Tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shu jumladan, qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar.

Oʻzbekistonning Jahon banki bilan konstruktiv hamkorligi mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar natijasida yangicha tus olgani alohida taʼkidlandi.

Jahon banki rahbari pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsish kuzatilayotgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri ekanini taʼkidladi.

A. Byerde soʻnggi 5 yilda amalga oshirilgan samarali islohotlar tufayli respublika COVID-19 pandemiyasiga muvaffaqiyatli qarshi kurasha olgani hamda keyingi muhim oʻzgarishlar uchun barqaror zamin yaratganini taʼkidladi. Jahon banki loyihalar va dasturlar orqali bu yoʻlda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, tomonlar 2021-2022-yillarda yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini davom ettirish va inson kapitalini oshirishda Bank tomonidan taklif etiladigan istiqbolli loyihalarni ham muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. Oʻzbekistondagi islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga Jahon bankining ham tayyor ekani taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.