligini uqtirgan.
Jadidlarimizdan
keyingi ziyolilar avlodi faoliyatiga nazar tashlasak ham intizom va tartib ular
uchun eng muhim tayanch boʻlganiga ishonch hosil qilamiz. Masalan, atoqli
navoiyshunos olima, Oʻzbekiston Qahramoni Suyima Gʻaniyeva bir suhbatida
“Mening hayotda va ilmda erishgan barcha yutuqlarimga faqat muntazamlik, qatʼiy
intizom sabab boʻlgan”, degan edi.
Yangi
Oʻzbekistonda joriy qilingan raqamli nazorat tizimi aslida ana shu ichki
madaniyatni shakllantirishga qaratilgan turtkidir.
Inson
tabiatan qulaylikka va xotirjamlikka moyil. Qatʼiy intizom xodimda, avvalo,
oʻzini oʻzi nazorat qilish, vaqtni qadrlash va oʻz kasbiga sadoqat hissini
tarbiyalaydi. Ayniqsa, jamiyatning maʼnaviy qiyofasi uchun bevosita masʼul
boʻlgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimida ijro intizomi
alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki maʼnaviyatni targʻib qiluvchi ziyo maskani
oʻz faoliyatida ochiqlik va xalq bilan muloqot (murojaatlar bilan ishlash
madaniyati)da boshqa barcha idoraga oʻrnak boʻlishi eng muhim maʼnaviy
masʼuliyatdir.
Soʻz,
amal va masʼuliyat tutashgan yerda yuksalish boshlanadi. Bugun maʼnaviyat
minbarlarda emas, elektron tizimlardagi shaffoflikda, fuqaroga oʻz vaqtida
berilgan javobda namoyon boʻladi. Chunki zamonaviy davlatda maʼnaviyat hissiyot
emas, balki ishlaydigan tizimdir.
Shunday
ekan, haqiqiy ziyolilik balandparvoz gapirishda emas, muntazamlikda,
topshiriqni oʻz vaqtida ado etishda bilinadi.
Intizom
— taraqqiyotning texnikasi, masʼuliyat esa uning maʼnaviy drayveridir.
Otabek HASANOV,
Respublika Maʼnaviyat va
maʼrifat markazi rahbari