Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 153 million dollar miqdorida imtiyozli kredit va grantlar ajratiladi.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyoning beshta davlatida oʻrmonlar va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga koʻmaklashish boʻyicha mintaqaviy dasturning bir qismi hisoblanadi.
Loyiha mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini oshirish va oʻrmonlarni qayta tiklash, shuningdek, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan transchegaraviy tabiiy hududlarni qayta tiklash boʻyicha hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan. Tegishli loyiha tadbirlari mamlakatning oltita hududida, jumladan, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshiriladi.
Loyiha hukumatga Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi maqsadlariga erishishda yordam beradi. Ular orasida oʻrmonlar maydonini oʻn yillik oxirigacha 6,1 million gektarga yetkazish ham bor.
Yerlari degradatsiyaga uchragan hududlarga daraxtlar ekish orqali loyiha mahalliy landshaftlarning barqarorligini va oziq-ovqat tizimlarining mahsuldorligini oshiradi, aholining turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va shu sohada ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.