Jahon banki Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish uchun 500 million dollar ajratadi

    Agrosektor 12 Iyul 2020 3789

    Joriy yilning 11-iyul kuni Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki mamlakat qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 500 mln dollarlik qarz bitimini imzoladilar.

    Oʻzbekiston tomonidan bitimini Bosh vazirning oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktor L.Burunchuk imzoladilar.

    Imzolash marosimida Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mantovanelli, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev hamda Bank va tegishli idoralarning boshqa vakillari ishtirok etdilar.

    Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 mln dollar va 224 mln dollar miqdorida moliyalashtiriladi.

    Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim sohalaridan biri hisoblanadi: uning YAIMdagi ulushi 28 foizni, ushbu sektorda band boʻlgan mehnatga layoqatli aholining ulushi 27 foizni (3,6 million kishi), mamlakatning umumiy eksportidagi ulushi esa 10 foizni tashkil etadi. Ushbu soha yuqori iqtisodiy oʻsishni namoyish etib kelmoqda hamda xususiy sektor rivojlanishining drayverlaridan biri hisoblanadi.

    2017-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzgarishlar Oʻzbekiston hukumatining keng islohotlar dasturining muhim qismiga aylandi. Ushbu islohotlarning maqsadi - qishloq xoʻjaligidagi paxta va bugʻdoy ulushini kamaytirish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni, shu jumladan, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada mehnat unumdorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotini eksportini koʻpaytirish, tarmoqni yana-da modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishdir.

    Kredit shartnomalarni imzolash marosimida Sardor Umurzakov - “Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar qishloq joylarida koʻproq haq toʻlanadigan ish oʻrinlarining yaratilishiga, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlanishiga va Oʻzbekiston fermerlari va agrosanoat korxonalarining eksport daromadlarini oʻsishiga imkon beradi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun hukumat Jahon banki va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha qishloq xoʻjaligini bozor va raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishga hissa qoʻshadi, shuningdek, qishloq xoʻjalik ishlab chiqaruvchilarimizga davlat xizmatlari taqdim etilishini sezilarli darajada yaxshilaydi”, deb qayd etdi.

    Ushbu loyiha tufayli Oʻzbekistonning barcha mintaqalaridagi fermerlar va agro korxonalari vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahatlar, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qoʻllab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oʻsishi hisobiga ularning ichki va xalqaro bozorlarda ishtiroki kengayadi.

    Shuningdek, loyihada mahalliy tijorat banklarining ishtiroki tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish, issiqxona hujaliklarini tashkil etish hamda mahsulotlarni saqlash, qadoqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratish, shuningdek, energetik va suvni tejaydigan texnologiyalar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olishni nazarda tutgan holda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha qiymat zanjirlarini koʻpaytirish uchun ulardan foydalanish istiqbollari bilan uzoq muddatli kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Shuningdek, loyiha Oʻzbekistondagi qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish, amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish va tarmoqqa ilgʻor ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. Loyiha tadbirlari urugʻchilikni rivojlantirish, yer va suv resurslarini boshqarish, muayyan hududlarga moʻljallangan agroekologik iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Oʻzbekistondagi oʻsimliklarning noyob genetik materiallarini saqlash masalalariga qaratilgan boʻladi.

    “Jahon banki xususiy sektor ulushini oshirish va tarmoqda davlat ishtirokini kamaytirishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan Strategiyasini amalga oshirishga yordam berishdan hursand”, dedi Marko Mantovanelli. "Bu yilda, Oʻzbekistonda COVID-19 pandemiyasi tufayli inqirozga uchragan boshqa sohalardan farqli oʻlaroq, qishloq xoʻjaligi oʻsishni namoyish etishi kerak. Bu oziq-ovqat mahsulotlariga doimiy mavjud boʻlgan talab bilan bogʻliqdir. Tarmoq mamlakat iqtisodiyotini tiklash lokomotivlaridan biriga aylanishi mumkin. Bunday qiyin kunlarda yangi loyiha minglab fermerlar va agrokorxonalar vakillariga ishlab chiqarishni oshirishga va oʻz mahsulotlari eksportini koʻpaytirishga yordam beradi.

    Taʼkidlash kerakki, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yilida hujjatlarni imzolash elektron imzo bilan amalga oshirildi va Jahon bankining mintaqada ushbu formatda imzolangan birinchi hujjatiga aylandi.

    2017-yilda Oʻzbekistonda islohotlar boshlanishi bilan Jahon bankining moliyaviy va texnik yordami sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda tashkilotning umumiy qiymati 4,4 mlrd AQSH dollariga teng 23 ta loyihadan iborat boʻlgan Oʻzbekiston boʻyicha dasturi Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturi hisoblanadi. Bank hukumatga turli sohalarda, jumladan, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimlarini, suv taʼminoti, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasining sogʻliqni saqlash tizimiga, iqtisodiyot va aholi farovonligi salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha inqirozga qarshi dasturni amalga oshirishda muhim yordam koʻrsatmoqda.

    Maʼlumot uchun: Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) Jahon bankining asosiy kredit beruvchi muassasasi boʻlib, ayni paytda 189 aʼzo davlatga tegishli global rivojlanish tashkiloti hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik rivojlanish banki sifatida, XTTB Jahon banki guruhining missiyasini kreditlar, kafolatlar, tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha mahsulotlar va maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali qoʻllab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, XTTB mintaqaviy va global muammolarga javob choralarini muvofiqlashtiradi.

    Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) Jahon bankining tarkibida 1960-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning faoliyati iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, tengsizlikni kamaytirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash dasturlarini amalga oshirish uchun kreditlar va grantlar taqdim etish orqali kambagʻallik masshtabini kamaytirishga yoʻnaltirilgandir.