Uchrashuv davomida oʻzaro hamkorlikning joriy holati, loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, Jahon bankining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi. Xususan, 2020-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha Bank kredit mablagʻlarining 1 milliard dollardan ziyod qismi oʻzlashtirilganligi taʼkidlandi. Bu, Jahon banki vakillarining soʻzlariga koʻra, mintaqada eng yaxshi koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston tomoni pandemiya sharoitida Jahon banki COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni targʻib qilishda oʻz vaqtida va samarali qoʻllab-quvvatlaganini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, aynan ushbu yoʻnalishlardagi izchil ishlar natijasida pandemiyaning dunyo iqtisodiyotiga salbiy taʼsiriga qaramay, Oʻzbekiston 2020-yilda iqtisodiy oʻsishga erishgan kam sonli davlatlardan biriga aylangani eʼtirof etildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida kelgusi besh yilga moʻljallangan Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi hamkorlikning yangi dasturini shakllantirish boʻyicha ishlab chiqilayotgan loyihalarni va rejalashtirilgan tadbirlarni tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

“Mozori Sharif – Kobul – Peshavor” temir yoʻl loyihasi hayotga tatbiq etilishining amaliy jihatlarini muhokama qilishga bagʻishlangan Afgʻoniston, Pokiston va Oʻzbekiston Hukumatlari delegatsiyalari ishtirokida boʻlib oʻtadigan yuqori darajadagi uch tomonlama muzokaralarga alohida eʼtibor qaratildi. L.Burunchuk, ushbu loyihaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining dinamik iqtisodiy oʻsishini taʼminlash, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va tranzit salohiyatini tubdan yuksaltirish nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatini taʼkidlab, Jahon banki rahbariyati uning muhimligini toʻliq anglayotgani va Oʻzbekiston Hukumatining uni ilgari surish boʻyicha qatʼiy saʼy-harakatlarini olqishlayotganini aytdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, infratuzilma va ijtimoiy sohani zamonaviylashtirishga alohida urgʻu berilib, Oʻzbekistonni barqaror rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, sheriklikni mustahkamlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.