Yurtimizda turli sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda buyuk allomalar merosini tadqiq etishni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida bir qancha xalqaro maqomdagi tadqiqot markazlarini ochilgani, oʻz yoʻnalishi boʻyicha benazir Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi xalqimiz maʼnaviy hayotida muhim voqelik boʻldi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi tomonidan “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya oʻtkazildi.
Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zohidjon Islomov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Globallashuv jarayonida islomni tushunish uchun maʼrifat suv va havodek zarurligi, jaholatni faqat maʼrifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyati teran anglayotgani qayd etildi.
Shuningdek, konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanning yildan-yilga nufuzi oshib borayotganini bildirib, ishtirokchilarni samimiy muborakbot etdi.
Anjumanda Oksford islom tadqiqotlari markazi professori Mustafo Usmon Amin, Rossiya Federatsiyasi Bulgʻor islom akademiyasi professori Muhammad Ayman Zahroviy, Sarbonna universiteti doktori Muhammad Toualbia, Marmara universiteti professori Xulya Alper, Anqara universiteti tadqiqotchisi Mine Demirbilek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari, taniqli islomshunos olimlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari, xorijdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchi va magistrantlari ishtirok etdi.
Darhaqiqat, globallashuv turli sohalarda taraqqiyot surʼatlarini oʻsishida muhim omil boʻldi. Uning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi oʻrnini biror vosita bilan qiyoslab boʻlmaydi. Shu bilan birga globallashuv media olamida va xalqaro tarmoqda din-eʼtiqodni toʻgʻri anglash, sogʻlom dunyoqarash-tafakkurni shakllantirishdagi muammolarni koʻrsatib berdi. Mazkur muammolardan kelib chiqqan holda anjumanda “Dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot: oʻtmish, hozir va kelajak”, “Oliy islom taʼlimini rivojlantirishda yutuqlarga ega boʻlgan oʻzbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi”, “Islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining anʼanalari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasi” kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Tadbirda “Islom tushunchasida globallashuv: muammolar va imkoniyatlar”, “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari”, “Diniy taʼlim metodologiyasi hamda uning Vatanga muhabbatni oʻstirishdagi ahamiyati”, “Bugungi kunda islomni qanday tushunamiz?”, “Globallashgan dunyoda islom: vizuallik hukmronligi ostida maʼnoning yoʻqolishi muammosi”, “Moturidiya taʼlimotida din va siyosat masalasi” kabi mavzulardagi maʼruzalar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Konferensiyaga mahalliy va xorijiy olimlar va tadqiqotchilarining 100 ga yaqin maqolasi taqdim qilingani uning ahamiyati va nufuzini belgilab beradi. Shulardan 20 ga yaqini xorij olimlari va tadqiqotchilarining maqolalari. Mazkur maqolalar tahrir hayʼati tomonidan koʻrib chiqilib, toʻplamga 70 dan ziyod maqola kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Ishtirokchilar eʼtirofiga koʻra, mazkur xalqaro anjuman dinning mohiyatini teran anglashda, islom taʼlimotini toʻgʻri tushunish va anglashda, yoshlar ongida turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi immunitetni shakllantirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, “Jaholatni faqat maʼrifat bilan yengish mumkin”ligi nufuzli olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan alohida taʼkidlandi.
Muxtasar aytganda, 2018-yil 12-dekabrda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” xalqaro rezolyutsiyasidan soʻng jahon ommaviy axborot vositalarida yangragan munosabat konferensiyaning yakuniy xulosasi boʻldi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati