Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida davlat tilining nufuzini oshirish, oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlik hamda aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor berilgan.

Farmonda, shuningdek, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti atoqli namoyanda­larining tavallud sanalarini munosib nishonlash, kitobxonlik bayramlari oʻtka­zish, ijodiy merosini keng ommalashtirish lozimligi qayd etilgan. Xususan, shoir va mutafakkir Lutfiy tavalludining 660-yil­ligi, jadid dramaturgiyasining atoqli na­moyandasi Abdurauf Fitrat tavalludining 140-yilligi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludining 100-yilligi, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 90 yilligi, Oʻzbe­kiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda Oʻzbekiston xalq yozuv­chisi Oʻtkir Hoshimov tavalludlari­ning 85 yilligini keng nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish vazifasi topshiril­gan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning turmush oʻrtogʻi Maryam opa Yoqubova-Shariatullayeva yuqorida­gi farmon munosabati bilan muxbiri­mizga quyidagilarni gapirib berdi:

— Toʻgʻrisini aytaman, ushbu farmon ha­qida eshitganimda boshim osmonga yetdi. Fursatdan foydalanib, buning uchun davla­timiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildi­raman.

Yoshim bir kam toʻqsonda. Odil Yoqubov bi­lan salkam oltmish yil birga yashadik. Koʻp­lab asarlari qanday yaratilganiga guvohman, aksariyat hikoya, qissa va romanlarining bi­rinchi oʻquvchisi, birinchi muharriri boʻlgan­man.

Yashirib nima qildim, “Ulugʻbek xazina­si”, “Koʻhna dunyo”, “Diyonat” kabi dunyo tan olgan romanlar yaratgan, asarlari 50 dan ortiq tilga tarjima qilingan, koʻp yillar davlat va jamoat arbobi boʻlgan yozuvchining nomi nahotki unutilib ketsa, degan fikrlar asrimiz boshida xayolimni tark etmay qoʻy­gandi.

Lekin kutilmaganda 2019-yilning 7-mart kuni Prezidentimiz meni — marhum Odil Yoqubovning bevasini Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida yuksak davlat mukofo­ti — “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotla­di. Ordenni olayotgan paytimda koʻzimdan tinmay quvonch yoshlari oqardi. Buni koʻrgan davlatimiz rahbari “Odil aka dunyo taniydi­gan, buyuk asarlar yaratgan yozuvchi edi. Siz shu asarlarning yaratilishiga hissa qoʻshgansiz, u kishiga sharoit yaratib bergansiz, ilhomlan­tirgansiz. Biz shuni eʼtirof etishni zarur deb topdik. Kelajakda u kishiga va yaratgan asarlariga, merosiga bundan ham katta eʼti­bor beriladi. Chunki Odil aka shu diyordan chiqqan buyuk allomalarni oʻz asarlari bilan dunyoga tanitgan adib edi”, degani hali-ha­mon qulogʻim ostida jaranglab turibdi.

Bu yuksak mukofotni Prezidentimizning oʻzi topshirgani faqat meni emas, koʻpchilikni hayratga soldi. Buni adabiyotga, kitobga, mar­hum yozuvchi va shoirlar ruhiga hurmat, eʼtibor, eʼtirof, ehtirom namunasi deb bildim. Meni bu mukofot bilan nafaqat yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat ahli, balki adibning mux­lislari — oddiy kitobxonlar ham chin dildan tabrikladi. Oʻsha kunni hamon quvonch, oʻzgacha bir entikish bilan eslayman.

Bu haqida xabar topgan marhum turmush oʻrtogʻimning Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi yozuvchi doʻstlari, shogirdlari ham quvonchla­rini izhor etdi. Qozoq yozuvchisi, professor Qulbek Ergʻubek telefon orqali tabriklar ekan, bu xayrli ishdan mashhur qozoq adibi Muxtor Shoxonov hayratga tushganini yashir­madi. U “Vafot etib ketganimizdan keyin davlat rahbari tomonidan bizning bevalari­mizga ham shunday eʼtibor va ehtirom koʻrsa­tilsa, qani edi...”, debdi.

