Лого Лого-пв-уз

    Jaholatga qarshi maʼrifat bilan

    Madaniyat 30 Noyabr 2021 6512

    Nazar solsangiz, dunyo yaralishida aksar zalvarli yaratilmish mavjudotlar yettilik borasida soʻz ketadi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi ham aynan yetti yoʻnalishdan iborat etib belgilangani bejiz emas.

    Yetti ustuvor vazifani amalga oshirishga ulugʻ niyatlar bilan qadam qoʻyilmoqda. Albatta, bu oʻziga yarasha katta xayriyat va barakotni tilak-istak qilib, hujjatlarga jo etilganidir. Muhtaram Prezidentimizning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida Taraqqiyot strategiyasining yettita eng ustuvor yoʻnalishlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtgan edi.

    Mazkur ustuvor vazifalarning beshinchisida “Muqaddas islom dinimizning insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili asosida unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat beramiz. Sizlarga maʼlumki, Oʻzbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlikdir, desam, oʻylaymanki, barchangiz bu fikrga qoʻshilasiz”.

    Haqiqatda, oʻtgan qisqa davr ichida jamiyatimizning bosh mezoni maʼnaviyat hamda muqaddas dinimizning insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish, “jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili asosida beqiyos oʻzgarishlar boʻldiki, bu oʻzgarish barcha jabhalarda, jumladan, dinimiz sohasida ham imkoniyatlarning tojiga aylandi. Eʼtibor qilsangiz, Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari bilan islom dini rivoji yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

    Toshkent shahrida barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos oʻrin tutadigan ilm-maʼrifat markaziga aylanadi. Tashkil etilgan xalqaro markazlar oldiga sakkiz banddan oʻn bir bandgacha boʻlgan muhim vazifalar belgilab berildi. Bu bilan markazlar maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirishga, hozirgi va kelgusi rivojlanishimiz uchun xizmat qilishga mustahkam poydevor boʻla oladi.

    Birgina Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, markaz oz fursatda Misr, Turkiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniyadagi xalqaro islom markazlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻymoqda. Uch yil davomida Markaz tomonidan buyuk allomalarimizning 30 ga yaqin asari tarjima qilindi. Yaqinda Markaz olimlari tomonidan Imom Moturidiyning dunyoga mashhur “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobi ilk marta oʻzbek tiliga oʻgirildi. Hech mubolagʻasiz, ayni noyob asar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1100-yildan soʻng xalqimizga oʻz ona tilida qaytarib berildi.

    Oʻzining bebaho asarlari bilan islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi allomalarimiz asarlarini oʻrganish, tadqiq etish, oʻzbek tilida ularning tarjima va sharhlarini, tanqidiy matnlarini tayyorlash – oson ish emas va hammaning ham qoʻlidan kelmaydi. Buning uchun qancha bilim va tajriba, qancha sabr-toqat kerak. Eng muhimi, Alloh bergan isteʼdod, nozik did va farosat darkor.

    Bir soʻz bilan aytganda ushbu markazlar xalqimizga islom dinining asl taʼlimotlarini yetkazishga xizmat qilmoqda. Yoshlarimizning yot oqimlar taʼsiriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga ragʻbatlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalashda “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu gʻoyasi asosida faoliyat yurituvchi ushbu muassasalar oʻta muhim ahamiyatga ega.

    Bundan tashqari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiydek ulugʻ ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi ochildi. Eng zamonaviy jihozlar, pedagogik texnologiyalar bilan taʼminlangan ushbu taʼlim muassasasiga dunyoning mashhur Al-Azhar universitetidan professor-oʻqituvchilar jalb etildi.

    Buxoro viloyatidagi mashhur diniy taʼlim muassasasining musulmon dunyosidagi oʻrni va nufuzi, diniy xodimlar tayyorlashdagi ahamiyatini eʼtiborga olib, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Qayd etish joizki, Mir Arab madrasasi oʻz faoliyati davrida nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham diniy va dunyoviy bilimlarni puxta oʻzlashtirgan kadrlarni yetishtirib chiqargan. Bugun Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlardagi nufuzli ulamolar aynan Mir Arab madrasasining bitiruvchilari hisoblanadi.

    Qolaversa, Yurtboshimiz 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan oʻzining qatʼiy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan, shunday degandi: “Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotida Oʻzbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida ham soʻzladi. Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra betakror loyiha boʻlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.

    Oʻtgan yillar davomida Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurilish maydoniga bir necha bor tashrif buyurib, uning ahamiyati, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ezgu umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalashdagi oʻrni toʻgʻrisida muhim taklif va tashabbuslarni bildirdi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo 100 dan oshiq davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ushbu rezolyutsiya bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

    Shu maʼnoda, mamlakatimizdagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan dunyoning yetakchi islomshunoslik markazlari bilan hamkorlikda buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar oʻtkazilmoqda. Xususan, 2020-yilning 3-4-mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi. Konferensiyada dunyoning 15 mamlakatidan 55 nafar taniqli ulamolar, muftiylar, moturidiyshunos ekspertlar, 100 nafar mahalliy olim va tadqiqotchilar qatnashdi. Jumladan, Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Tayyib boshchiligidagi 19 nafar misrlik martabali diniy arboblarning ishtiroki konferensiyaning xalqaro maqomini yanada oshirdi. Ahmad Tayyib oʻsha konferensiyaning yuqori saviyada tashkil qilingani, yuksak darajada eʼtibor koʻrsatilgani hamda “Samarqand shahrining faxriy fuqarosi” maqomiga munosib koʻrilgani uchun Oʻzbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorligini aytgandi.

    Shukurki, soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi izchil islohotlar koʻlami va ahamiyati jihatidan gʻoyat muhim hisoblanib, Oʻzbekistonning musulmon dunyosida islom sivilizatsiyasi markazi sifatida eʼtirof etilishiga sabab boʻlmoqda.

    Abdulhay Tursunov,
    Oʻzbekiston musulmonlari idorasining
    Namangan viloyatidagi vakili,

    viloyat bosh imomi.