Ushbu xalqaro anjumanga yoʻl 9 fevral kuni Toshkentning Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyida boʻlib oʻtgan tantanali umummilliy va umuminsoniy tadbirdan boshlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi Oʻzbekistonda sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning ibratli hayoti va ijodi yanada teran oʻrganilmoqda, targʻib etilmoqda, xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda. Jumladan, bu yilgi ayyomda ulugʻ shoirning “Lison ut-tayr” asari italyan tiliga tarjima qilinib, nashr etilgani jahon navoiyshunosligi va badiiy tarjima tarixida ulkan voqea boʻldi. Italiyalik hamkasbim “Sandro Teti Editor” nashriyoti rahbari Sandro Teti janoblari Rimdan keltirgan — Sharq miniatyurasi durdonalari bilan bezatilgan, jahon matbaachilik sanʼati tamoyillari asosida chop etilgan muhtasham kitobni varaqlab koʻrarkanman, faxrlandim.
Qirgʻizistonning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Duyshunqul Chotonovning qoʻshni davlatda Alisher Navoiy haykali oʻrnatilgani va soʻlim bogʻ barpo etilgani hamda bu xiyobon obod manzilga aylantirilgani haqidagi dil izhorlarini tinglar ekanman, bobomiz qoldirgan nazmiy chamanlardan butun dunyo bahramand boʻlib kelayotganini oʻylab, koʻnglimdagi iftixor ikki karra oshdi.
Turkiyaning Anqara shahrida, nafaqat Oʻzbekistonning, balki barcha turkiy tilli xalqlarning, turkiy tilli davlatlar adabiyotining qutlugʻ sanasiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirlar Alisher Navoiy hazratlarining qariyb olti asrdan buyon davom etib kelayotgan yana bir jahonshumul zafarli yurishi boʻldi.
Nihoyat 12 fevral kuni ana shunday koʻtarinki taassurotlar ogʻushida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida bir guruh shoirlar va olimlar bilan Toshkent aeroportidan Anqara shahriga uchdik.
Turkiyada Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar avvalida Anqara shahri Kechioʻren tumanida qad rostlagan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyildi. Bobomiz siymosi butun salobatiyu donishmandligi, arbobligiyu shoirligi bilan ifodalangan mazkur yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz uch yilligi munosabati bilan ochilgan. Gul qoʻyish marosimida TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Kechioʻren tumani rahbariyati, turkiy mamlakatlardan kelgan taniqli adiblar, olimlar va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
TURKSOYning Anqara shahridagi bosh qarorgohida “Alisher Navoiy — turkiy adabiyotning buyuk namoyandasi” mavzusida anjuman oʻtkazildi. Tashkilot bosh kotibi Sulton Rayev ushbu xalqaro tadbir ochilishida Navoiy shaxsini turkiy dunyoning umumiy vijdoni va tamadduniy timsoli sifatida eʼtirof etdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda ajdodlar merosiga koʻrsatilayotgan eʼtibor yuqori darajada ekanini taʼkidladi. Xususan, Prezidentimizning adabiyot va madaniyatni qoʻllab-quvvatlash, Alisher Navoiy merosini yosh avlodga yetkazish borasidagi saʼy-harakatlari haqida havas bilan gapirdi.
Tadbir doirasida oʻtkazilgan nafis majlislarda Alisher Navoiy asarlarining Oʻzbekistonda va xalqaro miqyosda oʻrganilishi, qoʻlyozmalarni ilmiy tadqiq etish, nashr va tarjima qilish ishlari haqida maʼlumot berildi. Bu ulugʻ adabiy merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish hamda yosh avlod ongiga singdirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Alisher Navoiy merosining umumbashariy ahamiyati haqida ham soʻz borib, shoir nafaqat turkiy xalqlarning, balki butun insoniyatning maʼnaviy dahosi ekani taʼkidlandi. Navoiy asarlarining bugungi talqini, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati va adabiy tafakkur taraqqiyotidagi oʻrni haqida ham salmoqli fikrlar bildirildi.
Bugun jahon adabiyotshunosligi va adabiy muhiti turkiy dunyoning mumtoz adabiyoti, xususan, Alisher Navoiy asarlarini oʻrganishga faol yondashayotir. Jumladan, “Xamsa” ozarbayjon tiliga toʻliq tarjima qilinib, Bokuda nashr etildi. “Mahbub ul-qulub” risolasi ozarbayjon, qozoq, qoraqalpoq tillariga oʻgirildi. Shu tariqa dunyo boʻylab buyuk shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy va badiiy asarlar chop etib kelinmoqda. Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Xamsa hayratlari” doston-manzumasi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani kabi yangi asarlarda bobomiz siymosi, oʻsha tarixiy davr tasvirlangani, ayni paytda zamonamizdagi islohotlar ifodalangani bilan muhim.
Anjumanda Qozogʻistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Yerkebulan Sapiyev, Turkmanistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Mekan Ishanguliyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti rektori, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muso Kozim Arijon, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulugʻbek Eshdavlat, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, shuningdek, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Turkmanistondan navoiyshunos olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, akademik Shuhrat Sirojiddinov turkiy dunyoning madaniyati va adabiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshgani uchun Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOYning oltin medali bilan taqdirlandi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov TURKSOY medali bilan mukofotlandi.
Turkiya Yozuvchilar uyushmasida Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Anqara ijtimoiy fanlar universitetida esa “Alisher Navoiy va turkiy dunyo” mavzusida ilmiy anjuman oʻtkazildi. Tadbirni Oʻzbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov hamda Anqara ijtimoiy fanlar universiteti rektori, professor Muso Kozim Arijon ochib berdi. Shundan soʻng anjuman ikki shuʼbaga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi. Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Turkmanistondan kelgan soha mutaxassislari, olimlar va yozuvchilar Navoiy shaxsiyati, qarashlari va turkiy dunyo tafakkuriga qoʻshgan hissasi haqida atroflicha soʻz yuritdi.
Kitob nashri bilan shugʻullanadigan noshirlarni Yevropada joylashgan turkiy mamlakatda turli tillarda nashr etilayotgan kitoblar, kitob koʻrgazmalari, kutubxonalar faoliyati qiziqtiradi. Shu bois, Turkiyadagi mashhur “Xalq kutubxonasi”ga kirganimizda koʻzim yashnab ketdi. Bunday kitob saroyida boʻlish, nihoyatda koʻplab nusxadagi kitoblar oldida abadiyatni his etib turishning gashti oʻzgacha. Bu kutubxonadan Alisher Navoiy bobomizning ham kitoblari oʻrin egallagan. Delegatsiyamiz rahbari Sirojiddin Sayyid kutubxona mutasaddilariga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Turkiya “Xalq kutubxonasi”ga kitoblar hadya qilishga vaʼda berdi.
Ijodiy safar davomida Turkiyaning Koʻniyo shahriga sayohat qilib, Jaloliddin Rumiy qabrini ziyorat qilganimiz koʻnglimizni gʻoyat yorishtirdi.
Nodir SUVONOV,
“ADABIYOT” nashriyoti
bosh direktori