Shu oʻrinda yana bir narsani alohida taʼ­kidlab oʻtmasam boʻlmas. Toʻqsoninchi yil­larning boshida Odil aka Vazirlar Mahka­masi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasi raisi edi. Oʻsha paytda gazeta va jurnallar­da, odamlar oʻrtasidagi muloqotlarda ham goʻyo ona tilini xorijiy soʻzlardan tozalash bahonasida rayonni nohiya, universitetni dorilfunun, fakultetni kulliyot, samolyot­ni tayyora, aeroportni tayyoragoh kabi soʻz­lar bilan atash anʼanaga aylana boshladi. Bu tilga bepisandlikdan boshqa narsa emas­di, albatta. Shuning uchun qoʻmita tashkil etilgandi.

Oʻsha kunlarning birida Odil aka uyga uch-toʻrt doʻsti bilan kirib keldi. Kayfiya­ti juda aʼlo edi. Bilsam, oʻsha kuni qoʻmita aʼzolari poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani va hududda joylashgan korxonalarda oʻzbek tilining qoʻllanishi boʻyicha oʻrganish oʻtkazgan ekan. Kayfiyati aʼloligining saba­bini soʻragandim, turmush oʻrtogʻim: “Tuman hokimi Shavkat Mirziyoyev qilayotgan ishlar­ni koʻrib, toʻgʻrisi, xursand boʻldik. Yosh, ish­chan va oʻta ziyoli yigit ekan. Ishi boshidan oshib-toshib yotgan boʻlsa-da, oʻzbek tilining tatbiq qilinishini oʻz nazoratiga olibdi. Qani endi, shunday ishchan hokimlar Oʻzbe­kistonda koʻproq boʻlsa”, dedi.

Xuddi shunday holat 1997-yilda Jizzax viloyatiga borib kelganidan keyin yana qay­tarildi. Oʻsha paytda viloyatda hozirgi dav­latimiz rahbari hokim edi. Demoqchimanki, Shavkat Mirziyoyev qayerda ishlamasin, hami­sha til, adabiyot, sanʼat, madaniyat, maʼnaviyat rahnamosi, jonkuyari boʻlib kelgan, kitob targʻiboti bilan shugʻullangan. Eng quvonar­lisi, bugun shu xayrli anʼana mamlakatimiz boʻylab davom etmoqda. Buni faqat oʻzbekis­tonliklar emas, dunyo eʼtirof etyapti.

Odil aka qirgʻizistonlik buyuk adib Chingiz Aytmatov bilan yaqin doʻst boʻlga­nini koʻpchilik yaxshi biladi. Ular birga­likda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasini boshqardi. Bundan tashqa­ri, Odil aka dogʻistonlik Rasul Hamzatov, boshqirdistonlik Mustay Karim va Axiyor Hakimov, qalmiqiyalik David Kugultinov, ukrainalik Oles Gonchar, belaruslik Vasil Bikov, rossiyalik Viktor Astafyev va Ser­gey Boruzdin, gruziyalik Chabua Amiredji­bi va Nodar Dumbadze, abxaziyalik Fozil Iskandar, ozarbayjonlik Anor, armanis­tonlik Silva Kaputikyan, tojikistonlik Moʻmin Qanoat, qozogʻistonlik Oʻljas Su­laymonov, Muxtor Shoxonov, Abdijamil Nurpeisov, turk adibi Aziz Nesin va boshqa koʻplab mashhur shoir hamda yozuvchilar bilan yaqin doʻst edi. Ularning deyarli hammasi Oʻz­bekistonga tez-tez kelib turardi, koʻpchili­gi xonadonimizda mehmon boʻlgan.

Oʻsha davrda “oʻzbeklar ishi”, “paxta ishi” kabi kampaniyalar boshlanganda Odil aka Moskvadagi markaziy nashrlarda xalqimiz­ni himoya qilib maqolalar chiqardi, Oliy sovet sessiyalarida nutqlar soʻzladi. Shun­day qiyin paytlarda yuqoridagi tilga olin­gan doʻstlari Odil akani qoʻllab-quvvatladi, yonida turdi. Chingiz Aytmatov esa “Pravda” gazetasida oʻzbeklar buyuk xalq ekanini is­botlab, maqola chiqardi. Ilohim, bunday kun­lar boshqa qaytib kelmasin.

Prezidentimizning farmonida koʻzda tutilgan keng qamrovli tadbirlar qatori Odil Yoqubovning yubileyi respublika miqyosida nishonlanishi ulugʻ adib ruhini shod etadi. Bu faqat oilamiz aʼzolari emas, yozuv­chi asarlari muxlislari, barcha kitobsevar doʻstlarimiz uchun ham katta sovgʻa boʻldi deb oʻylayman va bu xayrli, savobli ishlarning boshida turganlarga yana bir marta minnat­dorlik bildiraman.